Skip to content

Ishlayotgan do'konni qanday ko'chiraman? ​

Qisqacha javob: Uch narsani kiritish kerak: tovar qoldiqlari, mijoz qarzlari va boshlang'ich pul. Shundan keyin hisobotlar to'g'ri chiqadi.

Do'konni yopmasdan ko'chirish mumkin. Lekin qoldiqni sanash uchun eng qulay vaqt — ish tugaganidan keyin yoki dam olish kuni.

Tartib ​

1. Mahsulot bazasini yarating ​

Tovar kartochkalarini kiriting: nom, shtrix-kod, o'lchov birligi, sotuv narxi. Ko'p tovar bo'lsa ro'yxat bilan yuklash mumkin.

Narxni hozir bilmasangiz — bo'sh qoldiring. Narxsiz ham kartochka yaratiladi (ro'yxat bilan yuklashda ham), narx keyin kirim paytida to'ladi. Faqat bitta shart: ro'yxatda «Soni» ustunini to'ldirsangiz, o'sha qatorda sotuv narxi va tannarx ham kerak — chunki qoldiq bilan birga partiya yoziladi, narxsiz partiya esa tovarni «tekin» kelgan qilib ko'rsatadi.

Ro'yxatni xodim yuklasa, u saytda qo'lda qila oladiganidan ortig'ini qila olmaydi:

  • yangi tovar qo'shish uchun «Mahsulotlar — Qo'shish», mavjudini yangilash uchun «Mahsulotlar — Tahrirlash» ruxsati kerak;
  • «Tannarx» va «Ulgurji narx» ustunlari faqat «Tannarx va foydani ko'rish» ruxsati bo'lsa o'qiladi — aks holda e'tiborsiz qoladi (yangi tovar tannarxsiz yaratiladi, mavjudining tannarxi o'zgarmaydi);
  • «Soni» (boshlang'ich qoldiq) uchun yana «Ombor qoldig'i — Tahrirlash» va tannarxni ko'rish ruxsati kerak. Ular bo'lmasa «Soni» to'ldirilgan yangi tovar qatorlari xato deb ko'rsatiladi va fayl yozilmaydi — ustunni bo'sh qoldiring yoki yuklashni egaga qoldiring;
  • «Kategoriya» ustunidagi nom do'konda bo'lmasa, import uni o'zi yaratadi — buning uchun «Kategoriyalar — Qo'shish» ruxsati kerak. Ruxsat bo'lmasa bunday qator xato deb ko'rsatiladi: mavjud kategoriya nomini yozing (katta-kichik harf va chetdagi bo'sh joy ahamiyatsiz) yoki kategoriyani egasi oldindan yaratsin.

Do'kon egasiga bu cheklovlar yo'q.

Ro'yxatdagi yangi mahsulotlar tarifdagi mahsulot soni chegarasiga kiradi. Sig'masa, fayl butunlay qabul qilinmaydi (bir qismini yozish yo'q) — xabar faylni tekshirish bosqichidayoq, tasdiqlashdan oldin chiqadi va nechta mahsulot yana sig'ishini aytadi. Xatolar jadvalida bu xabarning «Qator» ustunida Fayl turadi — u biror qatorga emas, butun faylga tegishli, qatorlarni tuzatish shart emas. Tekshiruvdan keyin, tasdiqlashgacha boshqa joydan mahsulot qo'shilib joy tugasa — tasdiqlashda ham xuddi shu xabar chiqadi va hech narsa yozilmaydi. Sinov davrida chegara yo'q.

Mahsulot rasmlarini ham shu ro'yxat bilan birga yuklash mumkin: Excel'ning «Rasm» ustuniga fayl nomini yozib, faylni rasmlar bilan birga bitta .zip arxivga soling (yoki katakka to'liq havola qo'ying). Batafsil: Ko'p mahsulotga rasmni birdaniga yuklash.

2. Qoldiqni kiriting ​

Har tovarning hozirgi miqdorini va tannarxini kiriting. Tannarx muhim — usiz foyda noto'g'ri hisoblanadi.

Kasrli miqdorni (kg, litr, metr) vergul yoki nuqta bilan yozing — «7,5» ham, «7.5» ham 7,5 bo'ladi, saytda ham, telefonda ham. Kasr ko'pi bilan 3 xona; harf va ikkinchi ajratgich maydonga yozilmaydi. Dona tovarga kasr yozilmaydi (bo'laklab sotiladigan tovar bundan mustasno — 2,625 dona tort): dona tovarga kasr qayerda yoziladi. Excel importidagi boshlang'ich qoldiqqa ham shu qoida — yangi dona tovar qatorida kasr bo'lsa, o'sha qator xato deb ko'rsatiladi. Tannarx probel bilan ko'rinadi («8 000»), qoidasi: Pul maydoniga qanday yoziladi.

