Skip to content

Bildirishnomalarni qanday sozlayman? ​

Qisqacha javob: my.topsavdo.uz → Sozlamalar → Bildirishnomalar. Har bir xabar turining yonidagi o'tkazgichni bosib yoqasiz yoki o'chirasiz — sozlama darhol saqlanadi, alohida «Saqlash» tugmasi yo'q.

Shu sahifaga Bildirishnomalar ro'yxatining tepasidagi Sozlamalar tugmasi orqali ham o'tsa bo'ladi. Telefon ilovasida: Yana → Bildirishnomalar → yuqoridagi tishli g'ildirak belgisi.

Qanday xabarlar bor ​

TurQachon keladi
Kam qolgan mahsulotTovar qoldig'i uning o'zi uchun belgilangan eng kam qoldiqqa tushganda
BuyurtmaDo'koningizga yangi buyurtma kelganda, xaridor uni o'zgartirganda va boshqa do'konga bergan buyurtmangiz holati o'zgarganda
Xodimlik taklifiBoshqa do'konda ishlaydigan xodimga yuborgan taklifingizni u qabul qilganda yoki rad etganda
Shubhali sotuvNarxi qo'yilmagan tovar 0 so'mga yoki ruxsatsiz narx va chegirma bilan sotilganda, muddati o'tgan yoki tannarxi noma'lum tovar sotilganda, sotuv zararga chiqqanda, kartochkadagi blok (dona, bo'lak) narxi tannarxdan past bo'lib chiqqanda

Buyurtmani o'zingiz kiritsangiz, u haqida sizga xabar kelmaydi.

Shubhali sotuv xabari ​

Sotuv kassada, saytda, telefonda yoki buyurtmani bajarishda qilinganidan qat'i nazar keladi — internetsiz kassa sotuvi ham, internet qaytib u serverga tushganda. Qaysi holatlar «shubhali» va ular nimani bildiradi: Foyda — shubhali sotuvlar.

  • Bir soatda bitta xabar. Bitta do'kon bo'yicha bir soat ichidagi shubhali sotuvlar bitta xabarga yig'iladi: «Shubhali sotuvlar: 3 ta» va qaysi sabablar necha marta. Yangi shubhali sotuv qo'shilganda xabar yangilanadi va yana o'qilmagan bo'ladi, lekin brauzerga qayta yuborilmaydi. Internetsiz kassa kun bo'yi sotib, keyin hammasini birdan yuborsa ham shunday — o'nlab xabar kelmaydi.
  • Bossangiz sotuv ochiladi (saytda, telefonda va brauzer xabarida) — xabardagi oxirgi shubhali sotuv. Kassa dasturida xabar faqat ro'yxatda turadi. Qolganlari saytdagi Sotuvlar ro'yxatida «Shubhali» filtri bilan chiqadi (sotuv sahifasidagi sariq qutida «Barcha shubhali sotuvlar» havolasi ham bor).
  • Bir nechta filialingiz bo'lsa, xabar matni do'kon nomi bilan boshlanadi.
  • Muddati o'tgan tovarni o'zingiz tasdiqlab sotsangiz, u haqida sizga xabar kelmaydi — buni o'zingiz bilasiz. Xodim sotganida keladi.

«Kam qolgan mahsulot» xabari faqat tovarning o'z chegarasi bo'yicha keladi, do'kon standarti bo'yicha emas. Batafsil: Qoldiqni ko'rish.

Sozlama qayerlarda amal qiladi ​

  • Sayt, kassa dasturi va telefon ilovasi — uchalasi ham bitta bildirishnomalar ro'yxatini ko'rsatadi, ya'ni bir joyda o'chirsangiz, hamma joyda o'chadi.
  • Barcha filiallar — sozlama sizning hisobingizga bog'langan, do'konga emas. Bir nechta filialingiz bo'lsa ham bitta sozlama hammasiga amal qiladi.
  • Telegram — alohida. Telegram botiga keladigan xabarlar botning o'z sozlamasiga bo'ysunadi: Telegram xabarnomalari. Masalan, bu yerda «Buyurtma»ni o'chirsangiz ham, botda o'chirmaguningizcha Telegramga buyurtma xabari kelaveradi — va aksincha.

O'chirib qo'ysam nima bo'ladi? ​

O'chirilgan turdagi xabar umuman yozilmaydi — yashirilmaydi, balki yaratilmaydi. Keyin qayta yoqsangiz, shundan keyingi xabarlar keladi; o'chiq turgan paytdagilari chiqmaydi.

Bildirishnomalar email yoki SMS bo'lib kelmaydi. Ular Topsavdoning o'zidagi Bildirishnomalar ro'yxatida turadi, xohlasangiz brauzerga ham keladi. Telegramga kelishini istasangiz — Telegram botni ulang.

