Skip to content

Mijoz qarzini to'ladi — qanday kiritaman? ​

Qisqacha javob: Mijozni toping → to'lovni qabul qilish amalini tanlang → summani va to'lov turini kiriting → tasdiqlang. Pul kassaga tushadi, qarz shu summaga kamayadi.

Bu sahifa mijoz sizga qarzdor bo'lgan holat haqida. Siz bankdan yoki tanishdan qarz olgan bo'lsangiz — u boshqa bo'limda yuritiladi va qaytarilishi xarajat sifatida yozilmaydi: Do'konning o'z qarzi.

Qadamlar ​

  1. Mijozni toping — kassa dasturida yoki saytdagi Mijozlar bo'limida.
  2. To'lovni qabul qilish amalini tanlang.
  3. Summani kiriting. To'liq, qisman yoki qarzdan ko'p bo'lishi mumkin — ortiqchasi mijozning haqi bo'lib qoladi (pastda).
  4. To'lov turini tanlang: naqd, karta yoki o'tkazma.
  5. Kerak bo'lsa izoh yozing (ixtiyoriy, 255 belgigacha, masalan «Oktyabr uchun») — u oldi-berdi tarixida, kassa harakatlarida va qarz yopilgan sotuvlarning to'lovlar ro'yxatida ko'rinadi. Izoh mijozga (Telegram botiga) yuborilmaydi. Bitta sotuv qarzini uning o'z sahifasidan to'lasangiz ham (saytda badal yoki sotuv sahifasidagi «To'lov qo'shish», telefonda va kassa dasturida sotuv sahifasi) xuddi shunday izoh yozish mumkin — Bitta sotuvning qarzini sotuv sahifasidan qabul qilish.
  6. Tasdiqlang.

Nima bo'ladi ​

  • Mijozning qarzi kamayadi;
  • Naqd to'lov kassaga tushadi va smena hisobotiga kiradi;
  • Karta yoki o'tkazma tegishli hisobga tushadi;
  • Mijoz kartochkasida to'lov tarixi qoladi;
  • Mijozning keshbek foizi bo'lsa — to'langan summaga mos keshbek shu payt qo'shiladi (qarzga sotilganda u ushlab turilgan edi);
  • Do'konning mijozlar boti ulangan va mijoz unga ulangan bo'lsa — unga to'lov tasdig'i Telegramga boradi;
  • Kassa dasturida («Qarzlar» → mijoz → «Qarzni to'lash») «To'lov chekini chop etish» belgisi qo'yilgan va printer ulangan bo'lsa — mijozga to'lov cheki chiqadi: summa, to'lov turi, kassir va qolgan umumiy qarz (namuna). Naqd pulda chek bilan birga kassa qutisi ham ochiladi. Izoh chekka chiqmaydi. Saytda va telefonda qarz to'lovi chek chop etmaydi.

Pul qaysi kassaga tushadi ​

Kassani o'zingiz tanlashingiz mumkin: saytda «Pul tushadigan joy», kassa dasturida «Pul tushadigan kassa». Kassa tanlanmasa (masalan, kassalar ro'yxatini ko'rish ruxsatingiz yo'q yoki telefondan to'lov kiritayapsiz) Topsavdo uni o'zi shu tartibda tanlaydi:

  1. seyf — sizga seyfda ishlash ruxsati berilgan bo'lsa (do'kon egasi uchun doim seyf);
  2. siz ochgan smenaning kassasi;
  3. bitta sotuvning qarzini to'layotgan bo'lsangiz — shu sotuv qilingan kassa;
  4. sizga bitta kassa biriktirilgan bo'lsa — o'sha kassa.

Bularning hech biri to'g'ri kelmasa, «Pul tushadigan kassani tanlang» degan xabar chiqadi va sizga biriktirilgan kassalar ro'yxati ko'rsatiladi — birini tanlab, qayta tasdiqlang. Sizga birorta kassa biriktirilmagan bo'lsa, to'lov kiritilmaydi — do'kon egasidan kassa biriktirishni so'rang. Sizga biriktirilmagan kassani (seyfni ham) tanlab bo'lmaydi.

Buyurtmani bajarishda ham pul shu tartibda kassaga tushadi (3-banddan tashqari). Bajarish oynasida smena tanlansa, pul o'sha smenaning kassasiga tushadi. Kassani aniqlab bo'lmasa, oynaning o'zida kassalar ro'yxati chiqadi — birini tanlab, qayta tasdiqlang.

Muhim: qarz to'lovi qaysi kunga tushadi ​

To'lov qabul qilingan kunga tushadi, tovar sotilgan kunga emas. Ya'ni o'tgan hafta qarzga sotilgan tovar puli bugun kelsa — bugungi kassaga tushadi.

Shuning uchun smena yopishda kutilgan naqd pul qarz to'lovlarini ham hisobga oladi. Yakuniy kutilgan summa serverda hisoblanadi — qarz to'lovlari unga doim kiradi, Z-hisobotda ham turadi.

Standart holatda smena faqat internet bilan yopiladi: internet yo'q paytda yopish tugmasi o'chiq turadi. Do'konda «Internetsiz smena» yoqilgan bo'lsa, kassa dasturi smenani internetsiz ham yopadi, lekin ko'rsatadigan kutilgan summa taxminiy bo'ladi: u faqat shu kompyuterdagi sotuvlardan hisoblanadi, qarz to'lovlari (va «Undirilgan qarz» qatori) unda yo'q. Aniq summa internet qaytgach serverda hisoblanadi — qarz to'lovlari o'shanda qo'shiladi. Batafsil: Internet yo'q bo'lsa.

