Skip to content

Bu narxni kim qo'ydi? ​

Qisqacha javob: my.topsavdo.uz → Hisobotlar → Narxlar. Sahifada ikki bo'lim bor: Katalog narxlari — mahsulot narxini kim, qachon va nima sababdan o'zgartirgani; Sotuvdagi chetlanishlar — qaysi sotuvda tovar katalogdagidan boshqa narxda urilgani.

Bu sahifa faqat saytda (my.topsavdo.uz) — kassa dasturida va mobil ilovada yo'q.

Ikki bo'lim nima uchun ​

Bo'limQanday savolga javob beradi
Katalog narxlariMahsulot kartochkasidagi narxni kim o'zgartirdi va nega
Sotuvdagi chetlanishlarKassir tovarni katalogdagidan boshqa narxda sotdimi

Farqi muhim: birinchisi mahsulotning narxi haqida, ikkinchisi bitta sotuv haqida. Kassir savatda narx o'zgartirsa, mahsulot kartochkasidagi narx o'zgarmaydi — shuning uchun u birinchi bo'limda emas, ikkinchisida ko'rinadi.

Tanlagan bo'limingiz manzilda saqlanadi: qatordagi havoladan mahsulot yoki sotuvga o'tib, brauzerning «ortga» tugmasini bossangiz aynan o'sha bo'limga (va o'sha davrga) qaytasiz. Havolani birovga bersangiz ham u o'zingiz ko'rgan bo'limni ochadi.

Davrni tanlash ​

Har ikki bo'lim tepasida bir xil davr tanlagich turadi: bir bosishlik tayyor tugmalar — Barchasi, Bugun, Kecha, Shu hafta, Shu oy, O'tgan oy — va yonida kalendar tugmasi. Kalendarda qolgan tayyor davrlar ham bor (O'tgan hafta, Oxirgi 7 kun, Oxirgi 30 kun, Shu yil, O'tgan yil), o'z oralig'ingizni tanlash uchun esa ikki kunni bosasiz — orasi o'zi belgilanadi.

Bu sahifa «Barchasi» bilan ochiladi, ya'ni butun tarix ko'rinadi. Boshqa hisobotlardan farqi shu: bu yerdagi ikki bo'lim ham jurnal, va majburiy davr qo'yilsa siz ilgari ko'rgan yozuvlar jimgina qirqilib qolardi.

Tanlagan davringiz manzilda saqlanadi — havolani nusxalab yuborsangiz odam aynan siz ko'rgan davrni ochadi. Tayyor davr uchun manzilga uning nomi yoziladi, ya'ni «Shu oy» havolasi ertaga ochilganda ham o'sha paytdagi shu oyni beradi.

Ikki bo'lim davri alohida eslab qolinadi: Katalog narxlarida «Shu oy», Sotuvdagi chetlanishlarda «Barchasi» qo'yib qo'yish mumkin.

Katalog narxlari ​

Jadval har o'zgarish uchun bitta qator beradi:

UstunNimani ko'rsatadi
SanaQachon o'zgargani
MahsulotQaysi tovar
Qaysi narxChakana narx, Tannarx, Ulgurji narx, Blok narxi, Dona narxi yoki Bo'lak narxi
Eski / YangiNarx nimadan nimaga o'zgargani
FarqAyirma va foizi
SababNarx qaysi yo'l bilan o'zgargani
KimO'zgartirgan xodim

Har bir narx maydoni alohida qator bo'ladi. Ya'ni bitta tahrirda tannarx ham, sotuv narxi ham o'zgargan bo'lsa — ikkita qator ko'rasiz.

Faqat haqiqiy o'zgarish yoziladi. Formani ochib, hech nimani o'zgartirmay saqlasangiz jurnalga hech narsa tushmaydi. 5000 va 5000.00 ham bir xil narx hisoblanadi.

Eski ustunida — turgan bo'lsa — ilgari bu narx umuman qo'yilmagan edi. Yangi ustunida — — narx olib tashlangan.

Mahsulotning BIRINCHI narxi bu yerda ko'rinmaydi ​

Mahsulot yaratilayotganda qo'yilgan narx jurnalga tushmaydi — na qo'lda kartochka ochganda, na Excel'dan yangi mahsulot yuklaganda. Sabab oddiy: bu o'zgarish emas, boshlanish nuqtasi — o'zgartiradigan eski narx yo'q edi.

