Tungi rejim
Qaysi ilovani ishlataman?
Qisqacha javob: Kassada doimiy ishlash uchun — kassa dasturi (kompyuterga o'rnatiladi, printer va tarozi bilan). Windows bo'lmasa yoki o'rnatib o'tirmoqchi bo'lmasangiz — brauzerdagi kassa (pos.topsavdo.uz). Ombor, hisobot va sozlamalar uchun — sayt (my.topsavdo.uz). Telefondan sotuv va kuzatish uchun — mobil ilova yoki m.topsavdo.uz.
Taqqoslash
| Sayt | Kassa dasturi | Brauzer kassasi | Mobil ilova | |
|---|---|---|---|---|
| Manzil | my.topsavdo.uz | Kompyuterga o'rnatiladi | pos.topsavdo.uz | m.topsavdo.uz yoki APK |
| Nimada ochiladi | Har qanday brauzer | Windows | Har qanday brauzer | Telefon |
| Kassada sotuv | Cheklangan | Ha, asosiy | Ha | Ha |
| Sotuvlar tarixi, qaytarish, bekor qilish | Ha, to'liq | Ha | Ha | Qisman |
| Smena ochish/yopish | Yo'q | Ha | Ha | Yo'q |
| Internetsiz ishlaydi | Yo'q | Ha | Yo'q | Qisman |
| Ombor va kirim | Ha | Cheklangan | Yo'q | Ha |
| Hisobotlar | Ha, to'liq | Cheklangan | Yo'q | Asosiylari |
| Chek printeri | Chek/stiker | Ha, to'liq | Ha | Yo'q |
| Tarozi | Yo'q | Ha | Yo'q | Yo'q |
| Sozlamalar | Ha | Qisman | Faqat chek va ovoz tugmasi | Asosiylari |
m.topsavdo.uz va APK — bitta ilova. Sayt versiyasi o'rnatishni talab qilmaydi: istalgan telefonda brauzerni ochib kirasiz.
Kassa dasturi
Kompyuterga o'rnatiladigan dastur. Kassada ishlash uchun shu ishlatiladi:
- internetsiz ham sotadi;
- chek printeri, tarozi va skaner bilan to'liq ishlaydi;
- tez — tovarlar kompyuterda saqlanadi, skanerlash bir zumda.
Yuklab olish: topsavdo.uz sahifasidan.
Yangilanish savdoni to'xtatmaydi
Yangi versiya chiqqanda kassa dasturi uni fonda, jimgina yuklab oladi — sotuv, skanerlash va chek chiqarish davom etaveradi. Yuklab bo'lgach o'ng pastda kichik belgi chiqadi: «v1.3.18 tayyor — dastur yopilganda o'rnatiladi». Bu belgi ishga xalaqit bermaydi, uni yopib qo'ysangiz ham bo'ladi.
O'rnatish qachon bo'ladi:
- dasturni yopganingizda — kassa bo'sh bo'lsa yangilanish o'sha zahoti o'rnatiladi va dastur yangi versiyada o'zi qayta ochiladi (Windows o'rnatuvchisi shunday ishlaydi — dastur yopilmasdan yangilanmaydi);
- smenani yopganingizdan keyin — dastur «hozir o'rnatamizmi?» deb so'raydi. «Keyinroq» desangiz hech narsa bo'lmaydi;
- o'zingiz xohlaganingizda — belgidagi yoki Sozlamalar → Ilova sozlamalari bo'limidagi «Hozir o'rnatish» tugmasi orqali.
Sotuv o'rtasida hech qachon o'rnatilmaydi. Smena ochiq bo'lsa, savatda tovar tursa yoki serverga yuborilmagan sotuv bo'lsa — dastur avval ogohlantiradi va sabablarni ro'yxat qilib ko'rsatadi. O'rnatish faqat siz «Baribir o'rnatish» desangizgina boshlanadi.
Yangilanish uzoq kutib qolsa (kassa kompyuteri haftalab yopilmasa) belgi qattiqroq eslata boshlaydi: uch kundan keyin yopib qo'ysangiz ham qaytadi, bir haftadan keyin esa yopilmay turadi. Baribir ekranni to'smaydi va savdoga aralashmaydi.