Tovar tanlanganda tannarx maydoni mahsulot kartochkasidagi tannarx bilan to'ladi. Kartochkada tannarx yo'q bo'lsa maydon bo'sh qoladi va miqdor kiritilgan qator yonida «Tannarx yo'q» ogohlantirishi chiqadi — saytda ham, telefonda ham. Qator rad etilmaydi (tovar tekinga kelgan bo'lishi mumkin), lekin bunday tovar omborga 0 qiymat bilan kiradi. Saytda yuqorida nechta qatorda tannarx yo'qligi yoziladi, telefonda esa shu son «Qo'llash» tasdiq oynasida chiqadi.

Yaroqlilik muddati. Do'kon sozlamasida muddat yuritish yoqiq va mahsulot kartochkasida «Yaroqlilik muddati yuritiladi» belgisi yoqilgan bo'lsa, qatorda «Yaroqlilik muddati» maydoni ham chiqadi (saytda — kalendar, telefonda — kk.oo.yyyy yoki «+3 kun» kabi tugmalar). Qadoqdagi sanani yozing: qo'llangach tovar shu sana bo'yicha navbatga tushadi — muddati oldin tugaydigani birinchi sotiladi, o'tgani kassada tasdiq so'raydi. Maydon ixtiyoriy va o'zi to'ldirilmaydi (tovar qachon kelgani noma'lum). Bo'sh qoldirsangiz, qo'llangandan keyin Hisobotlar → Ombor holati → «Yaroqlilik muddati» dan qo'yasiz. Belgi yoqilmagan tovarda bu maydon yo'q.

Topsavdoda ishlayotgan boshqa do'koningiz bormi? U holda qoldiqni qo'lda kiritish shart emas. Eski do'konda Mahsulotlar → Import oynasini oching, «Mavjudini olish» yonidagi «Ombor qoldig'i bilan» katakchasini belgilang va faylni yuklab oling — «Soni» ustuni hozirgi qoldiq bilan to'la keladi. So'ng yangi do'konda o'sha faylni «Faqat yangi qo'shish» rejimida yuklang: mahsulot, narx va qoldiq birga o'tadi.

Eski do'konda mahsulot rasmlari bo'lsa, fayl .xlsx emas, .zip bo'lib tushadi — ichida Excel va «rasmlar» papkasi. Uni o'zgartirmasdan yuklasangiz rasmlar ham ko'chib o'tadi.

Katakcha belgilanmasa faqat katalog (nom, narx, shtrix-kod) yuklanadi — narxlarni Excel'da tuzatib qaytarish uchun aynan shu kerak.

Yuklash javobsiz qolsa — «Qayta yuborish» ​

Katta fayl (ayniqsa rasmli arxiv) yuklanayotganda internet uzilishi yoki server javob bermay qolishi mumkin — holbuki dastur faylni allaqachon yozib ulgurgan bo'lishi mumkin. Shunda import oynasida «Javob kelmadi — import yozilgan bo'lishi mumkin» degan sariq panel va «Qayta yuborish» tugmasi chiqadi. Faylni qayta tanlash ham, «Ko'rib chiqish» ham shart emas — «Qayta yuborish» ni bosing: import yozilgan bo'lsa o'sha natija ko'rsatiladi (mahsulot va qoldiq ikki marta yozilmaydi), yozilmagan bo'lsa hozir yoziladi. Server bu safar ham javob bermasa panel joyida qoladi, sababi «Sabab:» qatorida yoziladi (masalan, «Server bilan aloqa yo'q») — birozdan keyin yana bosing. Tugmani ketma-ket ikki marta bosish ham bitta yuklash bo'ladi.

Javob kelmaganda Mahsulotlar ro'yxati o'zi yangilanadi va javobsiz yuklash turgan oynani yopganingizda yana yangilanadi. Server hali yozayotgan bo'lsa, yangi tovarlar ro'yxatda darhol ko'rinmasligi mumkin — shuning uchun ro'yxatga emas, «Qayta yuborish» ga tayaning.

