Tungi rejim
Mijozlarim qarzini o'zi ko'rishi uchun nima qilaman?
Qisqacha javob: Do'koningiz uchun Telegram bot ochasiz (2 daqiqa), uni my.topsavdo.uz → Mijozlar boti bo'limiga ulaysiz. Shundan keyin mijoz botni ochib telefon raqamini yuboradi va o'z qarzini, xaridlarini, bonuslarini ko'radi.
Bu bot do'kon egasiga keladigan Telegram xabarnomalaridanboshqa — u sizga savdo hisobotini yuboradi, bu esa mijozlaringiz uchun.
Nega har do'konga alohida bot
Mijoz "Anvar Market boti"ni ochadi — umumiy bot emas, sizniki. Nomi ham, rasmi ham do'koningizniki. Mijozlaringiz ro'yxati ham faqat sizda qoladi.
Botni ochish
- Telegramda @BotFather ni oching, /newbot deb yozing;
- bot nomini yozing — mijozlar ko'radigan nom (masalan: Anvar Market);
- bot manzilini yozing — bot bilan tugashi shart (masalan: anvar_market_bot);
- BotFather bergan uzun kodni (token) nusxalang;
my.topsavdo.uz→ Mijozlar boti → tokenni joylashtiring va Botni ulash ni bosing.
Tayyor. Sahifada QR-kod chiqadi — uni peshtaxtaga osing yoki havolani mijozlarga yuboring.
Token saqlanib, lekin bot ishga tushmagan bo'lsa sahifa buni alohida ogohlantiradi. Bu do'kon sozlamasidan emas, server ulanishidan bo'ladi — qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling. Ulanish tayyorlangach bot o'zi ishlay boshlaydi.
Token — botingizning kalitidek. Uni hech kimga bermang. Biz saqlaymiz, lekin qaytarib ko'rsatmaymiz — kerak bo'lsa BotFather'dan yangisini olasiz.
O'quv (demo) do'koniga bot ulanmaydi — u yerdagi mijozlar haqiqiy odamlar, bot ularga mashqdagi qarz va xaridlarni ko'rsatib qo'yardi. Ilgari ulangan bo'lsa ham bunday bot hech kimga javob bermaydi (uni uzib qo'yish mumkin).
Mijoz qanday ulanadi
Mijoz botni ochadi va 📱 Raqamni yuborish tugmasini bosadi. Biz uni do'kon ro'yxatidan telefon raqami bo'yicha topamiz.
Raqam yuborilgandan keyin tugma yo'qoladi — u boshqa kerak emas. Telegram odamga faqat o'z raqamini yuborishga ruxsat beradi, ya'ni qayta bosish aynan o'sha raqamni qaytarardi. Raqam do'konga tushgan, mijoz esa menyudan foydalanaverishi mumkin.
Raqam to'liq mos kelishi kerak. Yozilish shakli farq qilsa bo'ladi (+998 90 123-45-67, 901234567, 8 90 1234567 — bularning hammasi bitta raqam), lekin davlat kodi ham bir xil bo'lishi shart: oxirgi raqamlari bir xil bo'lgan tojik (+992) yoki rus (+7) raqami o'zbek mijozga ulanmaydi.
Raqami bazada boshqacha yozilgan bo'lsa (yoki umuman yo'q bo'lsa), mijoz ulanmaydi — bot unga «ro'yxatga qo'shishsa o'zi ulanadi» deb yozadi. Kutmasdan ulash uchun: Mijozlar → kerakli mijoz → Telegram kodi berish. Chiqqan kod (yoki QR) mijozga beriladi, u kodni botga yozadi va ulanadi. Kod 1 soat amal qiladi va bir marta ishlaydi.
Mijozning raqamini o'zgartirsam-chi?
Mijoz kartochkasida raqamini (yoki ikkinchi raqamini) o'zgartirsangiz yoki o'chirsangiz, eski raqam bilan ulangan Telegram uziladi: endi u qarzni, xaridlarni va kartani ko'rmaydi, cheklar ham unga bormaydi. Yangi raqam egasi botga o'z raqamini yuborib odatdagidek ulanadi.
