Tungi rejim
Yetkazib beruvchidan nima va qancha olishni qanday bilaman?
Qisqacha javob: Saytda Xaridlar sahifasining tepasidagi «Olinadigan mahsulotlar» tugmasini bosing (yoki bosh sahifadagi «Kam qolgan tovarlar» kartasini). «Kam qolganlar» da har yetkazib beruvchi uchun tugagan va kam qolgan tovarlar soni turadi. «Ro'yxat tuzish» ni bossangiz, tovarlar va miqdorlar tayyor bo'lib ochiladi — tekshirasiz, kerak bo'lsa o'zgartirasiz, saqlaysiz va yetkazib beruvchiga yuborasiz. Tovar kelganda «Keldi — kirim qilish» xarid oynasini shu miqdorlar bilan ochadi.
Har kuni hamma yetkazib beruvchiga birdaniga kerak bo'lsa — «Hammasiga ro'yxat tuzish» ni bosing: hamma ro'yxat «Bugungi ro'yxat» da bitta varaqda chiqadi (Excel shablonining o'rniga).
Hech narsa sozlash shart emas: hisob tovarning o'z sotuvidan qilinadi.
Qayerdan ochiladi
Chap menyuda bu bo'lim yo'q — u ikki joydan ochiladi:
- Xaridlar sahifasining tepasidagi «Olinadigan mahsulotlar» tugmasi;
- Bosh sahifadagi «Kam qolgan tovarlar» kartasi — u yerda nechta tovar tugagani va kam qolgani yoziladi, bossangiz shu sahifa ochiladi.
Telefon ilovasida (va m.topsavdo.uz da): Xaridlar bo'limining tepasidagi «Olinadigan mahsulotlar» tugmasi, bosh sahifadagi kam qoldiq bloki yoki «Kam qolgan tovarlar» sahifasidagi havola.
Saytdagi sahifada uchta bo'lim bor: «Kam qolganlar», «Bugungi ro'yxat» (yonida ochiq ro'yxatlar soni) va «Saqlangan ro'yxatlar».
Bo'lim xaridlarni ko'rish huquqi bor xodimga ko'rinadi; ro'yxat tuzish va kirim qilish uchun xarid qo'shish huquqi kerak (Xodim qo'shish va huquqlar).
Tavsiya qanday hisoblanadi
Har tovar uchun Topsavdo to'rtta narsaga qaraydi:
- Kunlik sotuv — oxirgi 28 kunda (bugun kirmaydi) qancha sotilgani. Qaytarilgan va bekor qilingan sotuvlar ayiriladi, to'plam ichida sotilgani va ishlab chiqarishga ketgani ham qo'shiladi. Sotuv faqat tovar bor bo'lgan kunlarga bo'linadi: tovar 5 kun tugab turgan bo'lsa, o'sha kunlar hisobni tushirmaydi — aks holda tovar yana kam olinardi.
- Yetkazib beruvchi qancha vaqtda bir keladi — oxirgi 90 kundagi kirimlari orasidagi odatdagi kunlar (1 dan 14 kungacha). Kirim 3 tadan kam bo'lsa — taxminan 7 kun deb olinadi va kartada «Ma'lumot kam» deb yoziladi.
- Zaxira — keyingi kelish kechiksa ham yetishi uchun, kelish oralig'ining yarmi: kamida 1, ko'pi bilan 3 kun.
- Qoldiq — hozir omborda qancha bor.
Kerak bo'ladigan qoldiq = kunlik sotuv × (kelish oralig'i + zaxira). Undan hozirgi qoldiq va boshqa ochiq ro'yxatlarda turgan miqdor ayiriladi, qolgani — tavsiya. Blok bilan keladigan tovarda tavsiya butun blokka yuqoriga yaxlitlanadi.
Misol. Kola kuniga 12 dona sotiladi, agent har 2 kunda keladi, zaxira 1 kun. Demak 12 × (2 + 1) = 36 dona bo'lishi kerak. Omborda 10 dona bor → 36 − 10 = 26 dona yetmaydi. Kola 6 talik blokda keladi → 26 ni blokka yaxlitlaymiz: 5 blok (30 dona).
Qo'shimcha qoidalar:
- Yaroqlilik muddati yuritiladigan tovar (non, sut) muddatidan ko'p kunga tavsiya qilinmaydi. Bunday satrda «Yaroqlilik muddati bilan cheklandi» yozuvi turadi; kerak bo'lsa blokka emas, donaga yaxlitlanadi.