Kompyuter internetdan uzilgan bo'lsa (brauzer buni biladi), «Tasdiqlash va yuklash» ham, «Qayta yuborish» ham faylni yubormaydi: oynada «Internet yo'q — ulanish tiklanganda o'zi yuboriladi» yoziladi. Hech narsa bosish shart emas — internet qaytishi bilan fayl o'zi ketadi va natija shu oynada chiqadi. Faqat sahifani yangilamang (F5): kutib turgan yuklash shunda bekor bo'ladi va fayl yuborilmaydi — uni qayta yuklaysiz. Boshqa bo'limga o'tsangiz fayl internet qaytganda baribir o'zi ketadi, lekin natijani oyna ko'rsatmaydi — uni Mahsulotlar ro'yxatidan bilasiz. Bu faqat importga xos: boshqa yozuvlar (to'lov, qaytarish, buyurtmani tasdiqlash va h.k.) internetsiz yuborilmaydi va internet qaytganda o'zi ham ketmaydi — xato chiqadi, qayta bosasiz.

Oynani yopib qayta ochsangiz ham panel turadi. «Boshqa fayl tanlash» panelni yashiradi, lekin yuklash esda qoladi — orada boshqa fayl yuklasangiz ham. O'sha faylni o'sha rejimda yana tanlasangiz, uning paneli qaytadi; oynani qayta ochsangiz, oxirgi javobsiz yuklashning paneli chiqadi. Javobi kelmagan oxirgi 10 ta yuklash eslab qolinadi — o'n birinchisi kelganda eng eskisi unutiladi. «O'sha fayl» — mazmuni o'sha fayl: nomi boshqa nusxa (masalan, «mahsulotlar (1).xlsx») ham o'sha fayl hisoblanadi.

Javob kelmagandan keyin faylni kompyuterda o'zgartirsangiz — Excel'da ochib saqlash ham, hech narsa o'zgartirmagan bo'lsangiz ham, faylni o'zgartiradi — «Qayta yuborish» uni yubormaydi: panelda «Fayl o'zgartirilgan — uni qayta tanlang» chiqadi va serverga hech narsa ketmaydi. «Faylni qayta tanlash» ni bosib faylni qaytadan tanlang: faylning o'zgarmagan nusxasini tanlasangiz (nomi boshqa bo'lsa ham), panel qaytadi va «Qayta yuborish» ishlaydi; Excel'da saqlangan faylni tanlasangiz, bu yangi yuklash — «Ko'rib chiqish» ni bosing (pastga qarang). Eski yuklash baribir esda qoladi: oynani qayta ochsangiz, uning paneli yana chiqadi.

Sahifani yangilasangiz (F5), boshqa bo'limga yoki boshqa do'konga o'tsangiz, urinish unutiladi — dastur uni faqat shu sahifa ochiq turganda eslab qoladi. Shundan keyin, shuningdek boshqa fayl, o'zgargan fayl yoki boshqa rejim tanlasangiz, keyingi yuklash yangi yuklash hisoblanadi.

Ayni faylni ikkinchi marta yuklasangiz ​

Dastur har importning mazmunini eslab qoladi. Xuddi shu mazmunli fayl shu do'konda oxirgi 7 kun ichida import qilingan bo'lsa va bu safar ham yangi tovar qo'shiladigan bo'lsa, «Ko'rib chiqish» sariq ogohlantirish chiqaradi, masalan:

Xuddi shu mazmunli fayl 30.09 14:05 da import qilingan (2 ta yangi mahsulot, Ali). Yana qo'shilsinmi?

Shunda «Tasdiqlash va yuklash» tugmasi yo'q — o'rnida «Baribir yana qo'shish» turadi. Uni bossangiz, fayldagi yangi tovarlar qoldig'i bilan ikkinchi marta qo'shiladi; bosmasangiz, hech narsa yozilmaydi. Server ham buni tekshiradi: shu tugmasiz ikkinchi marta yozish mumkin emas. Shuning uchun bu savol «Tasdiqlash va yuklash» yoki «Qayta yuborish» dan keyin ham chiqishi mumkin — masalan, ayni faylni shu orada boshqa oynada kimdir yuklagan bo'lsa.