Telegram kodi bilan ulangan mijoz raqam o'zgarganda uzilmaydi — kodni kassir aynan o'sha odamga bergan. Istisno: bu qoida paydo bo'lishidan oldin kod bilan ulangan mijozlarda qanday ulangani yozilmagan, shuning uchun ular ham raqam o'zgarganda uziladi — bunday mijozga yangi kod bering.
Hali mijoz bo'lmagan odam raqamini qayerdan olaman
Hech qayerdan qidirish shart emas — bot o'zi olib beradi. Odam «📱 Raqamni yuborish» tugmasini bossa, raqami do'konga tushadi (Telegram uni o'zi tasdiqlaydi, ya'ni xato yozilishi mumkin emas).
my.topsavdo.uz → Mijozlar boti sahifasida «Yangi odamlar» ro'yxati chiqadi: raqami, Telegramdagi ismi. Ismini yozib «Mijoz qilish» ni bossangiz:
- mijozlar ro'yxatiga qo'shiladi (qarzi 0 dan boshlanadi);
- botga darhol ulanadi va unga «Ulandingiz» degan xabar boradi.
Uni kassada qo'lda ham qo'shsangiz bo'ladi — u holda mijoz botga keyingi safar yozganda o'zi ulanib qoladi, qayta raqam yuborishi shart emas.
Odam kelmaguncha uni mijoz qilish shart emas. Ro'yxatda turaveradi va yangiliklaringizni olib turadi.
Xavfsizlik: mijoz faqat o'z raqamini yubora oladi — Telegram raqamni o'zi tasdiqlaydi. Boshqa odamning kontaktini yuborib uning qarzini ko'rib bo'lmaydi.
Mijoz botda nimani ko'radi
- Buyurtma berish — katalogdan tanlab buyurtma beradi (yoqilgan bo'lsa, pastda batafsil);
- Qarzim / Hisobim — qarzi bo'lsa qarzi, bo'lmasa do'kondagi hisobi;
- Harakatlar — oxirgi xaridlar, to'lovlar va qarz o'zgarishi (qarzidan kechgan bo'lsangiz — «Qarzdan kechildi», lekin siz yozgan sababsiz). Keyin bekor qilingan xarid (yoki kechish) qatori yonida «bekor qilingan» deb yoziladi, uning ustida esa «Bekor qilindi: sotuv #…» qatori turadi;
- Xaridlarim — oxirgi 10 ta xarid;
- Bonuslarim — yig'ilgan keshbek puli, keshbek foizi, doimiy chegirma;
- Kartam — sodiqlik kartasining shtrix-kodi (kassada ko'rsatadi);
- Yangiliklar — sizning e'lonlaringiz;
- Do'kon — manzil, telefon, ish vaqti;
- Shikoyat / Taklif — mijoz sizga to'g'ridan-to'g'ri yozadi.
Har bir bo'limni Mijozlar boti sahifasida yoqib-o'chirasiz. O'chirilgan bo'lim mijozga umuman ko'rinmaydi.
Mijoz botdan buyurtma beradi
Mijozlar boti sahifasida «Telegram orqali buyurtma» tugmachasini yoqsangiz, botda 🛒 Buyurtma berish tugmasi paydo bo'ladi (yoki mijoz /buyurtma deb yozadi). Mijoz:
- bo'limni tanlaydi (yoki 🔍 Qidirish bilan nomini yozadi);
- mahsulotni ochib, ➖ / ➕ bilan miqdorni belgilaydi — kg, litr va metrda kasr ham bo'ladi (✏️ Boshqa miqdor → masalan
1.25); - 🧺 Savatga qo'shish ni bosadi va yana mahsulot tanlaydi;
- savatda miqdorni o'zgartiradi, olib tashlaydi yoki 📝 Izoh / manzil yozadi («Chilonzor 5-uy, soat 18 dan keyin»);
- ✅ Buyurtmani rasmiylashtirish → ro'yxat va jami summani ko'radi → Tasdiqlash va yuborish.
Buyurtma Buyurtmalar bo'limingizga «Telegram» manbasi bilan tushadi va sizga xabar keladi (ilovada va do'kon egasi botida, agar Telegram xabarnomalari ulangan bo'lsa). Uni odatdagidek tasdiqlaysiz, rad etasiz yoki bajarasiz — mijozga holat pastdagi jadvaldagidek boradi.