- Mahsulotda «Minimal qoldiq» qo'lda qo'yilgan bo'lsa (yoki do'kon sozlamasida umumiy chegara), tavsiya undan kam bo'lmaydi.
- To'plamlar va do'kon ehtiyoji tovarlari ro'yxatga kirmaydi.
Holat yorliqlari
| Yorliq | Ma'nosi |
|---|---|
| Tugagan | Qoldiq qolmagan, lekin tovar sotiladi |
| Kam | Keyingi kelishgacha yetmaydi (yoki qo'lda qo'yilgan chegaradan past) |
| Yetarli | Keyingi kelishgacha yetadi |
| Sotilmayapti | Oxirgi 28 kunda sotilmagan — tavsiya yo'q |
| Yangi | Tovar 14 kundan beri bor — sotuvi haqida ma'lumot hali kam, miqdorni o'zingiz yozasiz |
Jadvalda «Yetadi» ustuni tovar necha kunga yetishini ko'rsatadi (pastga yaxlitlanadi: 2,7 kun → «2 kun»).
Nega tovarga tavsiya chiqmadi?
- Yangi tovar — 14 kundan beri bor; «Olinadi» bo'sh turadi, miqdorni o'zingiz yozing.
- Sotilmayapti — 28 kunda sotuv yo'q, hisoblaydigan narsa yo'q.
- Boshqa ro'yxatda turibdi — tovar boshqa ochiq ro'yxatga allaqachon kiritilgan. Satrda «Boshqa ro'yxatda: …» yoziladi. O'sha ro'yxat bo'yicha kirim qilinsa yoki u bekor qilinsa, tovar yana hisobga kiradi. «Hammasiga ro'yxat tuzish» ham bunday tovarni qayta qo'shmaydi.
- «Yetkazib beruvchisi noma'lum» guruhi — tovar hali hech qachon xarid sifatida kiritilmagan, shuning uchun kim olib kelishi noma'lum. Ro'yxat tuzganda yetkazib beruvchini o'zingiz tanlaysiz yoki tovar satridagi «Kimdan olinadi…» bilan bir marta belgilab qo'yasiz (pastda).
Ro'yxat qanday tuziladi
- «Kam qolganlar» da kerakli yetkazib beruvchining kartasida «Ro'yxat tuzish» ni bosing.
- Jadvalda: Tovar | Qoldiq | Kunlik sotuv | Yetadi | Tavsiya | Olinadi | Izoh. «Olinadi» tavsiya bilan to'ldirilgan bo'ladi — o'zgartirishingiz mumkin. Blok bilan keladigan tovarda ikki katak bor: blok va dona (xarid oynasidagidek).
- Keraksiz qatorni satr oxiridagi «⋯» → «Olib tashlash» bilan olib tashlang. Ro'yxatda yo'q tovarni «Tovar qo'shish» bilan qo'shing.
- Ro'yxat tepasidagi Izoh (masalan «ertalab olib keling») yetkazib beruvchiga boradigan matnga qo'shiladi. Bitta tovarga izoh kerak bo'lsa — satrdagi «Izoh» katagiga yozing (pastda).
- «Saqlash» ni bosing. «Olinadi» bo'sh qolgan tovar ro'yxatga kirmaydi.
Tannarxni ko'rish huquqi bor xodim pastda «Taxminiy summa» ni ham ko'radi — oxirgi tannarx bo'yicha; haqiqiy narx kirimda yoziladi.
Ro'yxat qoldiqqa, qarzga va hisobotlarga ta'sir qilmaydi — bu shunchaki «nima olish kerak» degan qog'oz. Kerak bo'lmasa tovarlar jadvali ostidagi «Ro'yxatni bekor qilish» ni bosing (o'chirilmaydi, «Bekor qilingan» bo'lib qoladi).
Hammasini bitta varaqda — «Bugungi ro'yxat»
Har kuni o'nlab yetkazib beruvchiga ro'yxat kerak bo'lsa, ularni bittalab tuzish shart emas.
- «Kam qolganlar» tepasidagi «Hammasiga ro'yxat tuzish» ni bosing. Har yetkazib beruvchiga tavsiya bo'yicha ro'yxat (qoralama) tuziladi va xabar chiqadi, masalan «5 ta ro'yxat tuzildi». Shu yetkazib beruvchining ochiq qoralamasi bo'lsa — yangisi ochilmaydi, yetmagan tovarlar o'shanga qo'shiladi. «Yuborilgan» ro'yxatlarga tegilmaydi. Faqat tavsiyasi bor tovarlar kiradi (yangi tovar kirmaydi). Yetkazib beruvchisi noma'lum (yoki arxivga olingan) tovarlar ham kirmaydi — ular «Kam qolganlar» da qoladi, xabarda nechtaligi aytiladi: «12 ta tovar kimdan olinishi noma'lum — «Kam qolganlar»da qoldi». Ularga bir marta «Kimdan olinadi…» ni belgilasangiz, keyingi safar o'sha yetkazib beruvchining ro'yxatiga o'zi tushadi.
