Tungi rejim
Qaysi hisobot nima uchun?
Qisqacha javob: Savolingizga qarab hisobot tanlanadi — quyidagi jadvaldan foydalaning.
Savol → hisobot
| Savol | Hisobot |
|---|---|
| Bugun qancha savdo bo'ldi? | Bosh sahifa |
| Qaysi tovar yaxshi sotilyapti? | Sotuv hisoboti |
| Qaysi tovar sekin sotilyapti va pulim qotib turibdi? | ABC tahlil → C guruhi |
| Qaysi yetkazib beruvchining tovari yaxshi sotilyapti? | Sotuv hisoboti (yetkazib beruvchilar) |
| Haqiqiy foydam qancha? | Foyda |
| Nasiyaga sotgandan qancha ustama tushdi? | Foyda → «Bo'lib to'lash ustamasi» |
| Bu narxni kim qo'ydi? | Narxlar tarixi |
| Kassir narxni o'zgartirib sotdimi? | Narxlar tarixi |
| Pulim qayerga ketyapti? | Moliya hisoboti |
| Omborda qancha pulim yotibdi? | Ombor holati |
| Kim menga qancha qarzdor? | Qarzdorlar ro'yxati |
| Shu oy eng ko'p kim xarid qildi? | Mijozlar tahlili → «Top mijozlar» (davr tanlanadi) |
| Men bankka qancha qarzdorman? | Do'konning o'z qarzi |
| Qaysi filial yaxshi ishlayapti? | Filiallar solishtirma |
| Kassir qancha savdo qildi? | Sotuv hisoboti (kassir bo'yicha) |
| Xodim nechta mijoz qo'shdi, sotuvlarining qanchasida mijoz tanlandi? | Xodimlar hisoboti |
| Kunning qaysi soatlari gavjum? | Sotuv hisoboti → «Soatlar» |
«Soatlar» bo'limi tanlangan davrni bitta kun profiliga yig'adi: 00:00 dan 23:00 gacha 24 ta qator. Ya'ni oylik davrda ham har kunning soatlari alohida chiqmaydi — bir xil soat qo'shilib ketadi.
«Kassir bo'yicha» bo'limidagi summa — aylanma: mijoz to'lagan (yoki to'laydigan) to'liq summa, bo'lib to'lash ustamasi ham shuning ichida. Xodimga sotuvdan foiz to'lasangiz, oylik bu raqamdan emas, tovar summasidan hisoblanadi — shuning uchun ikki ekranda ikki xil son ko'rinishi mumkin. Batafsil: Xodimlar oyligi.
Pul aylanmasi — pul kelib-ketishi
Moliya hisoboti → Pul aylanmasi bo'limida tanlangan davrdagi HAMMA pul harakati bitta ro'yxatda turadi: sotuvdan tushgan pul, mijoz to'lovi, xarajat, yetkazib beruvchiga to'lov, qarz olish va qaytarish, kassa tuzatishlari.
Ro'yxat to'liq — davrda nechta harakat bo'lsa hammasi ko'rinadi. Pastdagi sahifa raqamlari (yoki «Yana yuklash») bilan oxirigacha varaqlash mumkin. Ustun sarlavhasidan saralash va filtr qo'yish mumkin, masalan faqat xarajatlarni qoldirish.
Yuqoridagi Kirim / Chiqim / Farq kartalari BUTUN davr bo'yicha hisoblanadi — ekranda ko'rinib turgan qatorlar bo'yicha emas. Filtr qo'ysangiz kartalar ham o'sha filtrga moslanadi.
Kassalar orasidagi ko'chirish, seyfga topshirish va pul turini almashtirish (naqd ↔ elektron) ro'yxatda ko'rinadi, lekin kirimga ham, chiqimga ham qo'shilmaydi: pul do'kondan chiqmagan, faqat joyini o'zgartirgan.
Qatorga bosilsa tafsilot oynasi ochiladi
Ro'yxatdagi istalgan qatorni bosing, tafsilot oynasi ochiladi. Yuqorida summa, yo'nalish (Kirim / Chiqim / Ichki ko'chish), sana, qayerdan-qayerga, pul turi, kim yozgani va izoh turadi — bular darhol chiziladi.