Nimani bilish kerak:
- Faqat onlayn sotuvga chiqarilgan mahsulotlar ko'rinadi — mahsulot kartochkasidagi «Onlayn sotuvga chiqarish» belgisi (ro'yxatda ONLAYN ustuni). Hech narsa chiqarilmagan bo'lsa bot «hozircha mahsulot yo'q» deydi.
- Narx — chakana. Ulgurji narx, tannarx va qoldiq soni mijozga ko'rsatilmaydi — faqat «Bor» yoki «yo'q».
- Omborda yo'q tovar. Do'kon sozlamalaridagi «Kelajakdagi tovarga buyurtma» yoqilgan bo'lsa mijoz uni ham buyurtma qiladi (bot «do'kon tekshirib javob beradi» deb yozadi); o'chiq bo'lsa bunday tovarni savatga qo'shib bo'lmaydi.
- Tovar tasdiqlanguncha band qilinmaydi. Siz tasdiqlaguncha u boshqa xaridorga sotilishi mumkin — bot mijozga buni oldindan aytadi. Tasdiqlangan buyurtma esa tovarni band qiladi: hammasi band bo'lgan tovar botda «yo'q» bo'lib ko'rinadi.
- Telefon raqami shart. Raqamini yubormagan odam tasdiqlashda 📱 Raqamni yuborish tugmasini ko'radi; yuborishi bilan savati o'sha joyidan davom etadi. Raqam Telegram tasdiqlagan, ya'ni mijozning o'ziniki — boshqa odamning kontaktini yuborib buyurtma berib bo'lmaydi.
- Mijozlar ro'yxatingizda bo'lmagan odam ham buyurtma bera oladi — u buyurtmada ismi va raqami bilan turadi.
- Ikki marta bosish — bitta buyurtma. Tugma ikki marta bosilsa ham, internet sekin bo'lsa ham buyurtma bitta bo'ladi. Savat tasdiqlash ekranidan keyin o'zgargan bo'lsa, eski tugma yubormaydi — bot yangi ro'yxatni qayta ko'rsatadi.
- 🔁 Oldingi buyurtmani takrorlash — savati bo'sh mijoz oxirgi bot buyurtmasini bir bosishda savatga qaytaradi (narx — hozirgisi).
Mijozda pul bo'lsa nima deb yozadi
Bot ikki alohida raqamni ko'rsatadi — ular hech qachon qo'shilmaydi:
- hisob — pul munosabati (qarz yoki mijozning do'kondagi puli);
- keshbek — sodiqlik dasturi bonusi.
Mijozning hisobi manfiy bo'lishi mumkin — masalan oldindan to'lagan yoki tovar qaytargan. Bot bunday holatda «do'kon sizga qarzdor» demaydi, chunki bu qarz emas — mijozning do'kondagi puli:
💚 Do'kondagi hisobingiz Hisobingizda: 90 000 so'm
🎁 Yig'ilgan keshbek: 45 000 so'm Keyingi xaridingizda ishlatishingiz mumkin.
Qarzi bor mijozda ham keshbek alohida ko'rinadi:
💳 Qarz holati Sizning qarzingiz: 200 000 so'm
🎁 Yig'ilgan keshbek: 45 000 so'm
Menyudagi tugma ham moslashadi: qarzi bor mijozda «Qarzim», qarzi yo'qda «Hisobim».
Mijoz qarzidan ko'p to'lasa, to'lov tasdig'ida avval qarzi yopilgani, keyin ortgan puli yoziladi — manfiy raqam chiqmaydi:
✅ To'lovingiz qabul qilindi Summa: 150 000 so'm ✅ Qarzingiz to'liq yopildi. 💚 Do'kondagi hisobingiz: 50 000 so'm
Bonuslarim bo'limi nimani ko'rsatadi
- Yig'ilgan keshbek — hozir qancha puli borligi (eng muhim raqam). Kassada to'lov turi sifatida «Hisobdan» tanlansa shu pul ishlatiladi;
- Keshbek foizi — xaridning to'langan summasidan necha foiz qaytishi (mijoz kartochkasida yoki do'kon sozlamalarida belgilanadi). Qarzga olingan qismidan keshbek qarz to'langach qo'shiladi;
- Doimiy chegirma — mijoz guruhiga biriktirilgan chegirma foizi.
