Tungi rejim
Qoldiq noto'g'ri — qanday to'g'rilayman?
Qisqacha javob: Inventarizatsiya o'tkazing: saytda Inventarizatsiya bo'limidan yangi sanash oching → tovarlarni sanab haqiqiy miqdorni kiriting → tasdiqlang. Tizimdagi qoldiq siz sanagan miqdorga tenglashadi.
Bitta-ikkita tovar bo'lsa inventarizatsiya shart emas: mahsulotlar jadvalidagi ombor belgisi orqali qoldiqni qo'lda tuzatish mumkin (xodimga «Ombor qoldig'i — Tahrirlash» ruxsati kerak) — Qoldiqni tuzatish. Ikkala yo'lda ham o'zgarish sababi bilan harakat tarixiga yoziladi — tovar qayoqqa ketgani ko'rinib turadi. Ko'p tovarni sanashda inventarizatsiya qulayroq: bir hujjatda sanaysiz, farqlar bitta ro'yxatda chiqadi.
Qadamlar
my.topsavdo.uz→ Inventarizatsiya bo'limi.Yangi sanash yarating. Butun do'kon bo'yicha yoki faqat bitta kategoriya bo'yicha qilish mumkin.
Do'kon ehtiyoji deb belgilangan mahsulotlar (paket, kassa qog'ozi — batafsil) butun do'kon yoki kategoriya bo'yicha sanashga kirmaydi: ular omborda yuritilmaydi, sanalsa «ortiqcha topildi» bo'lib soxta qoldiq paydo bo'lardi. Istisno — belgi qo'yilishidan oldin tovar sifatida kirgan qoldig'i bor mahsulot: u ro'yxatda qoladi. Aniq tanlangan mahsulotlar bo'yicha sanashda esa istalganini qo'shish mumkin.
Tovarlarni sanang va haqiqiy miqdorni kiriting. Shtrix-kod skaneri bilan sanash tezroq — quyida «Skaner bilan sanash» bo'limiga qarang. Dona tovar butun son bilan sanaladi. Kasr faqat kilogramm/metr/litr tovarda va bo'laklab sotiladigan dona tovarda yoziladi (8 bo'lakli tortdan 5 bo'lagi qolgan — 0,625); qoldig'i allaqachon kasr bo'lgan tovarda ham kasr sanash mumkin. Dona katagiga «12,5» yozilsa katak qizil bo'ladi va keyingi qatorga o'tganda saqlanmaydi — serverda avvalgi son qoladi, katak esa tuzatilmaguncha qizil turadi. Shu paytda «Yuborish», «Tugatdim» va telefondagi «Saqlash» o'chiq. Qizil katakli qator qidiruvda yashiringan yoki ekrandan chiqib ketgan bo'lsa ham tugmalar o'chiq qoladi: yonida qaysi tovar ekani yoziladi, «Ko'rsatish» bosilsa o'sha qatorga o'tiladi (yozilgan son joyida). Batafsil: dona tovarga kasr qayerda yoziladi.
Tizim farqni ko'rsatadi: qaysi tovar kam, qaysi biri ortiqcha.
Farqlarni ko'zdan kechiring va tasdiqlang.
Ko'p tovarli sanash sahifasi
Sanash sahifasi minglab tovarni bir yo'la yuklamaydi — shuning uchun katta do'konda ham tez ochiladi.
- Saytda ro'yxat boshqa ro'yxatlar kabi ko'rsatiladi — Sozlamalar → Profil → Ro'yxatlar ko'rinishi sozlamasiga qarab:
- Uzluksiz (odatdagisi) — 50 tadan. Pastga tushganingiz sari keyingi tovarlar o'zi qo'shiladi (yoki «Yana ko'rsatish» tugmasi). Jadval ostida «150 / 5 000 ta ko'rsatildi» yozuvi turadi. «Sanalmaganlar» filtrida sanagan tovarlaringiz ro'yxatdan chiqsa ham, davomi ekrandagi oxirgi tovardan keyingisidan yuklanadi — birorta tovar tushib qolmaydi.
