Tungi rejim
Yaroqlilik muddati
Qisqacha javob: mahsulot kartochkasida «Yaroqlilik muddati yuritiladi» belgisini yoqing. Shundan keyin tovar qabul qilinganda har partiyaning muddati so'raladi, sotuvda muddati oldin tugaydigani birinchi ketadi, muddati o'tgan tovarni esa kassada faqat ruxsati bor xodim tasdiqlab sotadi.
Belgi yoqilmagan mahsulotda hech narsa o'zgarmaydi: muddat so'ralmaydi, tovar avvalgidek «avval kelgani avval ketadi» tartibida sotiladi.
Muddat yuritishni yoqish
- Mahsulotlar → mahsulotni oching → Tahrirlash.
- «Yaroqlilik muddati yuritiladi» belgisini qo'ying.
- Xohlasangiz «Odatda necha kun saqlanadi» ni yozing (masalan sut — 5). Bu majburiy emas — qabul qilishda muddat shu kun bilan oldindan to'ldiriladi, har safar terib o'tirmaysiz.
- Saqlang. Kartochkada belgi qachon yoqilgani ko'rinadi.
To'plamda bu belgi yo'q — muddat to'plam tarkibidagi mahsulotlarda yuritiladi.
Qabul qilishda muddat kiritish
Saytda xaridni oching → «Qabul qilish». Muddat yuritiladigan har bir qator ostida muddat maydoni chiqadi (loyihaning o'z kalendari, «+3 kun», «+7 kun», «+30 kun» tugmalari bilan). Bitta xaridda turli muddatli tovar kelsa — har qatorga o'z muddati.
Mobil ilovadagi qabul ekranida muddat kk.oo.yyyy ko'rinishida teriladi (nuqtalar o'zi qo'yiladi) yoki tugma bilan tanlanadi. Internet bo'lmasa ham muddat saqlanadi va qabul bilan birga yuboriladi.
Muddat majburiy emas. Bo'sh qoldirsangiz tizim to'xtatmaydi, lekin sariq ogohlantirish chiqadi va saqlashda so'raydi: «Muddat kiritish» yoki «Muddatsiz saqlash». Muddatsiz partiya navbat oxiriga tushadi (pastda nega) — muddatini keyin qo'yish mumkin.
Muddat quyidagi joylarda ham kiritiladi yoki o'zi o'tadi:
- Ishlab chiqarish — natija qatorida (masalan tvorog 5 kun, zardob 2 kun), mahsulotning saqlash muddatidan oldindan to'ladi;
- Filiallar orasida ko'chirish — muddat tovar bilan birga ko'chadi. Har xil muddatli partiyalar yangi filialda ham alohida partiya bo'lib qoladi;
- Hisobdan chiqarish yoki ko'chirishni bekor qilish — qaytgan tovar muddatini yo'qotmaydi;
- Ochilish balansi — ombor qoldig'i qatorida, muddat yuritiladigan tovar uchun «Yaroqlilik muddati» maydoni (saytda ham, telefonda ham). Ixtiyoriy va oldindan to'ldirilmaydi: tovar allaqachon javonda, qachon kelgani noma'lum — qadoqdagi sanani yozing. Bir tovarning ikki xil muddatli qismi bo'lsa, qatorda bitta muddat turadi: telefonda «Qo'shish» bosilganda ertarog'i qoladi. Batafsil: Ishlayotgan do'konni ko'chirish.
Inventarizatsiya ortiqchasi, qo'lda tuzatish va Excel importdan kelgan partiyalar muddatsiz tushadi — ularga muddatni ro'yxatdan qo'yasiz (pastda).
Qaysi partiya birinchi sotiladi
Muddat yuritiladigan mahsulotda navbat quyidagicha:
| Navbatda | Qaysi partiya |
|---|---|
| 1 | Eski muddatsiz — belgi yoqilishidan oldin kelgan, muddati yozilmagan tovar |
| 2 | Muddatlilar — muddati oldin tugaydigani birinchi |
| 3 | Muddati kiritilmagan — belgi yoqilgandan keyin kelgan, lekin muddati yozilmagan |
Nega shunday:
- Eski tovar jismonan eng eski — oxiriga qo'yilsa yangi partiyalar doim kelib turgani uchun hech qachon navbatga yetmay, javonda qolib ketardi.
- Muddati kiritilmagan partiya muddatlilardan oldinga chiqa olmaydi — aks holda bitta unutilgan sana tufayli bugun kelgan tovar muddati yaqin eskisidan oldin sotilib, eskisi yonib ketardi. Shuning uchun u oxirida turadi va ro'yxatda ko'rinadi: muddat qo'yilgach o'z joyiga tushadi.
Bu tartib sotuvda ham, hisobdan chiqarishda ham, ko'chirishda ham, inventarizatsiya kamomadida ham, ishlab chiqarish sarfida ham bir xil.