Bulardan hech biri bo'lmasa «Hozircha bonus yig'ilmagan» deb yozadi.
Topsavdoda bonus faqat keshbek ko'rinishida yuritiladi — u to'g'ridan- to'g'ri pul, mijoz uni keyingi xaridida sarflaydi. Alohida «ball» tizimi ishlatilmaydi.
Mijoz kartasini telefonida ko'rsatadi
Mijoz botda 🎫 Kartam tugmasini bossa, bot uning sodiqlik kartasining shtrix-kod rasmini yuboradi va yonida raqamini yozib qo'yadi. Mijoz kassada telefonini ko'rsatadi — kassir ekrandan skanerlaydi va mijoz sotuvga bog'lanadi (plastik karta olib yurish shart emas).
Skaner ekranni o'qimasa, kassir raqamni qo'lda kiritadi — shu sabab raqam rasm ostidagi izohda ham yozib qo'yilgan. Mijoz raqam ustiga bossa, Telegram uni nusxalab beradi.
Mijozga maslahat: skanerlashdan oldin ekran yorug'ligini oshirsin — qorong'i ekranni skaner qiyin o'qiydi.
Faqat o'z kartasi. Bot mijozga FAQAT o'ziga biriktirilgan kartani beradi. Raqam kiritib, tugma bosib yoki havola bilan boshqa mijozning kartasini olish mumkin emas — karta raqami bo'lsa o'sha mijoz nomidan qarzga xarid qilish mumkin bo'lardi.
Karta mijozga avtomatik beriladi (yangi mijoz qo'shilganda). Kartasi bo'lmagan eski mijozga bot «kassada so'rasangiz beradi» deb yozadi — kartani mijoz kartochkasidan yoki Mijozlar ro'yxatidan ommaviy berasiz.
Bu bo'limni Mijozlar boti sahifasidagi Sodiqlik kartasi kaliti bilan o'chirib qo'ysangiz, tugma mijozga umuman ko'rinmaydi.
Xarid cheki Telegramga
Yoqilgan bo'lsa, sotuv bo'lishi bilan mijozga chek keladi. Undagi har bir summa qog'oz chekdagi bilan bir xil — ikkalasi bitta hisobdan chiziladi:
- tovarlar — miqdor birligi bilan (dona, kg, litr), narx va satr summasi. Blok narxida sotilgan tovar qog'ozdagidek bo'lib yoziladi: «Suv — 39 000 so'm», ostida «2 blok (6 dona) × 15 000 so'm = 30 000 so'm» va «3 dona × 3 000 so'm = 9 000 so'm». Aksiya sovg'asi — «sovg'a (bepul)». Tovarga chegirma berilgan bo'lsa (qanday beriladi) — narxi tushirilgan bo'lsa ham, so'mda berilgan bo'lsa ham — qog'ozdagidek bitta ko'rinishda: asl narxda hisob, ostida chegirma va qatorning yakuniy summasi: «Tort — 7 dona × 1 500 so'm = 10 500 so'm», «Chegirma: −1 000 so'm», «Qator jami: 9 500 so'm». Narxi oshirilgan (ustama) tovar haqiqiy narxida, chegirmasiz. Blokli tovarda yakuniy summa tepada (sarlavhada), chegirma esa bo'laklardan keyin;
- hisob-kitob — «Oraliq jami», «Chegirma» (so'mda; foizli bo'lsa foizi bilan: 11 110 so'mlik chekka 10 % — «Chegirma (10%): −1 111 so'm»), «Aksiya chegirmasi» (har N-chi xaridor — alohida qator), bo'lib to'lashda «Ustama: +4 000 so'm»;
- jami, to'langan va qarzga qolgan qismi, keshbek;
- bo'lib to'lashda — muddat, boshlang'ich to'lov va to'lov grafigi (sana — summa).
Chekda nima ko'rinishini tanlash sozlamasida chegirma qatorini yashirgan bo'lsangiz ham, Telegramdagi chekda u ko'rinadi: u yerda qog'oz tejash kerak emas, chegirmasiz esa jami izohsiz qolardi.
Qarz to'langanda ham tasdiq xabari boradi.