Jurnal shu mahsulotning keyingi tahrirlaridan boshlanadi. Ya'ni mahsulot narxi 5000 bo'lib turgani holda jurnalda u haqda birorta qator bo'lmasa — bu buzuqlik emas: narx mahsulot yaratilgan kunidan beri o'zgarmagan degani.

Narx qaysi yo'llar bilan o'zgaradi ​

Sabab ustunida shu yo'llardan biri yoziladi:

SababNima bo'lgan
Qo'lda o'zgartirilganKimdir mahsulot kartochkasini — saytdagi mahsulot formasini yoki bozor sotuvchi panelidagi formani — ochib narxni tahrirlagan
Ko'p mahsulotga birdan o'zgartirilganBitta amal bilan bir nechta mahsulotning narxi birdan qo'yilgan
Xarid qabul qilishda o'zgarganTovar kirim qilinganda narx kirim hujjatidagi narxga yangilangan
Excel'dan yuklanganda o'zgarganExcel fayl yuklanganda fayldagi narx qo'yilgan
Excel yuklamasi qaytarilgandaExcel yuklamasi bekor qilinib, eski narxlar tiklangan
Filialga ko'chirilganda to'ldirilganTovar boshqa filialga ko'chirilganda, maqsad filialdagi mahsulotning bo'sh tannarxi ko'chirish tannarxidan to'ldirilgan
Ishlab chiqarishda hisoblanganIshlab chiqarish jarayoni yopilganda (bir martada kiritilganda — saqlanganda) tayyor mahsulotning tannarxi aniq tannarxga qo'yilgan

«Ishlab chiqarishda hisoblangan» qatorida jarayondagi birlik tannarxi mahsulot kartochkasiga yozilgani ko'rinadi: Ishlab chiqarish. Jarayon ochiq turganda natija qismlari qo'shilsa ham kartochka o'zgarmaydi — faqat yopilganda. Jarayon keyin bekor qilinsa, kartochkadagi tannarx o'zi eski holiga qaytmaydi — kerak bo'lsa qo'lda to'g'rilaysiz.

«Filialga ko'chirilganda to'ldirilgan» qatori faqat bo'sh narx to'ldirilganda chiqadi: maqsad filialda shu tovar bor edi, lekin tannarxi qo'yilmagan edi. Tannarxi allaqachon bor mahsulotga ko'chirish tegmaydi. Ko'chirish haqida: Filiallar orasida tovar ko'chirish.

«Kim» ustunida Avtomatik deb yozilgan bo'lsa — o'zgarishni xodim emas, tizimning o'zi qilgan.

«Ko'p mahsulotga birdan o'zgartirilgan» qatori amalda deyarli uchramaydi: narxni bir nechta mahsulotga birdan qo'yish ilovalarda hozircha ochilmagan. Ko'p mahsulot narxini birdan yangilash uchun Excel yuklashdan foydalaniladi — u «Excel'dan yuklanganda o'zgargan» deb yoziladi.

«Narx nega o'zi o'zgardi?» ​

Eng ko'p uchraydigan savol shu, va javobi deyarli har doim xarid qabul qilish.

Tovarni kirim qilganingizda tizim mahsulot kartochkasidagi narxlarni kirim hujjatidagi narxlarga avtomatik yangilaydi — oxirgi kirim ustun keladi:

  • tannarx — har doim yangilanadi, kirimdagi kelish narxiga;
  • ulgurji narx — kirim satrida ulgurji narx to'ldirilgan bo'lsa;
  • chakana narx — kirim satrida sotuv narxi to'ldirilgan bo'lsa.

Ya'ni kirim satrida sotuv narxini yozib qo'ysangiz, tasdiqlash bilan mahsulotning sotuv narxi ham o'zgaradi. Ko'pchilik buni sezmay qoladi va keyin «narxni hech kim o'zgartirmagan-ku» deb hayron bo'ladi.

Bunday qatorda Sabab ustunida xarid raqami havola bo'lib turadi — bosing, o'sha kirim hujjatiga o'tasiz va qaysi satrdan kelganini ko'rasiz. «Kim» ustunida esa tovarni qabul qilgan xodim turadi.

Kirim haqida batafsil: Tovar qabul qilish (kirim).

Filtrlar va yuklab olish ​

Bu bo'limda:

  • davr — tayyor davr tugmalari va kalendar (pastda batafsil);
  • Qaysi narx — masalan faqat chakana narx o'zgarishlari;
  • Sabab — masalan faqat «Xarid qabul qilishda o'zgargan».