Yangilanish paytida ma'lumot yo'qolmaydi: sotuvlar, smena va sozlamalar alohida joyda saqlanadi, o'rnatuvchi faqat dastur fayllarini almashtiradi. Internetsiz yozilgan, hali yuborilmagan sotuvlar ham joyida qoladi.
Sozlamalar — bitta ekranda
Kassa dasturining tepa qatorida sozlamalar uchun bitta band bor: Sozlamalar. Qolgan bandlar kunlik ish uchun — Sotuv, Sotuvlar, Smenalar, Buyurtmalar, Xarajatlar, Qarzlar.
Smenalar — yopilgan smenalar tarixi: qaysi kassa, qachon yopilgan, qancha sanalgan va qancha kutilgan edi. Bu band smenalarni ko'rish huquqi bor xodimga chiqadi. Internetsiz yopilgan smenada kassir ko'rgan taxminiy summa va server hisoblagan aniq summa shu yerda yonma-yon turadi — batafsil: Internetsiz ishlash.
Bandni bossangiz saytdagiga o'xshash ekran ochiladi: chapda bo'limlar ro'yxati va qidiruv, o'ngda tanlangan bo'limning o'zi. Bir bo'limdan ikkinchisiga o'tish uchun orqaga qaytish shart emas — bitta bosish yetadi.
Bo'limlar:
- Qurilmalar — chek printeri va tarozi;
- Kassa — kassa ekranidagi kategoriya tugmalari tartibi;
- Ilova — ekran va shrift o'lchami (Ko'rinish), mavzu (yorug'/qorong'u), sotuv ekrani ko'rinishi, skan ovozlari, server manzili va dastur versiyasi.
Bo'limlarning qaysi biri ko'rinishi huquqingizga bog'liq: printer huquqi olingan kassir Printer va Tarozi bo'limlarini umuman ko'rmaydi. «Ilova» bo'limi hammaga ochiq — mavzu va sotuv ekrani ko'rinishi har kassirning o'z ishi, shuning uchun ro'yxat hech qachon bo'sh qolmaydi.
Ilgari saqlab qo'ygan havolalaringiz o'zgarmadi: /settings/printer va boshqa eski manzillar avvalgidek ochiladi.
Ekranni kattalashtirish
Kassa kompyuterlari har xil: kichik monitorda tugmalar sig'may qoladi, kattasida yozuv mayda ko'rinadi. Sozlamalar → Ko'rinish da ikkita sozlama bor:
- Interfeys o'lchami — butun ekran birga kattalashadi yoki kichrayadi: tugmalar, oynalar va yozuvlar. Tanlov: 80, 90, 100, 110, 125 va 150 %.
- Shrift o'lchami — faqat yozuvlar: Kichik, O'rtacha, Katta, Juda katta. Tugma va oynalar o'z o'lchamida qoladi.
O'zgarish darhol ko'rinadi — alohida saqlash tugmasi yo'q. Hammasini avvalgi holiga keltirish uchun «Asl holiga qaytarish» ni bosing (100 % va O'rtacha).
Savat jadval ko'rinishida bo'lsa, shrift kattalashganda savat paneli ham o'zi kengayadi — ustunlar sig'ishi uchun. Savatni jadval yoki avvalgi oddiy ro'yxat ko'rinishida ko'rsatish — Sozlamalar → Ilova → «Savat ko'rinishi» (batafsil).
Klaviaturadan ham bo'ladi — istalgan sahifada, kirish ekranida ham: Ctrl + = kattalashtiradi, Ctrl + − kichraytiradi, Ctrl + 0 100 % ga qaytaradi. Bu tugmalar F1 dagi ro'yxatda ham bor.
Har kompyuterda alohida. Tanlov serverga yozilmaydi, shu kompyuterning o'zida saqlanadi: bitta kassani kattalashtirsangiz, boshqa kassalar o'zgarmaydi. Dastur qayta ochilsa yoki yangilansa ham tanlov saqlanib qoladi, kirish ekrani ham shu o'lchamda ochiladi. Ikkinchi monitordagi mijoz ekrani bu sozlamaga ergashmaydi — u o'z o'lchamida qoladi.