- «Bugungi ro'yxat» o'zi ochiladi. Tepada nechta yetkazib beruvchi va tovar borligi, tannarxni ko'rish huquqi bilan taxminiy jami.
- Har yetkazib beruvchi — alohida bo'lim: ismi, telefoni (bossangiz qo'ng'iroq qilinadi), holati, sana (bugun tuzilmagan bo'lsa) va taxminiy summa. Satrlarda: Tovar | Qoldiq | Tavsiya | Olinadi | Izoh. Miqdor va izohni shu yerning o'zida o'zgartirasiz, satr oxiridagi «⋯» da «Kimdan olinadi…» va «Olib tashlash», bo'lim ostida «Tovar qo'shish».
- O'zgartirganingizda pastda «Saqlash (N ta ro'yxat)» chiqadi — bitta bosishda hamma o'zgargan ro'yxat saqlanadi. «O'zgarishlarni qaytarish» saqlanmaganini bekor qiladi. Bo'limdagi hamma tovarni olib tashlasangiz, saqlaganda o'sha ro'yxat bekor qilinadi. Saqlamasdan boshqa bo'limga yoki sahifaga o'tmoqchi bo'lsangiz, dastur so'raydi.
- Har bo'lim tepasida: «Nusxalash» (matn) → yuborgach «Yuborildi», «Keldi — kirim qilish» va «⋯» («Alohida ochish», «Ro'yxatni bekor qilish»). O'zgarishi saqlanmagan bo'limda bu tugmalar avval saqlashni kutadi.
- «Chop etish» / «Yuklab olish» (PDF yoki Excel) — butun varaq bitta A4 hujjatda: har yetkazib beruvchi bo'limi «Ism — telefon» sarlavhasi bilan, ustunlar № | Mahsulot | Miqdor | Izoh | Keldi (bo'sh — qo'lda belgilash uchun). Tannarxni ko'rish huquqi bilan «Taxminiy narx», «Summa», bo'lim va umumiy jami ham chiqadi. Yetkazib beruvchisi noma'lum tovarlar — «Kimdan olinishi noma'lum» bo'limida. Saqlanmagan o'zgarish bo'lsa, avval saqlang.
Telefonda (ilova va m.topsavdo.uz): «Olinadigan mahsulotlar» ekranida «Hammasiga ro'yxat tuzish» va «Bugungi ro'yxat (N)». U yerda har yetkazib beruvchi — karta: ismi, telefoni va «Qo'ng'iroq», holati, tovarlar (nomi, miqdori, izohi), «Yuborish» (Telegram yoki SMS oynasi), «Ochish» (tahrir ekrani) va «Keldi — kirim qilish». Tovarlari boshqa kirim bilan kelib bo'lgan karta xira bo'ladi va unda «Keldi deb yopish» chiqadi. Telefonda varaqni chop etib bo'lmaydi — buni saytda qiling.
Eski ro'yxatlar o'zi yopiladi
Ko'pincha kelgan tovar ro'yxatga bog'lanmay, oddiy kirim bilan kiritiladi. Shunda ro'yxat «ochiq» bo'lib qolardi. Endi:
- «Hammasiga ro'yxat tuzish» bosilganda, barcha tovarlari ro'yxat tuzilgandan keyin kirim qilingan ochiq ro'yxat avval o'zi «Kirim qilingan» bo'ladi. Xabarda aytiladi: «2 ta eski ro'yxat yopildi — tovarlari kirim qilingan».
- «Bugungi ro'yxat» da shunday bo'lim xira ko'rinadi va «Bu tovarlar ro'yxat tuzilgandan keyin kirim qilingan» deb yoziladi. Uni qo'lda «Keldi deb yopish» bilan yopasiz — yangi xarid yozilmaydi, qoldiq o'zgarmaydi. Ayrim tovari kelgan satrda «Ro'yxatdan keyin kirim qilingan» yozuvi turadi.