- Sahifalarga bo'lib — jadval ostida sahifa raqamlari va «25 tadan» tanlovi (25, 50 yoki 100). Qidiruv, filtr yoki saralashni o'zgartirsangiz 1-sahifaga qaytadi.
- Enter — son yozib Enter bossangiz keyingi tovarga o'tasiz. Sahifalab ko'rsatilganda sahifaning oxirgi qatorida Enter keyingi sahifani ochadi va kursor uning birinchi tovariga turadi (oxirgi sahifada kursor joyida qoladi). «Sanalmaganlar» filtrida sanagan tovarlaringiz ro'yxatdan chiqadi va sahifalar suriladi — shuning uchun Enter keyingi sanalmagan tovarga olib boradi, u ba'zan o'sha sahifaning o'zida bo'ladi (sahifa yangilanadi). Hech bir tovar tashlab ketilmaydi.
- Sanash davomida ro'yxat qisqarib, bosgan sahifangiz endi qolmagan bo'lsa, oxirgi sahifa ochiladi.
- Qidiruv va filtrlar (Sanalgan, Sanalmaganlar, Farq bor, Hech sanalmagan, 30+ kun) butun sanash bo'yicha ishlaydi — faqat ekrandagi qatorlar bo'yicha emas.
- Ustun nomini bosib (Mahsulot, SKU, Tizim, Sanalgan, Farq) ro'yxatni saralaysiz: birinchi bosish — o'sish, ikkinchisi — kamayish, uchinchisi — asl tartib. Masalan, «Farq»ni ikki marta bossangiz eng katta ortiqcha tepaga chiqadi.
- Tepadagi Jami mahsulotlar, Sanalgan, Farq bor, Progress — har doim butun sanash bo'yicha.
- Skaner ekranda hali ko'rinmayotgan tovarni ham topadi va sanaydi.
- Son yozib darhol boshqa filtr yoki sahifaga o'tsangiz ham kiritilgan son saqlanadi. Sanagan tovaringiz «Sanalmaganlar» ro'yxatidan darhol yo'qolmaydi (ko'z oldingizdan qochmasin deb) — sahifani yangilasangiz (sahifalab ko'rsatilganda — boshqa sahifaga o'tib qaytsangiz ham) ro'yxat yangilanadi.
- Telefonda esa sanash butunligicha yuklanadi — internet yo'q omborda ham ro'yxat, qidiruv va skaner ishlashi uchun. Katta sanashni birinchi ochish biroz vaqt oladi, keyin telefon uni eslab qoladi. Boshqa qurilmada sanalganlarni ko'rish uchun ro'yxatni pastga torting.
Ombor va savdo zalini alohida sanash
Tovar bir necha joyda tursa — asosiy ombor, ikkinchi ombor, savdo zali — har joyni alohida sanash mumkin. Bir mahsulot bir nechta joyda bo'lsa ham bo'ladi: har joyda o'zinikini sanaysiz, tizim ularni qo'shadi.
Qoldiq baribir bitta (do'kon bo'yicha). Joylar faqat sanashni bo'ladi: sotuv, xarid va kassa hech narsani o'zgartirmaydi. Kundalik qoldiqda «omborda qancha, zalda qancha» ko'rinmaydi — faqat sanash paytida.
Omborlaringiz tizimda alohida filial (alohida do'kon) bo'lib ochilgan bo'lsa, ular allaqachon alohida sanaladi va ular orasida Ko'chirish ishlaydi. Bu bo'lim bitta do'kon ichidagi joylar haqida.
1. Joylarni qo'shish (bir marta)
Saytda Sozlamalar → Sanash joylari. Joylarni do'kon egasi va «Inventarizatsiya — Boshlash» ruxsati bor xodim boshqaradi (sanashni kim ochsa, joylarni ham o'sha tuzadi). Faqat «Hisoblash» ruxsati bor xodim joylarni o'zgartira olmaydi — u sanaydi xolos.