Pastida esa shu pulni keltirib chiqargan hujjat ko'rinadi: uning nomi, asosiy maydonlari va ochadigan havolasi. Yozuv turiga qarab har xil bo'ladi — sotuv, xarid to'lovi, xarajat, mijoz to'lovi, qarz berish/olish/qaytarish, smena yopilishi. Havola tugmasi o'z nomi bilan ataladi: «Sotuvni ochish», «Xaridni ochish», «Mijoz kartasini ochish», «Xarajatlar ro'yxati», «Qarzlar bo'limi», «Smenalar ro'yxati».
Sotuvda chegirma qog'oz chekdagidek ikki qatorda, ikkalasi ham so'mda: «Chegirma (10%)» — kassada chekka berilgan chegirma (so'mda berilgan bo'lsa qavssiz, shunchaki «Chegirma») va «Aksiya chegirmasi» — har N-chi xaridor aksiyasi. Qaysi biri bo'lmasa, o'sha qator chiqmaydi.
Oyna yozuvning hujjatga munosabatini ham aytadi: «Bu pul quyidagi hujjatdan», «Bu yozuv quyidagi hujjatning bekor qilinishi» yoki «Bu yozuv quyidagi smenadagi sanoq farqi».
Havoladan ortga qaytish. Hujjatni ochib bo'lgach brauzerning «ortga» tugmasi sizni o'zingiz qoldirgan holatga qaytaradi: o'sha hisobot, o'sha bo'lim («Pul aylanmasi»), o'sha davr va ustun filtrlari joyida turadi. Oyna esa qayta ochilmaydi — ortga qaytgan odam ro'yxatni ko'rishni xohlaydi, kerak bo'lsa qatorni yana bosadi. Bo'lim manzilda saqlangani uchun hisobotning aynan shu bo'limiga havola berish ham mumkin.
Bu qoida hamma hisobot sahifasiga tegishli — Sotuv, Moliya, Ombor holati, Narxlar va Mijozlar tahlili. Tanlagan bo'limingiz manzilga yoziladi (?bolim=…), shuning uchun:
- ortga qaytganda o'sha bo'lim ochiladi, standart bo'limga tushib qolmaysiz;
- havolani birovga bersangiz u ham aynan o'sha bo'limni ko'radi;
- bo'limlar orasida yurish brauzer tarixini to'ldirmaydi — beshta bo'limni ko'rgan odam hisobotdan chiqish uchun besh marta «ortga» bosmaydi.
Standart bo'lim manzilda ko'rinmaydi — havola qisqa qoladi.
Ba'zi qatorlarda havola bo'lmaydi — bu xato emas, ularning ortida hujjat umuman yo'q. Oyna bo'sh qolmaydi, sababini yozadi:
| Qator | Nima deyiladi |
|---|---|
| Kassalar orasidagi ko'chirish | «Kassalar orasidagi ko'chirish — alohida hujjat yaratilmaydi. Pul do'kon ichida qoladi.» |
| Pul turi almashtirish | «Kassa ichida pul turi almashtirildi (naqd ↔ elektron). Pul kassadan chiqmadi.» |
| Seyfga qo'lda kiritilgan / chiqarilgan pul | «…hujjatga bog'lanmaydi. Sababi izohda yozilgan.» |
| Hujjati o'chirilgan yozuv | «Bog'langan hujjat o'chirilgan — ochib bo'lmaydi.» |
Smena yopilishida seyfga topshirilgan pul endi smenaga bog'lanadi va «Smenalar ro'yxati» havolasi bilan ochiladi. Ilgari bu qator havolasiz «yetim» bo'lib qolardi. Eski yozuvlarda havola izohdagi smena raqamidan tiklanadi, lekin faqat do'kon va kassa mos kelsa — mos kelmasa havola berilmaydi va o'rniga sabab yoziladi. Noto'g'ri smenaga olib borgandan ko'ra havolasiz qolgani yaxshi.
