Skip to content

AI yordamchini do'konga qanday ulayman? ​

Qisqacha javob: my.topsavdo.uz → Sozlamalar → AI yordamchini ulash → «Yangi kalit». Chiqqan kalitni nusxalab, Claude Desktop yoki Claude Code sozlamasiga qo'yasiz. Shundan keyin AI'dan do'koningiz haqida to'g'ridan-to'g'ri so'rashingiz mumkin.

Bu nima beradi ​

Ulangandan keyin siz AI bilan oddiy suhbatda ishlaysiz:

  • «Bugun qancha savdo bo'ldi?»
  • «Shu oy foydam o'tgan oyga nisbatan qanday?»
  • «Qaysi tovar tugab qolgan?»
  • «Kim qancha qarzdor?»
  • «Saidxon oxirgi 90 kunda nimalar oldi?»
  • «Qaysi mijozlar kamroq kela boshladi?»
  • «Ikki filialimni solishtir»

AI raqamlarni o'ylab topmaydi — u sizning haqiqiy hisobotlaringizni o'qiydi va shu asosda javob beradi.

Ulanish faqat o'qiydi: AI orqali sotuv qilib, narx o'zgartirib yoki biror narsani o'chirib bo'lmaydi.

Qaysi dasturlar bilan ishlaydi ​

DasturHolati
Claude Desktop (kompyuterga o'rnatiladigan)Ishlaydi
Claude Code (terminal)Ishlaydi
claude.ai (brauzerdagi sayt)Hozircha yo'q
ChatGPT (sayt va ilova)Hozircha yo'q

Sayt versiyalari boshqa turdagi ruxsat so'raydi (dastur sizni Topsavdoga alohida oyna orqali kiritadi). U hali tayyor emas — shuning uchun claude.ai yoki ChatGPT ulanish bo'limiga manzilni kiritsangiz, ulanish amalga oshmaydi. Bu xato emas, hali qo'shilmagan imkoniyat.

Tayyor bo'lganda shu sahifa yangilanadi.

1-qadam. Kalit olish ​

  1. my.topsavdo.uz ga do'kon egasi sifatida kiring;
  2. Sozlamalar → AI yordamchini ulash;
  3. Yangi kalit tugmasini bosing;
  4. Kalitga nom bering — qayerda ishlatishingizni yozing («Ish kompyuterim», «Uydagi noutbuk»). Keyin qaysi kalitni bekor qilishni adashmasdan topasiz;
  5. Kalit ekranga chiqadi. Uni darhol nusxalab oling.

Kalit faqat bir marta ko'rsatiladi

Biz kalitning o'zini saqlamaymiz — bazada faqat uning tekshirish izi turadi. Shuning uchun oyna yopilgach kalitni qayta ko'rsatishning imkoni yo'q. Yo'qotib qo'ysangiz eskisini bekor qilib, yangisini yaratasiz.

Kalit tsk_ bilan boshlanadi. Ro'yxatda uning faqat boshi ko'rinadi (tsk_ab12cd34…) — bu kalitni tanib olish uchun, ulanish uchun emas.

Kalit chiqarilgan oynada ikkala dastur uchun tayyor sozlama namunasi ham turadi, kalit ichiga qo'yilgan holda — qo'lda ko'chirib adashmaslik uchun eng qulay yo'l shu.

2-qadam-a. Claude Code'ga ulash ​

Terminalda bitta buyruq:

bash
claude mcp add --transport http topsavdo https://api.topsavdo.uz/mcp/ \
  --header "Authorization: Bearer BU_YERGA_KALIT"

BU_YERGA_KALIT o'rniga o'zingizning kalitingizni qo'ying.

Tekshirish: Claude Code ichida /mcp deb yozing — ro'yxatda topsavdo ulangan holatda turishi kerak.

2-qadam-b. Claude Desktop'ga ulash ​

  1. Claude Desktop → Settings → Developer → Edit Config;
  2. Ochilgan faylga quyidagini qo'ying (kalitni o'zingiznikiga almashtiring):
json
{
  "mcpServers": {
    "topsavdo": {
      "command": "npx",
      "args": [
        "-y",
        "mcp-remote",
        "https://api.topsavdo.uz/mcp/",
        "--header",
        "Authorization: Bearer BU_YERGA_KALIT"
      ]
    }
  }
}
  1. Faylni saqlang va Claude Desktop'ni butunlay yopib qayta oching.