- joy nomini yozib Qo'shish — masalan «Asosiy ombor», «2-ombor», «Savdo zali»;
- o'q tugmalari bilan tartibini o'zgartirasiz (sanash sahifasida joylar shu tartibda chiqadi), qalam — nomini tuzatish;
- o'chirish: biror sanashda ishlatilgan joy arxivga tushadi — eski sanashlarda «qaysi joyda qancha sanalgan» saqlanib qoladi, yangi sanashda esa tanlanmaydi. Hech qayerda ishlatilmagan joy butunlay o'chadi (butunlay o'chirishni faqat do'kon egasi qiladi, xodim arxivlaydi). Arxivdagi joyni «Qayta yoqish» bilan qaytarasiz.
Joy qo'shmasangiz inventarizatsiya avvalgidek — bitta umumiy ro'yxat.
2. Sanashni ochish
Yangi inventarizatsiya ochayotganda «Sanash joylari» qatorida kerakli joylarni belgilaysiz (saytda ham, telefonda ham). Belgilamasangiz — oddiy, joysiz sanash. Ro'yxatda bunday sanash yonida «2 joy» belgisi turadi. Bo'lib-bo'lib sanashda «Davom etish» ochgan keyingi bosqich ham o'sha joylar bilan ochiladi.
3. Har kim o'z joyini sanaydi
Sanash sahifasining tepasida «Sanash joyi» tanlovi turadi. Xodim o'z joyini tanlaydi — ombordagi odam «Asosiy ombor»ni, zaldagi odam «Savdo zali»ni — va bir vaqtda sanashadi. Ikki xodim bitta mahsulotni turli joyda bir vaqtda sanasa ham, hech birining soni yo'qolmaydi.
- Joy tanlanganda qatordagi son faqat shu joyniki. Skaner ham shu joyga qo'shadi. Nom ostida «Jami: 12 — Asosiy ombor 8 · Savdo zali 4» yozuvi turadi.
- Shu joyda qayta sanasangiz, son almashadi (qo'shilmaydi): omborda 8 deb yozib, keyin 6 ga tuzatsangiz jami 6 + 4 = 10 bo'ladi.
- «Sanalmaganlar» filtri joy tanlanganda shu joyda hali sanalmagan tovarlarni ko'rsatadi.
- «Umumiy ko'rinish» — barcha joylar jami va joylar kesimi; bu yerda son kiritilmaydi (qaysi joyga yozilishi noma'lum bo'lardi).
- Tepada har joyning holati: Tugatilgan (xodim «Tugatdim»ni bosgan), Sanalmoqda (nimadir sanalgan, lekin hali tugatilmagan) yoki Boshlanmagan (hech narsa sanalmagan). Masalan: «Asosiy ombor — Tugatilgan · 180 ta», «Savdo zali — Boshlanmagan». Yonida «1 / 2 joy tugatilgan» yozuvi turadi.
- Telefonda ham xuddi shunday: tepada joy tugmalari. Internet yo'q omborda sanasangiz, son joyi bilan birga navbatga yoziladi va internet kelganda o'z joyiga tushadi. Saqlanmagan son bor paytda boshqa joyga o'tib bo'lmaydi — avval Saqlashni bosing.
- Saqlangan son joy holatida darhol hisoblanadi — sahifani yangilash shart emas: zalda birinchi tovarni saqlasangiz, «Savdo zali» shu zahoti «Sanalmoqda · 1 ta» bo'ladi. Telefonda internetsiz saqlangan son ham hisoblanadi («Sanalmoqda · 1 ta (navbatda)»), sanash sahifasidan chiqib qaytsangiz yoki ilovani qayta ochsangiz ham.