CSV tugmasi va yonidagi hisoblagich ikkala bo'limda ham bir xil ko'rinishda. CSV jadvalni Excel uchun yuklab beradi, lekin diqqat: u ko'rsatilgan qatorlarni yozadi, hammasini emas — tugma yonida «Ko'rsatilmoqda: N / M» deb turadi, N — faylga tushadigan qator soni. Ya'ni hali ochilmagan (skroll qilinmagan yoki boshqa sahifadagi) qatorlar faylga tushmaydi.

Sotuvdagi chetlanishlar ​

Bu bo'limda tovar katalog narxidan boshqa narxda ketgan sotuv satrlari turadi. Ro'yxat shu faktni qayd qiladi — nima uchun shunday bo'lganini emas. Eng ko'p uchraydigan sabab: kassir katalog narxini o'chirib boshqa summa yozgan. Kassir dona narxiga tegmasdan qatorga so'mda chegirma bergan satr ham shu yerda (pastga qarang). Lekin yagona sabab bular emas — pastdagi ikki izohga qarang.

UstunNimani ko'rsatadi
SanaSotuv vaqti
SotuvSotuv raqami — bosib sotuvni ochish mumkin
Mahsulot, MiqdorNima va qancha sotilgan
Asl narxO'sha paytdagi katalog narxi
Sotilgan narxHaqiqatda urilgan narx + belgi: Qimmat sotilgan yoki Arzon sotilgan
Satr chegirmasiKassir qatorning jamini so'mda tushirgan bo'lsa — o'sha summa (−500); bo'lmasa «—»
FarqJami farq — bir donadagi farq, kassir narxi qo'llangan miqdorga ko'paytirilgan, satr chegirmasi ham ayirilgan. Shu miqdor 1 dan boshqa bo'lsa, ostida «1 ta uchun» ham chiqadi (0 bo'lsa — «narx qo'llanmagan»)
KassirKim sotgan

Yuqorida Jami chetlanishlar ko'rsatkichi filtrga mos qatorlar sonini beradi. Qanday sotilgan filtri bilan faqat arzon yoki faqat qimmat sotilganlarni ajratib olasiz. Bu bo'limda ham sana oralig'i, CSV tugmasi va «Ko'rsatilmoqda: N / M» hisoblagichi bor — qamrov qoidasi yuqoridagi bilan bir xil.

Ulgurji narxda sotilgan chekda taqqoslash ham ulgurji narx bo'yicha boradi — chakana narx bilan emas. (Mahsulotga ulgurji narx qo'yilmagan bo'lsa, chakana narxi ishlatiladi.)

Internetsiz ishlagan kassaning sotuvlari serverga yetib borgandan keyin ko'rinadi. Narx chegarasi kassaning o'zida tekshiriladi, lekin chegara unga tovar bilan birga oldindan boradi: kassa oflayn turgan paytda siz saytda narxni o'zgartirsangiz, u eski chegara bilan ishlaydi. Bunday sotuv endi rad etilmaydi — sotilganicha yoziladi va shu ro'yxatga tushadi. Ya'ni bu yerda kassir chindan «past narx qo'ydi» ham, «kassasi eski chegara bilan ishladi» ham bo'lishi mumkin; Chegirma va narx o'zgartirish sahifasida buning sababi yozilgan.

Bu «o'g'irlik ro'yxati» emas

Narxni o'zgartirish — ruxsat berilgan ish. Kelishilgan narx, chakana mijozga chegirma, yetkazib berish uchun ustama — hammasi shu ro'yxatga tushadi. Ro'yxat javob bermaydi, savol beradi: nega bu tovar arzon ketdi?

Kim narx o'zgartira olishini o'zingiz belgilaysiz: Chegirma va narx o'zgartirish.

Ba'zi qatorlarda hech kim narxga tegmagan bo'ladi

Saytdagi sotuv formasi mahsulot narxini sahifa ochilgan paytdagi holatda ushlab turadi. Agar shu orada katalog narxi o'zgarib ketsa — masalan boshqa xodim kirim tasdiqlagan bo'lsa, u esa narxni avtomatik yangilaydi (yuqoriga qarang) — eski sahifadan yuborilgan sotuv shu ro'yxatga tushadi. Qatorda sotuvchining ismi turadi, lekin u narxni o'zgartirmagan: shunchaki sahifasi eskirgan.

Buni tanish oson: Asl narx — yangi katalog narxi, Sotilgan narx esa eski narx bo'ladi, ya'ni farq aynan o'sha kungi narx o'zgarishiga teng chiqadi. Tekshirish uchun Katalog narxlari bo'limidan shu mahsulotni qarang — sotuv vaqti atrofida narx o'zgarganmi.