Kompyuterda Node.js o'rnatilgan bo'lishi kerak — yuqoridagi npx buyrug'i shundan keladi. O'rnatilmagan bo'lsa nodejs.org dan yuklab oling.

Tekshirish: suhbat oynasining pastidagi asboblar belgisida topsavdo ko'rinadi.

AI nima ko'ra oladi ​

O'ttizdan ortiq ma'lumot manbai ochiladi. Ma'nosi bo'yicha:

  • Savdo — kunlik/davriy savdo yakuni, eng ko'p sotilgan tovarlar, kategoriya, xodim va to'lov turi kesimi, soatlar bo'yicha yuklama;
  • Foyda va pul — foyda-zarar va uning tarkibi, pul oqimi, kassa va hisoblar qoldig'i, xarajatlar, kassadagi pul harakati, smena yakuni, buxgalteriya yozuvlari;
  • Ombor — qoldiqlar, tugab qolgan tovarlar, harakatsiz («o'lik») tovar, tannarxdan arzon ketayotgan pozitsiyalar, kirim-chiqim operatsiyalari, mahsulot qidirish;
  • Hujjatlar — xarid hujjatlari, sotuv hujjatlari, onlayn buyurtmalar;
  • Mijozlar — qarzdorlar ro'yxati, bitta mijozning to'liq kartochkasi, mijoz qaysi tovarlarni qancha olgani (tovar yoki kategoriya bo'yicha), bitta chekning tarkibi, kamroq kela boshlagan doimiy mijozlar, eng ko'p xarid qilganlar, lidlar va sodiqlik dasturi;
  • Do'kon — filiallarni solishtirish, xodimlar ro'yxati, obuna holati;
  • Yordam — Topsavdoning o'zi bo'yicha savollarga javob (shu qo'llanma).

Mijoz nima olgani sotuv hisobotlari bilan bir qoidada hisoblanadi: bekor qilingan va to'liq qaytarilgan cheklar kirmaydi, mijoz qaytargan tovar miqdordan ham, summadan ham ayiriladi. Tannarx va foyda bu yerda ko'rsatilmaydi. Agar kassada hamma begona xaridni bitta mijozga yozsangiz (masalan «1 1» degan mijozga), o'sha mijozni tahrirlab «Umumiy mijoz (kassa uchun)» katakchasini belgilang (Mijozlar). Shunda AI uning xaridlarini bitta odamniki deb tahlil qilmaydi va «kamroq kela boshlaganlar» ro'yxatiga qo'shmaydi. AI buni o'zi taxmin qilmaydi: kuniga bir necha marta keladigan doimiy mijozingiz oddiy mijoz bo'lib qoladi.

Bir nechta filialingiz bo'lsa, AI avval qaysi do'kon haqida so'rayotganingizni aniqlaydi. Boshqa birovning do'koni hech qanday holatda ochilmaydi — kalit faqat sizning do'konlaringizga bog'langan.

Uzun ro'yxat sahifalab o'qiladi. Bitta so'rovda AI ko'pi bilan 50 ta qatorni oladi (ba'zi ro'yxatlarda 20–30 ta) — javob sig'ishi uchun. Ro'yxat uzunroq bo'lsa AI jami nechta yozuv borligini ko'radi va kerak bo'lsa qolganini o'zi so'rab oladi. Masalan bir oyda 150 ta xarajat bo'lsa va siz «hammasini ko'rsat» desangiz, AI ularni 50 tadan uch marta o'qiydi.

Jami summa esa alohida keladi: masalan 150 ta xarajatning jami va uning kategoriyalar bo'yicha taqsimotini Topsavdo o'zi hisoblab beradi — AI qatorlarni o'zi qo'shib chiqmaydi. Juda uzun ro'yxatlarda (bir necha yuz qator) AI hammasini o'qimasligi mumkin: u jami raqamni aytadi va to'liq ro'yxatni tegishli hisobot sahifasida ko'rishni tavsiya qiladi.

Bekor qilingan hujjatlar jamiga kirmaydi. Ro'yxatda ular holati bilan ko'rinadi, lekin AI aytadigan jami summaga qo'shilmaydi — ularning soni va summasi alohida aytiladi. Masalan: «Shu oy cheklar jami 2 160 000 so'm; bundan tashqari 3 ta chek bekor qilingan (2 331 000 so'm)».