«Xuddi shu mazmun» nimani anglatadi:

  • import o'qiydigan ustunlardagi qiymatlar bir xil — fayl nomi, ustunlar va qatorlar tartibi, Excel'da qayta saqlash ahamiyatsiz; narx va soni katakda son bo'lib (1000) yoki matn bo'lib («1 000», «12,5») yozilgani ham ahamiyatsiz; bitta katak o'zgarsa — boshqa mazmun. Rasmli arxivda rasmlarning o'zi solishtirilmaydi, faqat «Rasm» ustunidagi yozuv;
  • rejim ahamiyatsiz: «Faqat yangi qo'shish» dan keyin ayni fayl «Yangi qo'shish + yangilash» da yuklansa ham so'raladi (SKU'siz tovar u yerda ham yangi yaratiladi);
  • bekor qilingan import («Importni bekor qilish») hisobga olinmaydi;
  • faqat mavjud tovarlarni yangilaydigan import uchun so'ralmaydi — u yangi tovar ham, qoldiq ham qo'shmaydi.

«Ko'rib chiqish» mavjud tovarni o'zi faqat SKU yoki shtrix-kodi bo'yicha taniydi, nima ko'rsatishi esa rejimga bog'liq:

  • «Faqat yangi qo'shish» — SKU yoki shtrix-kodi bazada bor tovar «'…' allaqachon mavjud» degan qizil xato bilan chiqadi va hech narsa yozilmaydi — ya'ni oldingi yuklash yozilgan bo'lishi mumkin;
  • «Yangi qo'shish + yangilash» va «Faqat mavjudni yangilash» — bunday tovar qizil emas, «yangilash» bo'lib chiqadi va tasdiqlasangiz uning qoldig'i o'zgarmaydi («Soni» to'ldirilgan bo'lsa, ko'rib chiqishda «yangilashda qoldiq O'ZGARTIRILMAYDI» degan ogohlantirish turadi);
  • shtrix-kodi va SKU'si yo'q tovarni ko'rib chiqish taniy olmaydi: «Faqat yangi qo'shish» va «Yangi qo'shish + yangilash» da u har safar yangi deb chiqadi («Faqat mavjudni yangilash» esa uni «mavjud mahsulot topilmadi» deb rad etadi). Fayl o'sha bo'lsa (7 kun ichida), yuqoridagi savol «Baribir yana qo'shish» siz ikkinchi marta yozdirmaydi. Lekin fayl o'zgargan bo'lsa (masalan, bitta qator qo'shilgan) — bu boshqa mazmun: savol chiqmaydi va avval yuklangan SKU'siz tovarlar ikkinchi marta yaratiladi, «Soni» to'ldirilgan bo'lsa qoldig'i ham ikki baravar bo'ladi. Bunday faylni qayta yuklashdan oldin Mahsulotlar ro'yxatini tekshiring yoki tovarlarga SKU yozing.

Bir necha xodim, bir necha telefondan sanash ​

Katta do'konda qoldiqni bir odam sanab ulgurmaydi. Telefon ilovasida Yana → Ochilish balansi bo'limini oching: bir necha xodim do'kon bo'ylab yurib, bir vaqtda kirita boshlashi mumkin. Bo'lim faqat do'kon egasi va adminda ko'rinadi (qatorlarda tannarx turadi).

Qanday ishlaydi:

  • Har kim boshqalar kiritganini ko'radi. Ro'yxat o'zi yangilanib turadi, ya'ni bir mahsulotni ikki kishi qaytadan sanab yurmaydi. Har qatorda «Siz kiritdingiz» yoki «Boshqa qurilmadan» deb turadi — hammangiz bitta hisob bilan kirgan bo'lsangiz ham ajratib beradi. Ism faqat qatorni boshqa hisob (masalan, admin) kiritgan bo'lsa qo'shiladi. Belgi qatorni birinchi kiritgan qurilmaniki bo'lib qoladi: saytda ro'yxat saqlansa yoki shu qatorning miqdori, tannarxi tuzatilsa ham telefoningizdagi «Siz kiritdingiz» o'zgarmaydi — ya'ni o'z sanog'ingizni boshqa xodimniki deb ikkinchi marta qo'shib yubormaysiz.

  • Bir mahsulot ikki marta kiritilsa ogohlantiradi. Ekranda mavjud miqdor, vaqti va qaysi qurilmadan kiritilgani chiqadi, keyin uch tanlov beriladi: Qo'shish (12 + 8 = 20 — ikki xodim alohida joyni sanagan bo'lsa), Ustiga yozish (ro'yxatdagi miqdor siznikiga almashadi) yoki Bekor qilish. Hech narsa jimgina ustiga yozilmaydi. Tannarx boshqacha bo'lsa «Qo'shish» taklif qilinmaydi — bitta qatorda bitta tannarx bo'ladi, aks holda ombor qiymati buziladi. Yaroqlilik muddati ham qatorda bitta: ikki xil muddat qo'shilsa ertarog'i qoladi (tugma ostida oldindan yoziladi) — tovar ertaroq sotiladi va ertaroq ogohlantiradi.