Joyni sanab bo'lgach — «Tugatdim»
Xodim o'z joyidagi hamma tovarni sanab bo'lgach, joy tanlangan holda «Tugatdim» tugmasini bosadi (saytda joy tanlovi ostida, telefonda joy tugmalari ostida). Tizim so'raydi: «"Asosiy ombor"da 180 ta mahsulot sanaldi. Hammasini sanab bo'ldingizmi?». Joyda hech narsa sanalmagan bo'lsa alohida so'raydi — joy haqiqatan bo'shmi.
- Tugatilgan joyga son kiritilmaydi va skaner ishlamaydi — bu tasodifan tuzatib yuborishdan saqlaydi.
- Xato bo'lsa — «Qayta ochish»: joy yana «Sanalmoqda» holatiga qaytadi, sonni tuzatasiz va qaytadan «Tugatdim»ni bosasiz.
- Saqlanmagan son bor paytda «Tugatdim» bosilmaydi — avval Saqlash (saytda oxirgi skanlar saqlanib bo'lguncha tugma kutib turadi).
- Telefonda internet bo'lmasa ham ishlaydi: «Tugatdim» (yoki «Qayta ochish») navbatga yoziladi, ekranda darhol ko'rinadi va internet kelganda yuboriladi. Bir necha marta bosilgan bo'lsa, eng oxirgi bosilgani hisoblanadi — navbat kechikib yoki aralash tartibda yetib kelsa ham.
- Internet yo'q telefonda sanalgan sonlar joy tugatilgandan keyin yetib kelsa ham yo'qolmaydi — ular o'z joyiga qo'shiladi.
- Kim va qachon tugatgani joy holati yonida ko'rinadi. «Kim» — xodimning ismi-familiyasi (ismi kiritilmagan bo'lsa — login); kim sanagani ham shunday ko'rsatiladi.
4. Tasdiqlash
Har mahsulot uchun barcha joylardagi sonlar qo'shiladi va shu jami tizimdagi qoldiq bilan solishtiriladi. Qolgani oddiy sanash bilan bir xil: kam chiqqani zarar, ortiqchasi qoldiqqa qo'shiladi.
Birorta joyda «Tugatdim» bosilmagan bo'lsa, tasdiqlash avval ogohlantiradi: «"2-ombor" (sanalmoqda — 15 ta mahsulot), "Savdo zali" (hali boshlanmagan) — sanab tugatilmagan...». Bu muhim: sanalmagan tovar shunchaki o'zgarishsiz qoladi, chala sanalgan joy esa boshqa joyda sanalgan har mahsulotning jamini kamaytiradi — o'sha joyda sanalmay qolgan tovar kamomad bo'lib yozilardi. Tizim «hammasi sanaldi»ni o'zi bilolmaydi (200 tadan 5 tasi sanalgan ombor ham «sanalgan» ko'rinadi) — buni faqat sanagan odam biladi, shuning uchun ogohlantirish «Tugatdim» belgisiga qaraydi. Xodim bo'sh joyni ataylab «Tugatdim» qilgan bo'lsa, ogohlantirish chiqmaydi.
Joylar haqiqatan sanab bo'lingan bo'lsa (xodim faqat tugmani bosishni unutgan) **«Baribir tasdiqlash»**ni bosing. Aks holda tasdiqlamang: yuborilgan sanashga son qo'shib bo'lmaydi, shuning uchun uni rad etib, yangi sanash ochasiz. Buning oldini olish uchun Yuborish oynasi ham tugatilmagan joyni oldindan aytadi — yuborishdan oldin har joyda «Tugatdim» bosilganini tekshiring.
Nega joylarni bir vaqtda sanash kerak
Har joyning soni o'sha joy sanalgan paytda qotib qoladi. Agar bir joy sanab bo'lingandan keyin tovar u yerdan boshqa joyga olib o'tilsa, tizim buni bilmaydi — tovar ikki marta sanaladi yoki umuman sanalmay qoladi.