  • Cheklar — jamiga bekor qilingan va to'liq qaytarilgan cheklar kirmaydi, qisman qaytarilgan chek esa qaytarishdan keyin qolgan summasi bilan kiradi. Shuning uchun cheklar jami Sotuv hisobotidagi tushum bilan ham, saytdagi Sotuvlar ro'yxati ostidagi jami bilan ham bir xil chiqadi — ikkalasi bitta qoidadan hisoblanadi.
  • Mijoz qaytarishlari — bekor qilingan qaytarish jamiga kirmaydi.
  • Kirimlar — bekor qilingan kirim jamiga ham, qarz jamiga ham kirmaydi. Yetkazuvchiga qisman yoki to'liq qaytarilgan kirim qaytarishdan keyin qolgan summasi bilan kiradi.
  • Yetkazuvchiga qaytarishlar — bekor qilingan qaytarish jamiga kirmaydi.
  • Buyurtmalar — jamiga bekor qilingan va rad etilgan buyurtmalar kirmaydi. Hali bajarilmagan (kutilayotgan, tasdiqlangan) buyurtmalar jamida bor — ular hali sotuv emas.

Saytdagi tegishli ro'yxatlar (Sotuvlar, Xaridlar, Yetkazib beruvchiga qaytarish, Buyurtmalar) ostidagi jami ham aynan shu qoida bilan hisoblanadi — AI va ekran bir xil raqamni aytadi.

Xavfsizlik ​

Kalit — parol bilan bir xil narsa. U orqali sizning tannarxingiz, foydangiz va mijozlaringizning qarzi ko'rinadi. Shuning uchun:

  • kalitni hech kimga bermang va yozishmada yubormang;
  • har qurilmaga alohida kalit chiqaring — biri yo'qolsa faqat o'shanisini bekor qilasiz, qolganlari ishlayveradi;
  • ishlatmaydigan kalitni bekor qiling.

Kalit faqat do'kon egasida bo'ladi. Xodimga kalit berilmaydi: MCP orqali tannarx va foyda ochiladi, xodimga esa bu raqamlar ataylab yopilgan (Xodim qo'shish va huquqlar).

Kalitni bekor qilish ​

Sozlamalar → AI yordamchini ulash → kalit qatoridagi savat belgisi.

Kalit shu zahoti ishlamay qoladi va u kiritilgan dastur do'koningizni ko'rmay qo'yadi. Yozuv ro'yxatda «Bekor qilingan» holatida qoladi — qachon va qaysi kalitni o'chirganingiz tarixda ko'rinib turadi.

Bekor qilingan kalitni qaytarib bo'lmaydi; kerak bo'lsa yangi kalit yaratasiz.

Xuddi shuni Sozlamalar → Profil → «Kirilgan qurilmalar» dan ham qilasiz: kalitlar «Ulangan dasturlar» bo'limida nomi va boshlanishi bilan («Uydagi noutbuk · tsk_ab12cd34») turadi, yonida oxirgi marta qachon ishlatilgani — ishlatilmayotgan kalitni topish oson. «Uzish» kalitni shu zahoti bekor qiladi, AI yordamchini ulash sahifasida u «Bekor qilingan» bo'lib ko'rinadi. «Hammasidan chiqish» kalitlarga faqat tasdiq oynasidagi «Telegram bot va AI ulanishlarini ham uzish» katakchasi belgilansa tegadi (Kirilgan qurilmalar).

Parolni o'zgartirsangiz barcha kalitlar o'zi bekor qilinadi (hisob o'chirilganda ham). Parol odatda begona odam kirib olganda o'zgartiriladi — u chiqarib olgan kalit ham shu bilan yopilsin. Parolni almashtirgach AI dasturlaringiz uchun yangi kalit yarating.

Ishlamayapti ​

«Kalit noto'g'ri yoki bekor qilingan» — kalit qatorda to'liq ko'chirilmagan bo'lishi mumkin (boshidagi tsk_ ham, oxirigacha hammasi kerak) yoki u bekor qilingan. Ro'yxatda holatini tekshiring. Yaqinda parolni o'zgartirgan bo'lsangiz — eski kalitlar shu sabab yopilgan.

«Kalit muddati tugagan» — muddatli kalit chiqargan bo'lsangiz. Yangisini yarating.

Claude Desktop ro'yxatda topsavdo ni ko'rsatmayapti — dastur to'liq yopilib qayta ochilganini va Node.js o'rnatilganini tekshiring. Sozlama faylida vergul yoki qavs xatosi bo'lsa ham ro'yxat bo'sh chiqadi.

AI «ruxsat yo'q» deydi — hisobingiz do'kon egasiniki ekanini va obunangiz amal qilayotganini tekshiring (Tarif va obuna).

Keyingi qadam ​