Tovar qaytarilganda mijozga yangilangan chek boradi: qaytgan tovarlar (miqdori va summasi), pul qayerga ketgani («Sizga qaytarildi: 10 000 so'm (naqd)» yoki «Hisobingizga yozildi»; qarzga olingan tovarda avval «Qarzingizdan ayrildi: …» — qaytgan pul avval qarzni yopadi, mijozga faqat qolgani qaytadi) va chekning hozirgi holati — «Qaytarilgan» qatori va yangi jami bilan. Qaytarishni bekor qilsangiz ham xabar boradi («Qaytarish bekor qilindi») va chek avvalgi jamiga qaytadi. Har qaytarish uchun bitta xabar; bir necha kun oldingi xarid qaytarilsa ham yuboriladi. Bu xabarlar ham «Xarid cheki» sozlamasiga bo'ysunadi.
Telegram bitta xabarga 4 096 belgidan ko'p yozdirmaydi. Juda katta qaytarishda (ko'p tovar yoki juda uzun nomlar) ro'yxat qisqaradi: uzun nom qisqartirib yoziladi (miqdori va summasi baribir ko'rinadi), sig'maganlari «… va yana 7 ta tovar» kabi bitta qator bo'ladi. Pul qayerga ketgani va chekning yangi jami har doim chiqadi.
Mijoz o'zi ham bu xabarlarni botning ⚙️ Sozlamalar bo'limidan o'chirishi mumkin.
Buyurtma holati haqida xabar
Mijoz buyurtma bergan bo'lsa (botdan, saytingizdagi katalogdan yoki uni xodimingiz yozgan bo'lsa), buyurtma bilan nima bo'lganini ham bot aytadi:
| Siz nima qildingiz | Mijozga nima boradi |
|---|---|
| Tasdiqladingiz | «Buyurtma #… tasdiqlandi» va jami summa |
| Rad etdingiz | «Buyurtma #… rad etildi» va siz yozgan sabab |
| Bekor qildingiz | «Buyurtma #… bekor qilindi» va sabab |
| Tasdiqlangan buyurtmani o'zgartirdingiz | Nima o'zgargani: qaysi mahsulot qo'shildi yoki olib tashlandi, miqdor, narx, yangi jami |
| Chekni bekor qilib, buyurtmani qayta ochdingiz | «Buyurtma #… qayta ochildi» |
Sababni o'ylab yozing — rad etish yoki bekor qilish oynasidagi «Sabab» mijozga aynan shu so'zlar bilan boradi. Oynaning o'zida ham, sabab maydoni ostida, «Sabab xaridorga ham yuboriladi» deb yozilgan.
Bajarilganda mijozga odatdagi xarid cheki keladi — alohida «bajarildi» xabari yuborilmaydi, bitta amal uchun ikkita xabar bo'lmasin. Faqat mijoz botga raqamini yuborgan-u, lekin hali mijozlar ro'yxatingizga ulanmagan bo'lsa (chek unga bormaydi), unga «Buyurtma #… bajarildi» deb yoziladi.
Kimga boradi: buyurtmadagi mijozga yoki — mijoz kartochkasi bo'lmasa — botga o'z raqamini yuborgan va buyurtmadagi telefon raqami bir xil bo'lgan odamga. Telegram raqamni o'zi tasdiqlaydi, ya'ni xabar begona odamga ketmaydi.
Mijoz botni ochmagan bo'lsa xabar yuborilmaydi — bu xato emas. Saytdagi katalogdan buyurtma bergan mijoz holatni Buyurtmani kuzatish sahifasida buyurtma raqami va telefon raqami bilan ko'radi (ikkalasi mos kelmasa buyurtma ko'rinmaydi).
Xabarlar Xarid cheki sozlamasiga bo'ysunadi: siz Mijozlar boti sahifasida chekni o'chirsangiz yoki mijoz botda 🧾 Xarid cheki ni o'chirsa, buyurtma xabarlari ham kelmaydi.
Boshqa do'kon sizga buyurtma bergan bo'lsa (do'kondan do'konga), unga bu bot emas, o'z Topsavdosi va do'kon egasi boti orqali xabar boradi — Telegram xabarnomalari.
Ochiq bozor (shop.topsavdo.uz) orqali buyurtma bergan xaridor xabarni bozor ilovasidagi qo'ng'iroqchada ko'radi — botga ulanmagan bo'lsa ham: Ochiq bozor.