Misol. Olmadan jami 20 ta bor: omborda 12 ta, zalda 8 ta.
- 10:00 da omborchi omborni sanaydi: 12 ta. «Tugatdim».
- 11:00 da sotuvchi ombordan 4 ta olmani zalga olib chiqadi (omborda 8, zalda 12 qoldi — jami baribir 20).
- 12:00 da zal sanaladi: 12 ta.
Tizim qo'shadi: 12 + 12 = 24. Aslida 20 ta. Tasdiqlansa «4 ta ortiqcha topildi» deb yoziladi va qoldiq 24 bo'lib qoladi. Teskarisi ham bo'ladi: avval zal sanalsa-yu, keyin tovar ombordan zalga ko'chirilib, so'ng ombor sanalsa, o'sha tovar hech qayerda sanalmaydi va yolg'on kamomad chiqadi.
Xuddi shunday, bir joy sanab bo'lingach o'sha joydan sotilgan tovar ham jamida ortiqcha bo'lib qoladi.
Shuning uchun:
- hamma joyni bir vaqtda sanang — har joyga bittadan xodim;
- sanash paytida joylar orasida tovar tashimang;
- eng yaxshisi — do'kon yopiq paytda (sotuv to'xtagan) sanash.
Zalda sotuv sanash vaqtida davom etsa-yu, zal oxirida sanalsa, tizim buni o'zi to'g'rilaydi: farq eng oxirgi sanov paytidagi qoldiqqa nisbatan hisoblanadi. Muammo faqat allaqachon sanalgan joydan tovar ketganda yoki unga tovar kelganda bo'ladi.
Tasdiqlangandan keyin
- Qoldiq siz sanagan miqdorga tenglashadi;
- Kam chiqqan tovar zarar sifatida hisobga olinadi;
- Ortiqcha chiqqani qoldiqqa qo'shiladi;
- Tovar partiyalari ham to'g'rilanadi, ya'ni keyingi sotuvlarda tannarx to'g'ri hisoblanadi.
Muhim: tasdiqlangandan keyin orqaga qaytarib bo'lmaydi. Shuning uchun tasdiqlashdan oldin farqlarni tekshiring — ayniqsa katta farqlarni.
Ortiqcha chiqqan tovarda tannarx yo'q bo'lsa
Ortiqcha chiqqan miqdor omborga yangi partiya bo'lib kiradi va tannarxini mahsulot kartochkasidan oladi. Kartochkada tannarx 0 yoki bo'sh bo'lgan tovar ortiqcha chiqqan bo'lsa, Tasdiqlash bosilganda avval shunday tovarlar ro'yxati ochiladi. Har birida:
- qancha ortiqcha chiqqani;
- Kiritilmasa — tannarx kiritmasangiz nima yoziladi: kartochkada 0 bo'lsa 0 so'm, kartochka bo'sh bo'lsa sotuv narxi;
- tannarx maydoni (bir birlik uchun, so'mda).
Tannarxlarni kiritib Tasdiqlashni bosing. Bilmaganlaringizni bo'sh qoldirishingiz mumkin — tasdiqlash baribir o'tadi, faqat o'sha tovarlarda foyda noto'g'ri chiqadi. Kiritilgan tannarx faqat shu ortiqcha qismga yoziladi; mahsulot kartochkasidagi tannarx o'zgarmaydi.
Kam chiqqan yoki tannarxi bor tovarlar va to'plamlar bu ro'yxatga tushmaydi. Ro'yxat saytda ham, mobil ilovada ham bor.
Tasdiqlash uzoq ketyapti — nima qilay?
Mingdan ortiq tovarli do'konda tasdiqlash bir necha daqiqa davom etishi mumkin: tizim har bir tovarning partiyalarini qayta hisoblaydi. Tugmada aylanuvchi belgi turganda kuting — sahifani yangilamang va tugmani qayta bosmang.