Ruxsat. Pul aylanmasi ro'yxatiga kassa ko'rish huquqi bilan kiriladi, ya'ni sotuvni ko'rish huquqi yo'q kassir ham kiradi. Shuning uchun hujjat bloki hujjatning o'z ruxsati ortida turadi: ruxsat bo'lmasa maydonlar ham, havola ham chizilmaydi — faqat hujjat turi («Sotuv», «Xarid», «Xarajat» …) va sabab ko'rinadi: «Bu hujjatni ko'rish uchun ruxsatingiz yo'q — tafsilot va havola yashirilgan.» Boshqa kassirning smenasi ham alohida ruxsat ortida. Tannarx va foyda bu oynada hech kimga ko'rsatilmaydi.
Bitta kassa yoki seyf bo'yicha alohida hisob kerak bo'lsa — Kassa yoki seyf tarixi. U yerda seyfga topshirilgan pul o'sha kassaning chiqimi bo'lib sanaladi, chunki hisob do'kon emas, KASSA nuqtai nazaridan yuritiladi.
Mahsulotlar bo'yicha sotuv
Sotuv hisobotining Mahsulotlar bo'limida har tovar qancha sotilgani, qancha tushum bergani va qaysi guruhga — A, B yoki C — tushgani turadi (guruhlar, qoldiqdagi pul va zararsiz chegirma: ABC tahlil). «Sotildi» ustuni tovarning o'z birligida yoziladi: donali tovar — «3 ta», kilogrammli — «2,4 kg», litrli — «1,5 l». Jadval ustidagi «Yuklab olish» tugmasi Excel yoki PDF fayl beradi: unda son «Sotildi» ustunida, birlik esa alohida «Birlik» ustunida turadi (Excel'da miqdorni jamlash mumkin). Telefonda ham («Mahsulot sotuvlari» va bosh sahifadagi eng ko'p sotilganlar) miqdor xuddi shunday o'z birligida yoziladi.
Kategoriyalar bo'limida «Soni» birlik bo'yicha alohida yoziladi: kategoriyada faqat donali tovar bo'lsa — «16 ta», kilogrammli ham bo'lsa — «6 kg, 10 ta». Kilogramm bilan dona hech qachon bitta songa qo'shilmaydi. Telefondagi «Kategoriya sotuvlari» ekranida ham xuddi shunday («6 kg, 10 dona»).
Yetkazib beruvchilar bo'limidagi «Soni» ham xuddi shunday birlik bo'yicha alohida: bitta yetkazib beruvchidan kilogrammli va donali tovar sotilgan bo'lsa — «2,5 kg, 10 ta». Butunlay qaytarilgan birlik umuman yozilmaydi — «0 kg, 10 ta» emas, «10 ta».
Qaytarilgan tovar sotilgan deb sanalmaydi
Mahsulotlar, Kategoriyalar va Yetkazib beruvchilar bo'limlari, bosh sahifadagi Top mahsulotlar, Filiallar solishtirmasi, Telegram botdagi top mahsulotlar va AI yordamchi — hammasi sof sotuvni ko'rsatadi: mijoz qaytargan qism miqdordan ham, tushumdan ham chiqariladi, bekor qilingan sotuv umuman kirmaydi.
Misol: chekda 1 ta Cola (12 000) va 2.5 kg olma (50 000) bor, mijoz Cola'ni qaytardi. Hisobotda Cola bu chekdan umuman ko'rinmaydi (0 ta emas — yo'q), olma — 2.5 kg, 50 000. Tovarning bir qismi qaytarilsa — hisobotdan aynan qaytarishda hisoblangan summa ayriladi, qaysi narxda qaytgan bo'lsa o'sha narxda:
- 1.5 kg sotilib 0.5 kg qaytsa — 1 kg, 20 000;
- blok (12 ta — 30 000) va 3 dona (3 000 dan) sotilib, 3 dona dona narxida qaytsa — 12 ta, 30 000 (chekda qolgani ham 30 000);
- 1.4 kg × 12 345 = 17 283 sotilib 0.5 kg qaytsa — qaytarish 6 173 (yarim so'm yuqoriga), hisobotda 11 110 — chekdagi bilan bir xil.