Shikoyat va taklif
Mijoz botdagi 📝 Shikoyat / Taklif tugmasini bosadi (yoki /fikr deb yozadi), turini tanlaydi — Shikoyat yoki Taklif — va keyingi xabarida o'z so'zini yozadi. Xohlasa rasm yuboradi (masalan buzuq tovarning surati): rasmning izohiga yozgani xabar matni bo'ladi.
Fikridan qaytsa Bekor qilish tugmasi bor; menyudan boshqa bo'limga o'tsa ham bot kutishni to'xtatadi. Yozmasdan yarim soat o'tib ketsa, kutish o'zi bekor bo'ladi — mijoz tugmani qaytadan bosadi. Bitta xabar 2000 belgigacha; uzunroq bo'lsa bot qisqartirib qayta yozishni so'raydi.
Mijoz bo'lmagan odam ham yoza oladi. Bazangizda yo'q odamning xabari ham keladi va uning nomi yonida "mijozlar bazasida yo'q" deb turadi — ya'ni siz uni qidirib vaqt sarflamaysiz.
Xabar sizga ikki joyga keladi
- Telegramga — xabar kelishi bilan do'kon egasi botingizga (Telegram xabarnomalari) darhol yetadi: turi, kim yozgani, matni va do'kon nomi. Rasm bo'lsa «Rasm biriktirilgan» deb yoziladi, rasmning o'zi saytda ochiladi. Bu xabarni kerak bo'lmasa egasi botining Sozlamalar bo'limidan (📝 Shikoyat / taklif) o'chirasiz.
- Saytga —
my.topsavdo.uz→ Shikoyat va takliflar bo'limi. Telegramdagi xabar o'qilib ketadi, bu yerda esa hammasi to'planib turadi.
«Shikoyat va takliflar» sahifasi
Jadvalda: sana, turi (Shikoyat / Taklif), xabar matni, kim yozgani (telefon raqami bilan; bazada bo'lmasa «Bazada yo'q») va holati. Rasm biriktirilgan qatorda kichik rasm belgisi turadi. Qatorni bossangiz kartochka ochiladi: to'liq matn, rasm va mijoz kartochkasiga havola.
Har xabarning uch holati bor:
| Holat | Ma'nosi |
|---|---|
| Yangi | Hali ko'rilmagan |
| Ko'rildi | O'qidingiz, ish davom etyapti |
| Yopildi | Masala hal bo'ldi |
Qator oxiridagi ✓ tugmasi keyingi holatga o'tkazadi (Yangi → Ko'rildi → Yopildi), kartochkadan esa istalgan holatni tanlaysiz.
Sahifa tepasida hisob turadi — Barchasi, Yangi, Ko'rildi, Yopildi — va har bir raqamning o'zi filtr tugmasi. Yonida Shikoyatlar / Takliflar ajratmasi, yuqorida davr tanlash va matn yoki mijoz bo'yicha qidiruv bor.
Davr tugmasini bossangiz loyihaning o'z kalendari ochiladi: chap tomonda tayyor davrlar (Barchasi, Bugun, Kecha, Shu hafta, Shu oy, O'tgan oy, Oxirgi 30 kun va boshqalar), o'ng tomonda kunlarni bosib o'z oralig'ingizni belgilaysiz. Sahifa «Barchasi» bilan ochiladi — ya'ni butun tarix ko'rinadi.
Bu yerga xabar qo'lda qo'shilmaydi va o'chirilmaydi. Ataylab shunday: ro'yxatga faqat mijozning o'z so'zi tushadi va yo'qolmaydi — noqulay shikoyat ham «Yopildi» bo'ladi, o'chmaydi.
Bot ulanmagan do'konda sahifa baribir ochiladi, lekin tepada «mijozlar boti ulanmagan — mijoz shikoyat yoza olmaydi» degan ogohlantirish turadi.
Xodimga bu bo'limni ochish uchun Mijozlar bilan ishlash → Shikoyat va takliflar ruxsatini bering: Xodim qo'shish va huquqlar.
Bo'lim umuman kerak bo'lmasa, Mijozlar boti sahifasidagi «Shikoyat va takliflar» tugmachasini o'chirasiz — shunda botda tugma mijozga umuman ko'rinmaydi.