Agar baribir qayta bossangiz, tizim ikkinchi marta qo'llamaydi: u «Bu inventarizatsiya allaqachon tasdiqlangan» yoki «So'rov qayta ishlanmoqda, biroz kuting» deb javob beradi. Sanash tugagach sahifani yangilab, qoldiqni tekshiring.
Ro'yxatda to'plam qolgan bo'lsa
To'plam alohida sanalmaydi: uning tarkibidagi mahsulotlar yoki xomashyoni sanaysiz. Tasdiqlangandan keyin to'plamning mavjud soni yangi komponent qoldiqlaridan avtomatik hisoblanadi.
Yangi sanash ro'yxatiga to'plam tushmaydi. Lekin sanash ochiq turganda ro'yxatdagi tovarni to'plamga aylantirsangiz, u qatorda «To'plam — hisobga olinmaydi» yozuvi chiqadi. Unga son kiritgan bo'lsangiz ham tasdiqlash shu qatorni o'tkazib yuboradi: qolgan tovarlar odatdagidek to'g'rilanadi, tasdiqlash to'xtamaydi, to'plam qoldig'iga esa hech narsa yozilmaydi. Tasdiqlangach shunday xabar chiqadi: «"Sovg'a to'plami" — to'plam, u sanalmaydi. Uning tarkibidagi tovarlarni sanang.» O'sha qator sanalmagan bo'lib qoladi — tarkibidagi tovarlarni keyingi sanashda sanang.
Skaner bilan sanash
Qo'lda son yozib o'tirmaysiz: shtrix-kodni skanerlaysiz, tizim o'zi qo'shadi. Skaner tugallanmagan (qoralama) sanashda va sanash ruxsati bo'lgan xodimda chiqadi — tasdiqlashga yuborilgan yoki yopilgan sanashda yo'q.
Eng muhimi: har bir skan sanalgan miqdorga qo'shiladi, uni almashtirmaydi. Polkadagi 24 ta tovarni ketma-ket skanerlab chiqasiz — hisob o'zi 24 bo'ladi.
Nima qo'shilishi kodning turiga bog'liq (sotuvdagi bilan bir xil):
| Skanerlangan kod | Sanalganga qo'shiladi |
|---|---|
| Oddiy (dona) kod | +1 dona |
| Blok kodi | +butun blok: donali tovarda 12 dona, kg/litr/metrli tovarda esa blokning o'z hajmi (masalan 2,4 kg) |
| Kg/metr sotiladigan tovarning dona kodi | +bitta donaning vazni |
| Bo'lak kodi | +bitta bo'lak (masalan, 1/3) |
Telefonda — sanash sahifasida qidiruv maydoni yonidagi shtrix-kod belgili tugma kamerani ochadi. Kamera har skandan keyin yopilmaydi: ketma-ket skanerlayverasiz, ekranda «Tovar nomi +1 → 25» javobi chiqib turadi. Sanab bo'lgach Saqlash tugmasini bosasiz. Internet bo'lmasa ham sanayverasiz — ulanish tiklanganda navbatdagi sonlar o'zi yuboriladi.
Saytda (kompyuterda) — oddiy USB skaner (klaviaturaga ulanadigan). Sanash sahifasida skaner maydoni bor va kursor o'sha maydonda turishi kerak («Skanerlash — kursorni shu yerda qoldiring»). Agar kursor qidiruv maydonida bo'lsa, kod tovar qidiruviga yozilib qoladi va hech nima sanalmaydi. Saytda kiritilgan miqdor avtomatik saqlanadi.
Sanash kassa dasturida emas — kassa dasturida inventarizatsiya ekrani yo'q. Sanash
my.topsavdo.uzsaytida yoki telefon ilovasida qilinadi.
Xato skanerlab yubordingizmi:
- saytda — «Oxirgi skanni bekor qilish» tugmasi oxirgi skanni qaytaradi (ketma-ket bosib, bir nechtasini ham qaytarish mumkin);
- telefonda — o'sha tovarning miqdorini qo'lda to'g'rilab yozasiz.