Bekor qilingan qaytarish hisobga olinmaydi — tovar ham, pul ham tiklangan.
Tannarx hamma joyda bir xil: qolgan (qaytarilmagan) tovar qaysi partiyadan sotilgan bo'lsa, o'sha partiyaning kelish narxi — Mahsulotlar, Yetkazib beruvchilar, Filiallar, Foyda hisoboti, bosh sahifa va sotuvning «Sof foyda»si bir xil raqam ko'rsatadi. Misol: 1 ta 5 000 lik va 2 ta 6 000 lik partiyadan 3 ta sotilib, 1 tasi qaytarilsa — qaytgan tovar oxirgi (6 000 lik) partiyaga qaytadi, sotilgan ikkitasining tannarxi 5 000 + 6 000 = 11 000 (o'rtacha 5 666.67 × 2 = 11 333.34 emas).
Chek chegirmasi tovarlarga bo'linadi
Butun chekka berilgan chegirma — so'mda ham, foizda ham, har N-chi xaridor aksiyasi chegirmasi ham — shu bo'limlarda chekdagi tovarlarga ularning summasiga qarab bo'lib yoziladi. Har tovar hisobotda mijoz u uchun haqiqatda to'lagan summa bilan ko'rinadi.
Misol: chekda A — 2 ta 5 000 dan (10 000), B — 10 000, C — 3 ta 1 000 dan (3 000), jami 23 000; chekka 1 000 so'm chegirma berildi, mijoz 22 000 to'ladi. Hisobotda: A — 9 565, B — 9 565, C — 2 870, jami 22 000. Butun so'mga bo'lishda ortib qolgan so'm kasr qismi eng katta chiqqan tovarga beriladi (bu yerda C: 2 869.57 → 2 870; kasrlari teng bo'lsa — chekda oldin turganiga), shuning uchun tovarlar yig'indisi chekka so'mma-so'm teng.
Tovar narxining o'zidagi chegirma (kassir narxni tushirgan yoki mahsulotga qo'yilgan aksiya) tovar summasining ichida — u alohida bo'linmaydi. Qator chegirmasi ham shunday: kassir qatorning jamini tushirgan bo'lsa (7 ta × 1 500 = 10 500 o'rniga 10 000 — Uch xil chegirma), tovar hisobotda 10 000 bilan turadi. Chek chegirmasi esa shu 10 000 dan keyin bo'linadi. Qator chegirmasi «Foyda va zarar» dagi «Chegirmalar» qatoriga kirmaydi; har bir holatni Sotuvdagi chetlanishlar da ko'rasiz.
Qator chegirmali tovar qaytsa, mijozga chegirmali summadan o'z ulushi qaytadi: 7 tasi 10 000 ga sotilgan tortdan 3 + 3 + 1 qaytarilsa — 4 286 + 4 286 + 1 428 = 10 000 (batafsil: Tovarni qaytarish).
Chegirmali chekdan tovar qaytsa, hisobotdan mijozga qaytgan pul ayriladi. Qaytgan pul ham shu bo'lishdan hisoblanadi (tovarning chegirma ulushi ayirilgan), ya'ni misoldagi A dan 1 ta (5 000 lik) qaytsa, mijozga 4 783 qaytadi va A hisobotda 9 565 − 4 783 = 4 782 bo'ladi. Tovar butunlay qaytsa, u hisobotdan chiqib ketadi — qolgan tovarlarga chekda qolgan pul bo'linadi. Shu sababli oldingi qaytarishlar qanday hisoblangan bo'lmasin (masalan dasturning eski versiyasida), hisobot chekka teng bo'lib qoladi.
Shuning uchun Mahsulotlar, Kategoriyalar, Yetkazib beruvchilar, bosh sahifadagi Top mahsulotlar, Telegram bot va AI yordamchi jami tushumi bir-biriga va Sotuv hisoboti dagi tushumga so'mma-so'm teng — chegirmali, qaytarilgan va bekor qilingan cheklar bilan ham. Istisno — bo'lib to'lash ustamasi: u tovar narxi emas, tovarlarga bo'linmaydi. Sotuv hisoboti va Filiallar solishtirmasi uni tushumga qo'shadi, tovar bo'limlari — yo'q.
