Skip to content

Smenani qanday ochaman? ​

Qisqacha javob: Kassa dasturiga kiring → kassani tanlang → smenani oching. Boshlang'ich pulni kiritish shart emas — tizim uni o'zi yozib oladi. Shundan keyin sotuv boshlanadi.

Qadamlar ​

  1. Kassa dasturini oching va tizimga kiring.
  2. Bir nechta filial bo'lsa — kerakli filialni tanlang.
  3. Kassani tanlang (do'konda bir nechta kassa bo'lishi mumkin). Sizda bitta kassa bo'lsa u o'zi tanlangan turadi — hech nima bosmaysiz. Ikki va undan ko'p bo'lsa ataylab so'raladi: noto'g'ri kassada ochilgan smena kun oxirida soxta kamomad beradi. Seyf ro'yxatda umuman ko'rinmaydi: u smena va sotuv uchun emas, pul o'tkazish uchun.
  4. Smenani oching.

Smena ochilgach sotuv ekrani ishga tushadi.

Boshlang'ich qoldiq qayerdan olinadi ​

Uni qo'lda kiritmaysiz — tizim smena ochilgan lahzada kassadagi qoldiqni o'zi yozib oladi: oldingi smenadan qolgan pul, seyfdan berilgan qaytim uchun maydalar va hokazo.

Naqd va elektron alohida yozib olinadi. Elektron qoldiq ham muhim: agar oldingi smenada terminal puli seyfga topshirilmagan bo'lsa, u kassa hisobida qolib turadi. Yopishda ikkalasi ham «Pul harakati» jadvalining eng yuqori qatorida — «Ochilishda» — ko'rinadi, ya'ni kunlik savdo qayerdan boshlangani aniq bo'ladi.

Kassaga pul qo'shish yoki olish kerak bo'lsa, buni smena ochish paytida emas, seyf orqali o'tkazma bilan qiling — shunda pul harakati jurnalda qoladi.

Bitta kassada bir nechta xodim ​

Smena kassaga tegishli, uni ochgan kassirga emas. Bitta kassa = bitta pul yashigi = bitta ochiq smena. Shuning uchun kassada smena allaqachon ochiq bo'lsa, ikkinchi xodim yangi smena ochmaydi — o'sha ochiq smenaga qo'shiladi va darhol sota boshlaydi.

Har bir sotuv kim sotganini alohida yozib boradi, ya'ni umumiy smenada ishlaganingizda ham sizning sotuvlaringiz sizniki bo'lib qoladi.

Xodim faqat o'ziga biriktirilgan kassalarda ishlay oladi. Biriktiruv: Sozlamalar → Xodimlar → xodimni tanlang → Kassalar. Yangi xodim odatda do'kondagi barcha kassalarga biriktirilgan bo'ladi; keraksizini egasi olib tashlaydi.

Boshlang'ich pul nima uchun kerak ​

Bu summa smena yopilganda hisobga olinadi. Kutilgan naqd pul shunday hisoblanadi:

Kutilgan naqd = Boshlang'ich pul + Naqd sotuvlar − Xarajatlar

Boshlang'ich pul tizim hisobidan olinadi, ya'ni uni «noto'g'ri kiritib» bo'lmaydi. Lekin yashikdagi haqiqiy pul tizim hisobiga mos kelmasa (masalan o'tgan smenada kassadan pul olingan-u, xarajat kiritilmagan), farq shu smena oxirida chiqadi. Batafsil: Kassadagi pul mos kelmasa.

Tez-tez uchraydigan savollar ​

Kassada pul yo'q bo'lsa nima yozaman? Hech nima — smena ochishda pul kiritiladigan maydon yo'q. Kassa bo'sh bo'lsa ochilish qoldig'i 0 bo'lib yoziladi.

Smena allaqachon ochiq deb yozyapti. Bu kassada ochiq smena bor. Yangisini ochish shart emas — sotuv ekraniga qaytsangiz o'sha smena tanlangan bo'ladi va sotishni davom ettirasiz. Bir kassada bir vaqtda faqat bitta ochiq smena bo'ladi.

Boshqa kassirning smenasi ochiq qolgan. Uni yopish shart emas — siz ham o'sha smenada ishlayverasiz. Kun oxirida kassada kim bo'lsa, o'sha pulni sanab smenani yopadi; Z-hisobotda kim ochgani va kim yopgani ko'rinadi.

«Sizga biriktirilgan kassa yo'q» yoki «Bu kassada ishlash huquqingiz yo'q» deyapti. Sizga kassa biriktirilmagan. Birinchi xabar smena ochish oynasida darhol chiqadi (tanlash uchun kassa yo'q), ikkinchisi esa server javobi. Ikkalasining yechimi bitta: do'kon egasi Sozlamalar → Xodimlar → Kassalar bo'limidan biriktirib qo'yadi.

Internetsiz smena ocholamanmi? Do'kon sozlamasiga bog'liq. Standart holatda — yo'q: yangi smena serverda ochiladi va internet yo'q bo'lsa «Yangi sessiya ochish» bo'limi chiqmaydi. Kompyuterda ochiq smena ham bo'lmasa, dastur «Tarmoqsiz rejim — sessiya ma'lumotlari mavjud emas. Internetsiz smena ochish do'kon sozlamasida o'chiq…» deb yozadi. Internet uzilishidan oldin ochilgan smenada esa internetsiz ham sotishda davom etasiz.

Do'kon egasi saytda Sozlamalar → «Internetsiz smena» ni yoqqan bo'lsa, kassa dasturi internetsiz ham smena ochadi. Ochilish summasi bunday paytda taxminiy (oxirgi ma'lum qoldiq) — aniq summani server internet qaytgach hisoblaydi. Batafsil: Internetsiz ishlash.

Internet bor paytda ochilgan smenani internetsiz yopsangiz ham, shu kassada keyingi smenani darhol internetsiz ochish mumkin — yopilish serverga yetishini kutish shart emas.

Smenani istalgan kompyuterdagi kassa dasturida yoki saytda ochish va yopish mumkin — kassa bitta kompyuterga bog'lanmaydi. Internet yo'q paytda shu kassada boshqa joydan ham smena ochilsa, ikkalasi ham saqlanadi va egasi kamomadni tasdiqlaydi — Internetsiz ishlash.

Smenani bir necha kun yopmasam nima bo'ladi? Smena ochiq turaveradi va sotuv davom etadi. Lekin uning hisobi kunlik hisobot bilan teng chiqmaydi: kunlik hisobot har kunni alohida sanaydi, smena esa ochilganidan yopilgunicha bo'lgan butun davrni. Yopish oynasida smenaning davri (3 sen 09:00 — 6 sen 11:00) va sotuvlar qaysi kunlarga tarqalgani ko'rsatiladi — solishtirishda o'shani ishlating. Kunlik hisobot to'g'ri chiqishi uchun har kun oxirida yopgan ma'qul.

Keyingi qadam ​