Skip to content

Stiker printerini qanday ulayman? ​

Qisqacha javob: Printerni kompyuterga ulang → Stiker sozlamalari bo'limini oching → stiker o'lchamini kiriting → sinov stiker chop etib o'lchang.

Qadamlar ​

  1. Printerni ulang va stiker rulonini joylang.
  2. Sozlamalar → Stiker sozlamalari.
  3. Stikeringizning eni va bo'yini kiriting (millimetrda).
  4. Bitta sinov stiker chop eting va o'lchab tekshiring.

Saytdan chop etish — printerni ulash shart emas ​

my.topsavdo.uz dan stiker chop etganingizda brauzerning odatdagi chop etish oynasi ochiladi va printerni o'sha yerda tanlaysiz. Printerning kompyuterdagi odatdagi drayveri yetarli — sayt uchun alohida dastur o'rnatish yoki drayver almashtirish kerak emas.

Chop etish oynasida uchta narsani to'g'ri qo'ying:

SozlamaQiymati
Masshtab100%
HoshiyalarYo'q
Qog'oz o'lchamiShabloningizdagi stiker o'lchamiga mos

Masshtab 100% dan boshqa bo'lsa stiker kichrayib yoki kattalashib chiqadi va shtrix-kod o'qilmay qolishi mumkin.

Chek printeri bilan aralashtirmang: chek saytdan chiqmaydi (u uchun Desktop ilova kerak), stiker esa saytdan chiqadi. Batafsil: Chek printeri.

Stiker hozircha faqat saytdan chop etiladi — kassa dasturida (Desktop) stiker chop etish bo'limi yo'q.

Logotipli stiker ​

Stikerdagi logotip saytda oldindan qora-oq nuqtalarga aylantiriladi (printerning har bir nuqtasi uchun bitta nuqta) — muharrirda ko'rganingiz qog'ozga chiqadi. Oddiy logotip to'liq qora shakllar bo'lib chiqadi, shuning uchun 300 DPI printerda ham tiniq qoladi. Baribir masshtab 100% bo'lsin: boshqa masshtabda nuqtalar qayta o'lchanadi va fotosuratli yoki siyrak nuqtali joylar «yo'l-yo'l» chiqishi mumkin. Batafsil: Stikerga do'kon logotipini qo'yish.

O'lcham to'g'ri bo'lishi shart ​

Bu eng muhim sozlama. Noto'g'ri o'lcham kiritilsa:

  • matn siljib, keyingi stikerga chiqib ketadi;
  • shtrix-kod qirqiladi va o'qilmaydi;
  • rulon noto'g'ri suriladi.

Stikerni chizg'ich bilan o'lchab kiriting — qutida yozilgan o'lchamga ishonmang, u har doim ham aniq bo'lmaydi.

Matn qirqilyapti ​

Stikerga sig'maydigan matn jimgina kesiladi — ekranda to'liq ko'rinadi, printerda esa yo'q. Shuning uchun sinov chop etish shart.

Yechim: mahsulot nomini qisqartirish, shrift o'lchamini kichraytirish yoki kattaroq stiker ishlatish.

Chop etilmayapti yoki bo'sh chiqyapti ​

  1. Rulon to'g'ri joylanganmi (stikerning yopishqoq tomoni pastda);
  2. Printer «kalibrovka» qilinganmi — ko'p printerlarda rulon o'lchamini aniqlash uchun maxsus tugma bor;
  3. Qorong'ilik (darkness) darajasi juda past bo'lmasinmi;
  4. Kabelni qayta ulang.

Ikkita printer ulangan bo'lsa ​

Chek printeri va stiker printeri bir vaqtda ulangan bo'lsa, qaysi biri stiker uchun ekanini aniq tanlang:

  • chop etish oynasidagi printerlar ro'yxatidan stiker printerini tanlang (brauzer odatda oxirgi tanlovni eslab qoladi).

Ikkalasi bir rusumda bo'lsa ham tizim ularni ajrata oladi — sinov chop etib tekshiring.

Keyingi qadam ​