Bu faqat saytdagi sotuv formasiga tegishli. Kassa dasturi va mobil ilova narxni faqat kassir chindan o'zgartirganda belgilaydi — u yerdan bunday qator kelmaydi.

Nimalar bu ro'yxatga TUSHMAYDI ​

Bularni bilib qo'ying — aks holda ro'yxat bo'sh bo'lgani uchun «hammasi joyida» degan noto'g'ri xulosa chiqadi:

  • Kartochkadagi narxida sotilgan dona va bo'lak satrlari. Tarozili tovarni donalab (masalan kilo bilan turgan kolbasadan bir dona) yoki donali tovarni bo'laklab sotgan satr mahsulot kartochkasidagi Dona narxi / Bo'lak narxi bo'yicha ketgan bo'lsa — bu chetlanish emas. Kassir dona yoki bo'lak narxini o'zgartirgan bo'lsa esa satr shu ro'yxatga tushadi (pastga qarang). Narxning o'zi kartochkada o'zgartirilsa — u Katalog narxlari bo'limida ko'rinadi.
  • Aksiya sovg'asi. Har N-chi xaridorga beriladigan bepul tovar chetlanish emas, shuning uchun chiqarib tashlanadi.
  • Butun chekka berilgan chegirma. Bu yerda faqat qator narxi va qator chegirmasi taqqoslanadi. Chek pastidagi umumiy chegirma sotuvning o'zida ko'rinadi.

Blok bilan sotilgan satr: «Miqdor 24, farq esa 0» ​

Blok (yig'ma quti, o'ram) bilan sotilgan tovar blok narxida ketadi — kassir qator narxini o'zgartirsa ham, blokka kirgan miqdorga o'sha narx tegmaydi. (Blok hajmi donada butun son, kg/litr/metrda esa kasr ham bo'lishi mumkin — hisob ikkalasida bir xil.) Shuning uchun Farq ustunidagi summa butun miqdorga emas, faqat kassir narxida ketgan miqdorga hisoblanadi.

Buni ko'rish uchun Miqdor ustuni ostida kichkina yozuv chiqadi:

Nima ko'rasizNimani anglatadi
Miqdor 24, ostida «shu narxda: 0»Hammasi blok narxida ketgan — narx o'zgartirilgani do'konga hech nima turmagan, Farq 0 va ostida «narx qo'llanmagan» deb yoziladi
Miqdor 26, ostida «shu narxda: 2»24 tasi blok narxida, 2 tasi kassir yozgan narxda — Farq faqat shu 2 taga hisoblanadi

Ya'ni qatordagi uch raqam bir-biriga to'g'ri keladi: 1 ta uchun farq × shu narxda ketgan miqdor = Farq. Miqdor ostida yozuv bo'lmasa — satrning hammasi kassir yozgan narxda ketgan.

Dona va bo'lak narxi o'zgartirilgan satr ​

Kassir dona yoki bo'lak narxini o'zgartirsa (qanday qilinadi), satr bu ro'yxatda bitta dona (bo'lak) narxi bilan turadi: Asl narx — kartochkadagi dona narxi, ostida «1 dona narxi»; Sotilgan narx — kelishilgan dona narxi; Miqdor ostida «shu narxda: 3 dona»; Farq — bir donadagi farq × dona soni, ostida «1 dona uchun». Masalan kolbasa kartochkada 20 000 so'm/dona, 3 dona 18 000 dan sotilgan — Farq −6 000. Bo'lakda ham shunday, so'z «bo'lak» bo'ladi.

Chetlanish dona narxidan o'lchanadi — kg narxi bilan solishtirilmaydi. Yuklab olingan faylda ham narxlar va «Shu narxda ketgan miqdor» dona (bo'lak) bo'yicha chiqadi, Miqdor esa asosiy birlikda (kg) qoladi; alohida «birlik» ustuni faylda hozircha yo'q.

CSV faylida bu «Shu narxda ketgan miqdor» ustuni bo'lib chiqadi — Excelda «Jami farq»ni tekshirmoqchi bo'lsangiz, ko'paytuvchi aynan o'sha ustun, Miqdor emas.