  • Telefonda internet kerak. Aloqa uzilsa kiritganingiz ekranda qoladi, lekin saqlanmaydi — ulanish tiklangach «Saqlash»ni qayta bosasiz. Oflaynda takror ogohlantirish kech qolardi va bir mahsulot ikki marta hisobga olinib ketardi.

  • «Qo'llash»ni hamma tugatgandan keyin bosing. Tasdiq oynasida nechta qator borligi va oxirgi o'zgarish qachon bo'lgani ko'rsatiladi. Kimdir hali kiritayotgan bo'lsa — qo'llash to'xtaydi va ro'yxatni yangilashni so'raydi.

  • Saytda «Saqlash» paytida boshqa qurilma ro'yxatni o'zgartirgan bo'lsa saqlash to'xtaydi — hech narsa yozilmaydi — va sahifani yangilamang. Boshqa qurilmaning o'zgarishlari ekraningizga o'zi olinadi va nima olingani nomi bilan yoziladi (xabar «Saqlash» va «Qo'llash» tugmalari ostidagi sariq qatorda turadi — saqlaguningizcha yoki × bilan yopguningizcha):

    • yangi qatorlar qo'shiladi;
    • siz tegmagan qatorda boshqa qurilmadagi qiymat olinadi (masalan telefondan «Qo'shish» bilan Bodring 7,5 kg dan 10 kg ga yetgan bo'lsa, ekranda ham 10 kg bo'ladi), u yerda o'chirilgani ekrandan ham olinadi;
    • siz o'zgartirgan qatorlar o'zgarishsiz qoladi.

    Bir qatorni ikkala qurilmada ham o'zgartirishgan bo'lsa, u qizil bilan ajraladi va yuqorida ikkala qiymat chiqadi («Siz: 8 kg · Boshqa qurilmada: 10 kg»). Meniki qolsin yoki Boshqa qurilmadagini olishni tanlang. Har bir shunday qatorda tanlamaguningizcha «Saqlash» va «Qo'llash» o'chiq turadi — sababi qizil qutida yozilgan («1 ta qatorni ikkala qurilmada ham o'zgartirishgan…»). Aks holda tanlamasdan saqlash saytdagi qiymatni yozib, telefonda sanalganini jimgina o'chirib yuborardi. Hammasini tanlagach «Saqlash»ni qayta bosing («Qo'llash»da ham xuddi shunday).

Telefonda ochilgan qoralamaga bugungi sana yoziladi. Boshqa sana kerak bo'lsa qoralamani saytdan oching.

3. Mijoz qarzlarini kiriting ​

Kim qancha qarzdorligini mijoz kartochkasidagi boshlang'ich qarz maydoniga yozing. Yetkazib beruvchilarga o'z qarzingiz ham shu tarzda kiritiladi (manfiy son bilan) — ular Xarid → Yetkazib beruvchilar ro'yxatida.

Ko'p mijoz bo'lsa: Mijozlarni import qilish.

4. Boshlang'ich pulni kiriting ​

Kassadagi va seyfdagi naqd pulni kiriting — shunda pul hisobi to'g'ri boshlanadi.

Kiritgan summangiz kiritilgan kun bilan yoziladi (Toshkent vaqti bo'yicha). Ya'ni yarim tundan keyin kiritsangiz u yangi kunga tushadi — hisobotdagi kun chegarasi bilan bir xil.

5. Xodimlarni qo'shing ​

Xodim qo'shish va huquqlar.

6. Qurilmalarni ulang ​

Printer, skaner, tarozi: Qurilmalarni ulash.

Birinchi hafta ​

  • Har kuni oxirida smenani yoping va kassadagi pulni tekshiring;
  • Birinchi haftada inventarizatsiya o'tkazing — kiritishda xato bo'lgan bo'lsa shunda chiqadi;
  • Foyda haqiqatga o'xshamasa — tannarxlarni tekshiring.

Eng ko'p yo'l qo'yiladigan xato ​

Tannarxsiz qoldiq kiritish. Bunda tizim tovar «tekinga» kelgan deb hisoblaydi va foyda haqiqiydan ancha yuqori chiqadi. Tannarxni taxminan bo'lsa ham kiriting.

Keyingi qadam ​