Internet bilan yopish oynasida bu pul «Pul harakati» jadvalida «Undirilgan qarz» degan alohida qator bo'lib turadi: qatorni bossangiz kim, qachon va qancha to'lagani ochiladi. Ya'ni kassadagi pulning qaysi qismi sotuvdan, qaysi qismi eski qarzlardan ekani aralashib ketmaydi. Batafsil: Smenani yopish va Z-hisobot.

Pul qaysi chekka tushadi ​

Mijozning bir nechta yopilmagan cheki bo'lsa, to'lov eng eskisidan boshlab taqsimlanadi. Birinchi chek yopilgach qolgani keyingisiga o'tadi. Ya'ni chekni qo'lda tanlash shart emas.

Bekor qilingan chek bu navbatga kirmaydi — uning qarzi bekor qilishda allaqachon yopilgan. Pul haqiqiy qarzli chekka tushadi (qarzdan kechish ham xuddi shunday).

Nasiya badalini shu yerdan olmang ​

Mijozda bo'lib to'lash (nasiya) shartnomasi bo'lsa, badalni mijoz kartochkasidagi «Nasiya shartnomalari» kartasidan «Badal to'lash» tugmasi bilan oling.

Sabab: bu sahifadagi umumiy to'lov pulni eng eski qarzdan boshlab taqsimlaydi va u nasiya cheki bo'lmasligi mumkin — pul boshqa chekka tushib, grafik yopilmay qoladi. «Badal to'lash» tugmasi esa pulni aynan o'sha shartnomaning chekiga yozadi.

Batafsil: Nasiya — bo'lib to'lash.

Mijoz qarzidan ko'p to'lasa ​

Mijoz qarzidan ko'p pul bersa — summani to'liqligicha kiriting. Masalan qarzi 100 000 so'm, mijoz 150 000 so'm berdi. Tasdiqlashdan oldin oynaning o'zida bo'linish ko'rinadi:

Qarz yopiladi: 100 000 so'm Mijozning haqi bo'lib qoladi: 50 000 so'm

Xato bosilgan ortiqcha nolni shu yerda ko'rasiz. Tasdiqlasangiz:

  • mijozning qarzi to'liq yopiladi — qarzli cheklar eng eskisidan boshlab yopiladi, ortiqcha 50 000 so'm hech bir chekka yozilmaydi (nasiya shartnomasi ham faqat o'z qarzigacha yopiladi);
  • kassaga butun summa (150 000 so'm) bitta to'lov bo'lib tushadi;
  • ortiqcha 50 000 so'm mijozning haqi bo'lib qoladi — mijoz kartochkasida qarz o'rnida 50 000 so'm, «Biz qarzdormiz» turadi (qarz raqami manfiy: −50 000);
  • mijozlar boti ulangan bo'lsa mijozga «Qarzingiz to'liq yopildi» va do'kondagi hisobi (50 000 so'm) boradi.

Keyingi xaridida haqi shundan yechiladi: kassada «Mijoz hisobidan» to'lov tanlanganda avval uning keshbegi sarflanadi, keshbek tugagach haqi ishlatiladi — ikkalasi alohida yuritilgani uchun kassir qaysi qancha qolganini ko'rib turadi. Haqini naqd qaytarib berish kerak bo'lsa — mijoz kartochkasidagi «To'lash» tugmasi (pul kassadan chiqadi, summa haqidan oshmaydi).

Bu faqat mijoz sizga to'laganda. Siz yetkazib beruvchiga (yoki haqi bor mijozga) to'layotganda summa qarzingizdan oshmaydi — oshsa «To'lov summasi mavjud qoldiqdan oshmasligi kerak» degan xabar chiqadi. Qarzi bo'lmagan mijozdan oldindan pul olish uchun «Qarz olish» tugmasi bor.

Tez-tez uchraydigan savollar ​

Bir necha chekning qarzini birdan to'lasa? Summani kiritasiz, u umumiy qarzdan yechiladi — eng eski chekdan boshlab. Chek bo'yicha ajratish shart emas. Istisno — nasiya badali: uni shartnoma kartasidagi «Badal to'lash» tugmasi bilan oling.

Qarz to'lovini internetsiz kiritsam bo'ladimi? Yo'q. Qarz to'lovi darhol serverga yoziladi — kassa dasturida ham, saytda ham, telefonda ham. Internet yo'q bo'lsa to'lov saqlanmaydi va xato xabari chiqadi; pulni olib qo'ying va internet qaytgach kiriting. Sotuvning o'zi (shu jumladan qarzga sotish) esa kassa dasturida internetsiz ham ishlaydi: Internetsiz ishlash.

Xato summa kiritdim. Qarz to'lovini bekor qilish tugmasi yo'q. Kam kiritgan bo'lsangiz — qolganini yana bir to'lov bilan kiriting. Ko'p kiritgan bo'lsangiz (mijozda yo'q haq paydo bo'ldi, kassada esa shuncha pul ortiqcha ko'rinadi) — ortiqchani mijoz kartochkasidagi «To'lash» tugmasi bilan kassadan chiqaring: haq ham, kassa ham joyiga tushadi.

Mijoz tovar bilan qaytardi (pul o'rniga). Bu qaytarish: Tovarni qaytarish. Qarzga sotilgan tovar qaytarilsa, qarz o'zi kamayadi. Nasiya shartnomasi bo'lsa, qolgan badallar grafigi ham o'sha zahoti qayta hisoblanadi — to'langan badallarga tegilmaydi.

Keyingi qadam ​