Tanlangan o'lcham shu monitor uchun juda katta bo'lsa (masalan 1366×768 ekranda 150 %), sozlamada ogohlantirish chiqadi: kassa ekrani sig'may qolishi mumkin. Shunda kichikroq o'lchamni tanlang yoki Ctrl + 0 ni bosing.
Kichik ekranda katta o'lcham tanlansa ham tovar nomi va bo'limlar yo'qolmaydi — kassa joyni o'zi taqsimlaydi:
- tepadagi menyuda avval ikkinchi darajali yozuvlar yashiriladi (ismingiz, «hozirgina», «Topsavdo» yozuvi — belgilari qoladi). Bo'limlar shunda ham sig'masa, oxirgilari «…» (Yana) tugmasi ostiga o'tadi — bosing, ro'yxat ochiladi;
- mahsulot ro'yxatida tovar nomi ikki qatorgacha o'raladi. Joy yetmasa SKU nom ostiga, qoldiq esa narx ostiga tushadi.
Chekdagi yozuv o'lchami bunga bog'liq emas — u printer sozlamasida: Chek shriftini kattalashtirish.
Brauzerdagi kassa
pos.topsavdo.uz — kassa dasturining brauzerdagi ko'rinishi. Hech narsa o'rnatilmaydi: manzilni ochasiz, kirasiz va sotasiz.
Bu haqiqiy kassa, «tovar tanlab sotish» emas: smena ochish va yopish, skanerdan sotuv, chakana/ulgurji narx, kasrli miqdor (kilogramm, metr), dona va blok bilan sotish, chegirma, muddatsiz qarzga sotish, chek chiqarish, kassa ichida naqd ↔ elektron almashtirish, skan ovozi va savatga tushmagan skanlar ro'yxati — hammasi bor.
Mahsulot ro'yxati kassa dasturidagidek bo'ldi
Brauzerdagi kassaning mahsulot ekrani endi kassa dasturi bilan bitta:
- Tanlanganlar — tovarni o'ng tugma bilan bosib (yoki bosib turib) belgilaysiz, u qo'l ostida turadi;
- tovar rasmi kartochkada ko'rinadi;
- katak / ro'yxat ko'rinishini almashtirish tugmasi;
- savatga allaqachon tushgan tovar ajratib ko'rsatiladi;
- mijozning sodiqlik kartasini skanerlash mijozni chekka biriktiradi (batafsil).
Sahifalash olib tashlandi
Ilgari tovarlar sahifama-sahifa varaqlanardi. Endi kassa ochilganda Tanlanganlar turadi, butun ro'yxat esa kategoriya tanlanganda yoki qidiruvga yozganda yuklanadi. Birinchi ekranda tovar ko'rinmasligi mumkin — bu tovar yo'qolgani EMAS.
Sotuvlar tarixi
Kassa ekranining tepasidagi «Sotuvlar» tugmasi o'tgan sotuvlarni ochadi. Tugma smena yopiq bo'lganda ham ko'rinadi — mijoz kechagi chek bilan kelsa ish to'xtamaydi.
Ro'yxatda uchta chegara bor: «Shu smena» (standart), «Bugun» va «Sana» (oraliq). Qidiruv chek raqami yoki mijoz bo'yicha ishlaydi. Do'kon egasi va admin boshqa kassalarning sotuvlarini ham ko'ra oladi.
Sotuvni ochsangiz kartasi chiqadi — qatorlar, to'lovlar, mijoz va qaytarishlar tarixi. Undan to'rt amal bajariladi:
| Amal | Nima qiladi |
|---|---|
| Chek | Chekni qayta chiqaradi |
| Qaytarish | Mijoz tovarni qaytarib keldi — Tovarni qaytarish |
| Xatoni bekor qilish | Sotuv umuman bo'lmasligi kerak edi — Xatoni bekor qilish |
| To'lov qo'shish | Mijozning qarziga pul qabul qilinadi |
Tannarx va foyda kassa kartasida hech qachon ko'rsatilmaydi — ekranga mijoz ham qaraydi. Uchala amal ham xodimda «Sotuvlar — Tahrirlash / Qaytarish» ruxsatini talab qiladi; ruxsat bo'lmasa tugma o'chiq turadi.
