Skip to content

Kassaga qancha pul kirgan-chiqqanini qayerdan ko'raman?

Qisqacha javob: Saytda Kassa → Kassalar bo'limida kerakli kassani (yoki seyfni) bosing — oynada oxirgi harakatlar chiqadi. To'liq tarix uchun o'sha yerdagi «Hammasini ko'rish» tugmasini bosing.

Ikki ko'rinish

Kassani bosganda ochiladigan oynada qoldiq, bugungi tushum va oxirgi 15 ta harakat turadi — kunlik nazorat uchun shu yetadi.

«Hammasini ko'rish» esa alohida sahifa ochadi: kassaning butun tarixi, sahifalab varaqlanadi (yuzlab yoki minglab yozuv bo'lsa ham hammasi ko'rinadi).

To'liq tarix sahifasida nima bor

Yuqorida uchta karta:

  • Kassaga kirdi — shu kassaga tushgan pul;
  • Kassadan chiqdi — shu kassadan chiqqan pul;
  • Farq — ikkisining ayirmasi.

Uchala raqam ham butun ro'yxat bo'yicha hisoblanadi, ekranda ko'rinib turgan sahifa bo'yicha emas. Filtr qo'ysangiz kartalar ham o'sha filtrga moslanadi — masalan «faqat xarajat» qo'ysangiz, kartada aynan xarajatlar jami turadi.

Seyfni ochsangiz kartalar «Seyfga kirdi» / «Seyfdan chiqdi» deb nomlanadi — mantiq bir xil.

Ustunlar va filtrlar

Har bir ustun sarlavhasini bosing — o'sha yerdan saralash, filtr qo'yish, ustunni yashirish yoki ko'chirish mumkin:

UstunNimani beradi
SanaKun oralig'ini tanlash (tanlangan kunning o'zi ham kiradi)
Yo'nalishFaqat kirim, faqat chiqim yoki faqat ichki ko'chishlar
TurSotuv, xarajat, smena yopish, qarz qaytarish va h.k. — bir nechtasini birga
Qayerdan / QayergaIkkinchi tomon nomi bo'yicha (masalan «seyf»)
Pul turiNaqd yoki elektron
SummaEng kam va eng ko'p chegara
KimXodim ismi yoki logini bo'yicha
IzohIzoh matni bo'yicha

O'ng yuqoridagi «Ustunlar» tugmasi kerak bo'lmagan ustunni olib tashlaydi yoki ko'p valyutali do'kon uchun Valyuta ustunini qo'shadi. Tanlov brauzerda saqlanadi — keyingi safar ham o'sha ko'rinishda ochiladi.

Summa ustuni ostidagi «Hisoblash» yozuvini bossangiz, jadval oxirida yig'indi (yoki o'rtacha, eng kichik, eng katta) chiqadi — u ham butun ro'yxat bo'yicha.

Nega seyfga topshirilgan pul «chiqim» deb turibdi

Bu sahifa shu kassaning nuqtai nazaridan yozadi. Smena yopilganda pul seyfga topshirilsa, kassa uchun bu chiqim, seyf uchun esa kirim — shuning uchun bir yozuv ikki sahifada ikki xil ko'rinadi. Bu to'g'ri: pul kassada endi yo'q.

Moliya hisoboti → Pul aylanmasi bo'limi esa butun do'kon nuqtai nazaridan yozadi — u yerda kassa bilan seyf o'rtasidagi ko'chirish kirimga ham, chiqimga ham qo'shilmaydi, chunki pul do'kondan chiqmagan. Ikki bo'limda raqam har xil bo'lsa, sababi shu.

Naqdni elektronga (yoki aksincha) almashtirish esa ikkala joyda ham hech qaysi kartaga tushmaydi: ikkala uchi ham shu kassa, pul kirmagan ham, chiqmagan ham — faqat turi o'zgargan. Batafsil: Naqdni kartaga almashtirish.

Kassa dasturida bormi

Yo'q — bu sahifa hozircha faqat saytda (my.topsavdo.uz). Kassa dasturida smena yopish oynasidagi «Pul harakati» jadvali shu smena ichidagi kirdi-chiqdini ko'rsatadi: Kassadagi pul mos kelmasa.