Sanash qamrovida bo'lmagan tovar skanerlansa, tizim jim o'tib ketmaydi — «Bu kod sessiya qamrovida topilmadi» deb ogohlantiradi. Ya'ni skanerlangan, lekin hisobga tushmay qolgan tovar bo'lmaydi.
Ko'r sanash
Sanovchi tizimdagi qoldiqni ko'rib tursa, sanashning ma'nosi qoladimi? Polkaga qaramasdan «tizimda 25 ta ekan, 25 deb yozaman» qilish juda oson. Ko'r sanash shuni to'sadi.
- Yangi sanash ochayotganda «Ko'r sanash» belgisini qo'yasiz — saytda ham, telefonda ham;
- bunday sanashda xodim ekranida tizim qoldig'i va farq butunlay yo'q: saytdagi «Tizim»/«Farq» ustunlari ham, telefondagi «Kutilgan»/«Farq» yozuvlari ham ko'rinmaydi — xodim faqat o'zi sanagan sonni kiritadi;
- do'kon egasi va administrator hammasini ko'radi — tasdiqlashdan oldin farqni ham, kim sanaganini ham;
- ro'yxatda bunday sanash «Ko'r sanash» nishoni bilan turadi (telefonda qisqartirilgan — «Ko'r»).
Cheklovni ochiq aytamiz. Ko'r sanash faqat inventarizatsiya ekraniga taalluqli. Qoldiq boshqa joylarda baribir ko'rinadi:
- agar sanovchi xodimda Mahsulotlar bo'limini ko'rish ruxsati bo'lsa — o'sha bo'limdagi «Qoldiq» ustunidan;
- kassa dasturida tovar qidirilganda uning qoldig'i har doim ko'rinadi — bunga alohida ruxsat darvozasi yo'q. Sanovchi odatda kassir bo'lgani uchun bu eng katta teshik: kassa dasturi ochiq turgan xodimda ko'r sanash to'liq ishlamaydi.
Sanash haqiqatan «ko'r» bo'lishi uchun sanovchida Mahsulotlar/Ombor bo'limlarini ko'rish ruxsati bo'lmasligi (Xodimlar → xodimni oching → ruxsatlar) va sanash paytida kassa dasturi yopiq bo'lishi kerak. Ko'r sanash — halol sanashni osonlashtiradigan vosita, ataylab chetlab o'tishdan himoya emas.
Sanash paytida sotuv bo'lsa
Sanash davomida kassada sotuv davom etsa, farq chiqishi tabiiy. Shuning uchun inventarizatsiyani:
- ish tugagandan keyin, yoki
- ish boshlanishidan oldin
o'tkazish tavsiya etiladi. Katta do'konda kategoriyalarga bo'lib, bo'lim-bo'lim sanash qulay.
Bo'lib-bo'lib sanash
Katta do'konni bir kunda sanab bo'lmaydi. Sanashni bosqichlarga bo'lib, har kuni bir qismini yopib borish mumkin — qolganini tizim o'zi eslab turadi.
- Birinchi kuni bir qismini sanaysiz va tasdiqlaysiz;
- tasdiqlangan sanash yonida «Davom etish» tugmasi paydo bo'ladi;
- uni bosasiz — yangi bosqich ochiladi va unga hali sanalmagan tovarlar avtomatik tushadi. Qaytadan tanlab o'tirmaysiz.
Misol: dushanba 30% sanaldi → seshanba yana 30% (jami 60%) → chorshanba qolgan 40% (jami 100%). Uch kunda butun do'kon sanalgan bo'ladi.
Ro'yxat tepasida «Davom etayotgan sanash» kartasi turadi: umumiy progress-chizig'i va «4/10 mahsulot sanaldi (40%)» yozuvi bilan. Karta ichida har bosqich alohida qator: «2-bosqich · #124 · Tasdiqlangan».