Brauzerga ham yuborish ​

Brauzer bildirishnomasi standart holatda yoqiq: yangi xabar kompyuter yoki telefon ekranining burchagida chiqadi — sayt yopiq bo'lsa ham (brauzerning o'zi ishlab turgan bo'lsa bas). Xabarni bossangiz, tegishli sahifa ochiladi: buyurtma haqidagi xabar — o'sha buyurtma, shubhali sotuv — o'sha sotuv, qolganlari — Bildirishnomalar ro'yxati (telefon saytida kam qolgan tovar xabari — kam qolganlar ro'yxati).

Qanday yoqiladi — o'zi:

  1. Saytga kirganingizda tepada kichik yozuv chiqadi: «Yangi buyurtma va kam qolgan tovar haqidagi xabar sayt yopiq bo'lsa ham ekranda chiqsinmi?» — «Yoqish» ni bosing.
  2. Brauzer «Bildirishnoma ko'rsatishga ruxsat berasizmi?» deb so'raydi — «Ruxsat berish» ni tanlang. Tamom.

Brauzerga ruxsat avval berilgan bo'lsa, yozuv umuman chiqmaydi — hammasi o'zi yoqiladi.

Bir marta so'raladi. «Ruxsat berish» o'rniga «Bloklash» ni tanlasangiz, so'rov oynasini yopsangiz yoki yozuvni ✕ bilan yopsangiz — shu brauzerda qayta so'ralmaydi va bildirishnoma o'chiq qoladi. Keyin fikringiz o'zgarsa, Sozlamalar → Bildirishnomalar sahifasining pastidagi Brauzer bildirishnomalari bo'limida «Brauzerga ham yuborilsin» ni yoqasiz (telefonda m.topsavdo.uz → Yana → Bildirishnomalar → tishli g'ildirak). O'sha yerda o'chirib ham qo'yasiz — o'chirsangiz, o'zi qayta yoqilmaydi. «Sinab ko'rish» tugmasi bir necha soniyada ekranda sinov xabarini chiqaradi.

Nimalarni bilish kerak:

  • Har do'kon uchun alohida yoqish shart emas. Bildirishnoma sizning hisobingizga bog'langan, do'konga emas: bir marta yoqsangiz, barcha filiallaringizdagi xabarlar keladi.
  • Har brauzer (qurilma) alohida. Kompyuterda ham, telefonda ham xabar olmoqchi bo'lsangiz, ikkalasida ham bir marta ruxsat berasiz. Qaysi brauzerlar ulangani Ulangan brauzerlar ro'yxatida ko'rinadi; keraksizini ✕ bilan olib tashlaysiz.
  • Yuqoridagi sozlama amal qiladi. O'chirilgan turdagi xabar brauzerga ham kelmaydi.
  • «Chiqish» ni bossangiz — shu brauzerga xabar kelishi to'xtaydi (boshqa odam shu kompyuterda sizning xabarlaringizni ko'rmasligi uchun). Qayta kirganingizda u yana o'zi yoqiladi (rad etgan yoki o'zingiz o'chirgan bo'lsangiz — o'chiq qoladi). Sessiya muddati tugab tizim o'zi chiqarib yuborganda o'chmaydi.
  • Kim oladi: bugun bu xabarlarni faqat do'kon egasi oladi, shuning uchun so'rov ham faqat egaga chiqadi.
  • Kassa dasturi va telefon ilovasi (APK) — bu brauzer emas, ularga brauzer bildirishnomasi kelmaydi.
QurilmaIshlaydimi
Kompyuter — Chrome, Edge, FirefoxHa, sayt yopiq bo'lsa ham (brauzer ochiq turganda)
Android telefon — m.topsavdo.uz (Chrome)Ha
iPhone, iPadFaqat sayt ekranga qo'shilganda: Safari'da «Ulashish» → «Ekranga qo'shish», so'ng Topsavdo'ni o'sha belgidan ochsangiz, yuqoridagi yozuv chiqadi (batafsil)
Maxfiy (inkognito) oynaYo'q

«Bildirishnomalar brauzerda taqiqlangan» chiqsa ​

Ruxsat so'ralganda «Bloklash» tanlangan bo'lsa, sayt uni qayta so'ray olmaydi — brauzerning o'zida yoqiladi:

  • Kompyuter: manzil satrining chap tomonidagi belgini (qulf yoki sozlamalar belgisi) bosing → Bildirishnomalar → Ruxsat berish, so'ng sahifani yangilang.
  • Android (Chrome): menyu (⋮) → Sozlamalar → Sayt sozlamalari → Bildirishnomalar → m.topsavdo.uz → Ruxsat berish.

Agar bo'lim umuman ko'rinmasa — bu imkoniyat serverda hali yoqilmagan.

Kim sozlay oladi ​

Faqat do'kon egasi. Bu xabarlarni hozir faqat ega oladi — sotuvchi va administratorga bildirishnoma kelmaydi, shuning uchun ularning Sozlamalarida bu bo'lim ko'rinmaydi.