Farq faqat eski cheklarda qolishi mumkin: chek summasi tiyinli bo'lsa (bir so'mdan kam) yoki dasturning eski versiyasida tovar qaytarilib, uning puli chek summasidan ayirilmagan bo'lsa (hisobotda qaytgan tovar yo'q, chek summasida esa uning puli bor). Eski versiyada qaytarilgan tovar chek summasidan ayirilgan bo'lsa — hisobot chekka teng. Tovarsiz yozilgan sotuv (masalan boshlang'ich qarz) tovar bo'limlariga kirmaydi.
Yetkazib beruvchilar bo'yicha sotuv
Sotuv hisobotidagi Yetkazib beruvchilar bo'limi savolga javob beradi: qaysi yetkazib beruvchidan olingan tovar ko'proq sotilyapti va qancha foyda keltiryapti.
Hisob tovar qaysi partiyadan yechilganiga qarab yuritiladi. Ya'ni bitta mahsulotni ikki xil yetkazib beruvchidan olgan bo'lsangiz, sotuv ular o'rtasida haqiqatda sotilgani bo'yicha bo'linadi — «oxirgi yetkazib beruvchi» degan taxmin ishlatilmaydi.
Misol: 1 ta kofe A dan 5 000 ga, 2 tasi B dan 6 000 ga olingan; 3 tasi 10 000 dan sotildi, 1 tasi qaytarildi. Hisobotda: A — 1 ta, tushum 10 000, tannarx 5 000, foyda 5 000; B — 1 ta, tushum 10 000, tannarx 6 000, foyda 4 000. Ya'ni har bir dona o'z sotilgan narxida, tannarx esa o'z partiyasi narxida — qaysi yetkazib beruvchining tovari foydaliroq ekani ko'rinadi.
To'plam (kit) sotilganda tushum tarkibidagi tovarlar o'rtasida ularning tannarxi ulushida bo'linadi (1 ta non va 0.15 kg go'shtni miqdor bo'yicha qo'shib bo'lmaydi).
Tushum butun so'mda ko'rsatiladi va barcha yetkazib beruvchilar yig'indisi Mahsulotlar va Kategoriyalar bo'limlari jamiga aynan teng; tannarx yig'indisi — Foyda hisobotidagi tannarxga.
Xarid hujjatisiz kirim qilingan tovar (Excel import, filialdan ko'chirish, inventarizatsiya tuzatishi) va partiyalar hisobi joriy qilinishidan oldingi eski sotuvlar alohida «Yetkazib beruvchisi noma'lum» qatorida ko'rinadi — ular yo'qolmaydi.
Hisobotlar kimga ochiq
Hisobotlar faqat rahbarga ko'rinadi. Kassir tannarx va foydani ko'rmaydi — bu ataylab shunday.
Kerak bo'lsa ayrim xodimga hisobot huquqini berish mumkin: Xodim qo'shish va huquqlar.
Hisobot ma'lumoti qachon yangilanadi
Hisobotlar serverdan real vaqtda olinadi. Lekin kassa internetsiz ishlayotgan bo'lsa, uning sotuvlari hali serverga yetib bormagan bo'lishi mumkin — internet qaytganda ular ham qo'shiladi.
Hisobotni yuklab olish
Jadval ustidagi «Yuklab olish» tugmasi ro'yxatni Excel yoki A4 PDF ga chiqaradi — buxgalter uchun yoki o'z tahlilingiz uchun.
Ikki narsani bilib qo'ying:
- Faylga butun ro'yxat tushadi, ekranda ko'rinib turgan sahifa emas;
- qo'ygan shartingiz saqlanadi — qidiruv, ustun filtri va davr faylda ham o'z kuchida, PDF sarlavhasida esa qaysi shart qo'llangani yozib qo'yiladi.
Fayl serverda yasaladi, ya'ni ruxsat chegarasi u yerda ham ishlaydi: tannarx ruxsati bo'lmagan xodimning faylida foyda ustunlari umuman bo'lmaydi. Batafsil: Ro'yxatni faylga chiqarish.