Faqat oxirgi sanash davom etadi
Davom ettirish mumkin bo'lgan sanash bittadan ko'p bo'lmaydi — do'kondagi eng oxirgisi. Yangi sanash boshlaganingizdan keyin oldingi tugallanmagan sanashlar tarixda qoladi: ular ro'yxat jadvalida ko'rinadi, bosqichlari ham ko'rinadi, lekin ularda «Davom etish» tugmasi bo'lmaydi.
Shunday qilingan, chunki bir necha oy oldin yarim qoldirilgan sanashni davom ettirishning ma'nosi yo'q: o'sha paytdagi qoldiq allaqachon o'zgargan. Yarim qolgan eski sanashni tugatmoqchi bo'lsangiz — yangi sanash oching.
Bekor qilingan sanash hisobga olinmaydi: xato ochib bekor qilsangiz, davom etayotgan sanashingiz o'z «Davom etish» tugmasini yo'qotmaydi.
Rad etilgan sanash esa hisobga olinadi — u ham «eng oxirgi» bo'lib turadi va boshqa sanashlarning «Davom etish» tugmasini yo'qotadi. Uni yo'ldan olish uchun o'sha sanash sahifasini oching va «Bekor qilish» tugmasini bosing (do'kon egasi): rad etilgan sanash ombor qoldig'iga tegmagan, shuning uchun uni bekor qilish xavfsiz — shundan keyin «Davom etish» tugmasi qaytadi.
Bilib qo'ying:
- «Davom etish» faqat tasdiqlangan va eng oxirgi sanashda chiqadi;
- bir vaqtda faqat bitta tugallanmagan bosqich bo'lishi mumkin. Oldingisi qoralama yoki tekshiruvda tursa, yangi davom ochilmaydi — tizim «Bu zanjirda tugallanmagan sessiya bor» deb aytadi. Avval uni tasdiqlang yoki bekor qiling;
- sanash davomida do'konga qo'shilgan yangi tovar keyingi bosqichga o'zi tushadi;
- hamma tovar sanalib bo'lgach progress 100% bo'ladi va «Davom etish» tugmasi yo'qoladi;
- bosqichlarga bo'lish saytda boshqariladi (
my.topsavdo.uz). Telefonda har bir bosqichni ochib sanayverasiz, lekin «Davom etish» tugmasi saytda.
Qaysi tovar qachon sanalgan
Har bir tovar qatorida «Oxirgi sanash: 12.07.2026» yozuvi turadi — bu oldingi tasdiqlangan sanashlar bo'yicha. Hech qachon sanalmagan tovarda «Hech qachon sanalmagan» deb yoziladi.
Filtrlar orasida «Hech sanalmagan» va «30+ kun» bor: e'tibordan chetda qolib ketgan tovarlarni shu bilan topasiz. Sayt va telefonda bir xil ishlaydi.
Qoldiq nima uchun noto'g'ri bo'ladi
| Sabab | Belgisi |
|---|---|
| Tovar sotilgan, lekin kassada urilmagan | Tizimda ko'p, aslida kam |
| Buzilgan tovar tashlab yuborilgan, hisobdan chiqarilmagan | Tizimda ko'p, aslida kam |
| Kirim ikki marta kiritilgan | Tizimda ko'p |
| Kirim kiritilmagan | Tizimda kam |
| Boshqa filialga berilgan, ko'chirish rasmiylashtirilmagan | Tizimda ko'p |
| Ichki iste'mol (o'zimiz ishlatdik) hisobga olinmagan | Tizimda ko'p |
Agar bir xil tovarda farq doim takrorlansa — sabab tasodifiy emas, jarayonda muammo bor.
Inventarizatsiya qanchalik tez-tez o'tkaziladi
- Kichik do'kon — oyiga bir marta to'liq;
- Katta do'kon — kategoriyalarga bo'lib, haftada bir bo'lim;
- Qimmat tovarlar (telefon, texnika) — haftada bir marta.