Muddati o'tgan va yaqin tovarlar ro'yxati
Hisobotlar → Ombor holati → «Yaroqlilik muddati» bo'limi. To'rt ro'yxat:
- Muddati o'tgan — sotilsa kassada tasdiq so'raladi. Javondan olingan bo'lsa — hisobdan chiqaring;
- Muddati yaqin — muddati tugashiga do'kon sozlamasidagi kun yoki undan kam qolgan (standart 3 kun);
- Muddati kiritilmagan — qabulda muddat yozilmagan partiyalar;
- Eski (muddatsiz) — belgi yoqilishidan oldin kelganlar.
Har qatorda «Muddat qo'yish» (yoki «Muddatni o'zgartirish») tugmasi bor — ombor qoldig'ini tahrirlash ruxsati bo'lgan xodimga ko'rinadi. Kim, qachon, qaysi sanadan qaysi sanaga o'zgartirgani tarixda saqlanadi. Miqdor va pul o'zgarmaydi — faqat partiyaning navbatdagi o'rni.
«Muddati yaqin» chegarasini Sozlamalar → Do'kon sozlamalari → «Muddati yaqin tovar» dan o'zgartirasiz.
Shuningdek:
- «Ombor holati» ro'yxatida mahsulot nomi ostida eng yaqin muddat yoziladi (o'tgan bo'lsa qizil);
- «Partiyalar» ro'yxatida har partiyaning muddati ustuni bor;
- Telegramdagi kunlik xabar («Bugungi savdo» xulosasi) oxirida bitta qator: muddati o'tgan va muddati yaqinlashgan tovarlar soni, masalan «⏳ Yaroqlilik muddati: o'tgan — 2 ta tovar, yaqinlashgan — 5 ta tovar». Son — tovarlar, partiyalar emas (bir tovarning ikki partiyasi o'tgan bo'lsa ham bitta), «yaqin» esa har do'konning o'z chegarasi bo'yicha. Ikkalasi ham nol bo'lsa qator chiqmaydi. Batafsil: Telegram xabarnomalari.
Kassada muddati o'tgan tovar
Muddat shu kun ham hisobga kiradi: 25-sentabr muddatli sut 25-sentabr kuni hali sotiladi, 26-sentabrdan muddati o'tgan hisoblanadi.
Sotuv muddati o'tgan partiyaga tegsa, oyna chiqadi: qaysi tovar, qaysi muddat, qancha. Qo'lingizdagi tovar muddatini tekshiring.
- «Muddati o'tgan tovarni sotish» ruxsati bor xodim «Baribir sotish» ni bosadi — sotuv o'tadi;
- ruxsati yo'q xodim sota olmaydi — mas'ul xodimni chaqiradi yoki tovar hisobdan chiqariladi.
Ruxsat Sozlamalar → Xodimlar da xodimni ochganda «Narx huquqlari» bo'limida. Tayyor shablonlardan faqat «To'liq» da bor, boshqa xodimga egasi qo'lda beradi. Do'kon egasi va admin doim sota oladi.
Bu qoida saytdagi sotuv formasida, buyurtmani bajarishda, mobil ilovada va kassa dasturida bir xil.
Internetsiz kassa dasturi. Kassa dasturi partiyalarni bilmaydi — u har mahsulotning eng yaqin muddatini qoldiq bilan birga sinxronlab oladi va to'lovdan oldin xuddi shunday oyna chiqaradi. Internetsiz qilingan sotuv serverda hech qachon rad etilmaydi (tovar allaqachon mijozda) — lekin belgi bilan saqlanadi: tasdiqlanganmi, xodimning ruxsati bormidi.
Mahsulotda eski muddatsiz partiya ham bo'lsa, server avval o'shani yechadi va tasdiq kerak bo'lmaydi, kassa dasturi esa baribir so'rashi mumkin — bu ortiqcha ehtiyot, eski partiyalar tugagach yo'qoladi.
Muddati o'tgan tovar sotilgan sotuv saytda sotuv sahifasining tepasida sariq belgi bilan ko'rinadi (onlayn tasdiq bilan sotilgani ham, internetsiz sotilgani ham): «tasdiq bilan sotildi», «tasdiqsiz sotildi (oflayn)» yoki «ruxsatsiz tasdiq bilan sotildi (oflayn)» va qaysi tovar. Bunday sotuvlar Sotuvlar ro'yxatida «Shubhali» filtri bilan topiladi va do'kon egasiga «Shubhali sotuv» bildirishnomasi keladi (egasi o'zi tasdiqlab sotgani bundan mustasno): Bildirishnoma sozlamalari.
Tez-tez uchraydigan savollar
Muddati o'tgan tovarni har sotishda oyna chiqyapti. Hisobda muddati o'tgan partiya turibdi va navbatda u birinchi. Tovar javondan olingan bo'lsa — uni hisobdan chiqaring, shunda oyna to'xtaydi.
Belgini yoqdim, lekin omborda eski tovar bor edi. U «Eski (muddatsiz)» ro'yxatida turadi va birinchi sotiladi. Xohlasangiz unga ham muddat qo'yishingiz mumkin — majburiy emas.
Belgini o'chirsam nima bo'ladi? Partiyalardagi sanalar o'chmaydi, lekin e'tiborga olinmaydi: tovar yana «avval kelgani avval ketadi» tartibida sotiladi va kassada muddat so'ralmaydi. Qayta yoqsangiz — sanalar yana ishlaydi.