Qator chegirmasi berilgan satr ​

Kassir dona narxiga tegmasdan qatorning jamini tushirsa (qanday qilinadi) — masalan 7 ta tort × 1 500 = 10 500 o'rniga 10 000 olsa — satr bu ro'yxatga tushadi va doim Arzon sotilgan deb belgilanadi:

UstunQiymat
Asl narx, Sotilgan narx1 500 va 1 500 — dona narxi o'zgarmagan
Satr chegirmasi−500
Farq−500, ostida «satr chegirmasi»

Dona narxi ham tushirilgan bo'lsa (7 × 1 400, ustiga 300 chegirma) Farq ikkalasining yig'indisi: 7 × (−100) − 300 = −1 000. Qatordagi raqamlar doim bir-biriga to'g'ri keladi: 1 ta uchun farq × shu narxda ketgan miqdor − satr chegirmasi = Farq. Yuklab olingan faylda ham «Satr chegirmasi» ustuni bor.

Bunday chegirma «Foyda va zarar» dagi «Chegirmalar» qatoriga kirmaydi — u tovar summasining ichida. Kassir bo'yicha kim qancha bergani aynan shu ro'yxatdan ko'rinadi.

Nega men ko'rgan qatorlar xodimda kamroq ​

Ikki xil ruxsat ishlaydi — ikkalasini ham siz berasiz (Xodimlar formasi → «Maxfiy ma'lumotlar»):

RuxsatBu sahifada nima qiladi
Hisobotlar bo'limini ochishSahifani umuman ochadi. Ruxsati yo'q xodimda «Hisobotlar» menyusi ko'rinmaydi
Tannarx va foydani ko'rishTannarx va Ulgurji narx qatorlarini ochadi

Ya'ni xodimga hisobotlarni ochib, tannarxni ochmasangiz — u Katalog narxlari bo'limida tannarx va ulgurji narx o'zgarishlarini umuman ko'rmaydi. Ular unga yashirilmaydi, balki serverdan yuborilmaydi ham. Shu sababli uning ekranidagi qatorlar soni sizinikidan kam bo'ladi — bu xato emas.

Sotuvdagi chetlanishlar bo'limida bunday cheklov yo'q — qatorlar hammaga bir xil ko'rinadi. Diqqat qiling: ulgurji narxda ketgan chekda Asl narx ustunida mahsulotning ulgurji narxi turadi, ya'ni tannarxni ko'rish ruxsati bo'lmagan xodim uni shu yerdan ko'radi.

Bu ataylab shunday. Birinchidan, o'sha xodim sotuvning o'zini ochsa bu narxni baribir ko'radi — yashiradigan yangi ma'lumot yo'q. Ikkinchidan, qatorlarni kesib tashlash ancha yomon bo'lardi: ro'yxat tekshiruv uchun, va yarim ko'rsatilgan ro'yxat «chetlanish yo'q ekan» degan noto'g'ri xulosaga olib kelardi.

Tannarxning o'zi bu bo'limda umuman yo'q — na ustun sifatida, na foyda hisobida.

Ruxsatlar haqida: Xodim qo'shish va huquqlar.

Nega jurnal bo'sh ​

Birinchi marta ochganingizda Katalog narxlari bo'limida «Bu yerda narx o'zgarishlari ko'rinadi», Sotuvdagi chetlanishlar bo'limida esa «Narx o'zgartirib sotilgan tovar yo'q» degan yozuv turadi. Bu buzuqlik emas.

Jurnal shu funksiya yoqilgan kundan boshlab yozadi. Undan oldingi narx o'zgarishlari hech qayerda saqlanmagan edi va ularni tiklab bo'lmaydi. Bir necha kun ishlaganingizdan keyin jadval to'la boshlaydi.

Ikkinchi sabab — o'zgarishning o'zi bo'lmagani: mahsulot yaratilganda qo'yilgan narx jurnalga tushmaydi (yuqoriga qarang), shuning uchun narxi hech qachon tahrirlanmagan mahsulot bu yerda umuman ko'rinmaydi.

Sana yoki ustun filtri qo'yilgan bo'lsa bu yozuv o'rniga «Tanlangan filtrga mos o'zgarish topilmadi» (chetlanishlar bo'limida — «Tanlangan filtrga mos sotuv topilmadi») chiqadi. U holda avval Filterlarni tozalashni bosib ko'ring.

Qizil yozuvni bo'sh jurnal bilan aralashtirmang

Agar «Ma'lumotlarni yuklab bo'lmadi» degan qizil xabar chiqsa — bu jurnal bo'sh degani EMAS, internet yoki server bilan aloqa uzilgan degani. Qayta urinish tugmasini bosing.

Keyingi qadam ​