Yangilik (e'lon) yuborish
my.topsavdo.uz → E'lonlar → Yangi e'lon. Sarlavha, matn va xohlasangiz rasm qo'shasiz. Kimga yuborishni tanlaysiz:
| Tanlov | Kimga boradi |
|---|---|
| Hammaga | Botni ochgan har kimga |
| Faqat mijozlarga | Bazada topilgan (tanilgan) mijozlarga |
| Qarzdorlarga | Qarzi bor mijozlarga |
| Tanlangan guruhga | Mijoz guruhi bo'yicha |
Yuborish vaqti ixtiyoriy:
- bo'sh qoldirsangiz e'lon Qoralama bo'lib turadi — qatordagi «Hoziroq yuborish» tugmasini o'zingiz bosasiz;
- sana qo'ysangiz e'lon Rejalashtirilgan bo'ladi va o'sha vaqtda o'zi ketadi.
Sana loyihaning kalendaridan tanlanadi (qo'lda terish yo'q), soati esa yonidagi kichik maydonda turadi. Sana tanlanganda soat 09:00 bo'lib qo'yiladi — kerak bo'lsa o'zgartirasiz. Rejadan voz kechmoqchi bo'lsangiz yonidagi «Tozalash»: sana o'chadi va saqlaganingizda e'lon yana qoralamaga qaytadi. Ro'yxatdagi «Rejani bekor qilish» esa boshqa narsa — e'lon Bekor qilingan bo'lib qoladi, unga qaytib tegib bo'lmaydi.
Qoralama va rejalashtirilgan e'lonni tahrirlash mumkin, yuborilganini — yo'q: mijozlarda eski matn turadi, tuzatilgan nusxa faqat chalkashtiradi.
Ko'p obunachiga yuborish bir necha daqiqa davom etishi mumkin — sahifada "Yuborilmoqda" deb turadi, o'zi oxiriga yetadi. E'lonlar navbat bilan ketadi: oldinroq boshlangan e'lon birinchi yuboriladi. Bir paytda bir nechta do'kon e'lon yuborayotgan bo'lsa, har daqiqada yuboriladigan xabarlar ular orasida teng bo'linadi. Bunday do'konlar juda ko'p bo'lsa (20 tadan ortiq), e'loni oldinroq boshlanganlari birinchi davom etadi, qolganlari navbat kutadi. Boshqa do'kon qancha ko'p e'lon qo'ysa ham, har daqiqada o'z ulushidan ortig'ini ololmaydi — sizning e'loningiz orqaga surilib qolmaydi.
E'lon hech kimga yetib bormasa, ro'yxatda Yuborilmadi va ostida sababi turadi (masalan «Bot tokeni yaroqsiz — botni qayta ulang» yoki «Oluvchi yo'q — tanlanganlardan hech kim botga obuna emas»; eski e'lonlarda sabab yozilmagan) — sababni tuzatib, e'lonni qayta yuborishingiz mumkin; bir qismiga yetsa — Qisman yuborildi («10 ta oluvchidan 8 tasiga yetdi»).
Demo (o'quv) do'konda e'lon mijozlarga yuborilmaydi — u yerdagi mijozlar haqiqiy odamlar. «Hoziroq yuborish» buni darhol aytadi; rejalashtirilgan e'lon esa vaqti kelganda Yuborilmadi holatiga o'tadi, ostida sababi yoziladi: «Demo (o'quv) do'kon — mijozlarga xabar yuborilmaydi». Bunday e'lonni o'chirib tashlashingiz mumkin.
Bot javob bermay qolsa
Mijozlar boti sahifasida Qayta ulash tugmasini bosing. Odatda shu yetadi.
Sabablari: BotFather'da bot o'chirilgan, token almashtirilgan yoki bot boshqa xizmatga ham ulangan (bir bot faqat bitta joyda ishlaydi). Token almashgan bo'lsa Tokenni almashtirish orqali yangisini kiriting.
Mijoz botni bloklasa
Xabar yuborilmaydi va obuna avtomatik o'chadi — behuda urinish bo'lmaydi. Mijoz botni qayta ochsa, obuna o'zi tiklanadi.