Satrga izoh
Har tovar satrida «Izoh» katagi bor (200 belgigacha), masalan «kichigidan» yoki «faqat sariq». Izoh yetkazib beruvchiga boradigan matnda tovar yonida chiqadi — 1. Pomidor — 20 kg (kichigidan) — va hujjatdagi (PDF/Excel) «Izoh» ustuniga tushadi. Izoh yakka ro'yxatda ham, «Bugungi ro'yxat» da ham, telefondagi tahrir ekranida ham yoziladi.
Kimdan olinadi
Tovarni odatda boshqa odamdan olsangiz (masalan nonni haydovchi orqali kiritasiz, lekin har novvoyga alohida aytasiz), buni bir marta belgilang: satrdagi «⋯» → «Kimdan olinadi…» → yetkazib beruvchini tanlang → «Shu yetkazib beruvchidan».
- Saqlangan ro'yxatda va «Bugungi ro'yxat» da tovar shu zahoti o'sha yetkazib beruvchining ochiq qoralamasiga o'tadi (qoralama bo'lmasa — yangisi ochiladi; tovar u yerda bo'lsa — miqdori qo'shiladi; izoh ham o'tadi). Eski ro'yxatda tovar qolmasa, u bekor qilinadi. Ro'yxatda saqlanmagan o'zgarish bo'lsa yoki tovar hozirgina qo'shilgan bo'lsa — avval «Saqlash» ni bosing.
- Yangi (hali saqlanmagan) ro'yxatda tanlov eslab qolinadi va tovar shu ro'yxatdan olinadi (o'sha yetkazib beruvchini tanlasangiz — faqat eslab qolinadi).
Tanlov tovarga eslab qolinadi: keyingi safar «Kam qolganlar» va «Hammasiga ro'yxat tuzish» bu tovarni oxirgi kirim qilgan odamga emas, siz tanlagan yetkazib beruvchiga qo'yadi. Telefonda ham tahrir ekranidagi satrda shu amal bor.
Yetkazib beruvchiga qanday yuboriladi
Saqlangan ro'yxatning tepasida:
- «Nusxalash» — Telegram yoki SMS uchun tayyor matn nusxalanadi (narxsiz). Matn salom va «„Do'kon nomi" uchun olinadigan mahsulotlar — sana» sarlavhasi bilan boshlanadi, keyin har tovar: nomi, nechta blok va jami dona. Yetkazib beruvchiga yuborgach yonidagi «Yuborilgan deb belgilash» ni bosing.
- Telefonda «Yetkazib beruvchiga yuborish» — ulashish oynasi ochiladi, Telegram yoki SMS ni tanlaysiz; ro'yxat o'zi «Yuborilgan» bo'ladi.
- «Chop etish» va «Yuklab olish» (faqat saytda) (PDF yoki Excel) — A4 qog'oz, narxsiz, bo'sh «Keldi» ustuni bilan: tovar kelganda qo'lda belgilash uchun. Hujjat sarlavhasi va fayl nomi — «Olinadigan mahsulotlar № …».
Tovar keldi — qanday kirim qilaman
- Xaridlar → «Olinadigan mahsulotlar» → «Saqlangan ro'yxatlar» dan ro'yxatni oching (yoki «Bugungi ro'yxat» dagi o'sha yetkazib beruvchi bo'limida).
- «Keldi — kirim qilish» ni bosing.
- Xarid oynasi ro'yxatdagi tovarlar va miqdorlar bilan ochiladi; kelish narxi — oxirgi tannarx (tannarxni ko'rish huquqi bo'lsa). Haqiqatda kelganini tuzating va odatdagidek saqlang (Tovar qabul qilish).
- Saqlanganda ro'yxat «Kirim qilingan» bo'ladi va xaridga bog'lanadi.
Yetkazib beruvchi ro'yxatdagidek bo'lishi kerak: ro'yxat «Cola agent» uchun tuzilgan bo'lsa, kirim ham undan bo'ladi. Xarid keyin bekor qilinsa, ro'yxat yana ochiq bo'ladi.
Ro'yxat holatlari
| Holat | Ma'nosi |
|---|---|
| Qoralama | Saqlangan, hali yuborilmagan |
| Yuborilgan | Yetkazib beruvchiga yuborildi deb belgilangan |
| Kirim qilingan | Tovar kelib, kirim qilingan |
| Bekor qilingan | Kerak bo'lmay qolgan |
Qoralama va Yuborilgan ro'yxatlar «ochiq» hisoblanadi: ulardagi miqdor yangi tavsiyadan ayiriladi, shuning uchun bitta tovar ikki marta olinmaydi.