Ro'yxat serverdan keladi: internet yo'q bo'lsa sotuvlar tarixi ham ochilmaydi.
Kimga kerak:
- Mac yoki Linux kompyuterda ishlaydiganlarga — kassa dasturi faqat Windows uchun;
- planshetdan sotadiganlarga;
- vaqtinchalik ikkinchi kassa ochmoqchi bo'lganlarga — o'rnatish shart emas, brauzer yetadi;
- kassa kompyuteri buzilib qolganda — istalgan boshqa kompyuterdan darrov sotishni davom ettirasiz.
Skaner oddiy ishlaydi: u klaviatura kabi yozadi, ya'ni sichqoncha bilan qidiruv katagiga bosib o'tirish shart emas — skanerlaysiz, tovar savatga tushadi.
Chek ikki yo'l bilan chiqadi:
- do'konda serverga ulangan chek printeri bo'lsa — to'g'ridan-to'g'ri o'sha printerdan;
- bo'lmasa — brauzerning chop etish oynasi ochiladi va o'sha kompyuterga ulangan istalgan printerdan chiqasiz.
Chek matni kassa dasturidagi bilan aynan bir xil chiqadi.
Ikki narsa yo'q
Internetsiz ishlamaydi. Uzilsa ekranning tepasida ochiq ogohlantirish chiqadi va savat ostidagi «To'lash» tugmasi o'chadi, sababi bilan: «Internet yo'q — hozir sotuvni yakunlab bo'lmaydi. Savat saqlanib turadi; aloqa tiklanishi bilan "To'lash" yana ishlaydi.» Ya'ni to'siq oldinda turadi — savatni to'ldirib bo'lib, mijoz oldida oxirgi qadamda xato olmaysiz. Savat yo'qolmaydi, lekin uzilish davomida sota olmaysiz. Internet tez-tez uzilib turadigan do'konda kassa dasturi to'g'riroq: u tovarlarni kompyuterda saqlaydi va uzilishda ham sotaveradi.
Tarozi ulanmaydi. Vaznni qo'lda kiritasiz. Sabab: brauzer tarozi bilan to'g'ridan-to'g'ri gaplashish uchun Web Serial degan imkoniyatga muhtoj, u esa Safari'da umuman yo'q — ya'ni aynan Mac foydalanuvchilari baribir ololmasdi. Tarozi bilan doimiy ishlaydigan kassaga kassa dasturi.
Yana nimalar yo'q
| Nima yo'q | Tafsilot |
|---|---|
| Qaytarish cheki | Qaytarishning o'zi to'liq rasmiylashadi (tovar omborga qaytadi, pul qaytariladi), faqat undan keyin alohida qog'oz chiqmaydi. Kassa dasturida chiqadi |
| Z-hisobot | Smenani brauzerdan yopasiz, lekin kun yakuni cheki chiqmaydi — uni kassa dasturi chop etadi. Yopilgan smena saytdagi Kassa → Smenalar da ko'rinadi |
| Oylik grafik bilan bo'lib to'lash | Brauzerdagi «Nasiyaga sotish» — muddatsiz qarz. Grafikli nasiya saytda va kassa dasturida (faqat internet bilan): Qarzga sotish va bo'lib to'lash |
| Sotuvni butunlay o'chirish | Kassirga kerak emas — xatoni bekor qilish yetarli. Bugungi xatoni izsiz o'chirish saytda, rahbar uchun |
| Yangi mijoz qo'shish | Mijozni qidirib tanlaysiz, lekin o'sha yerda yangisini ocholmaysiz. Yangi mijoz saytdagi Mijozlar bo'limidan yoki kassa dasturidan ochiladi |
| Xarajat va buyurtmalar | Kassadan xarajat kiritish va buyurtmalar bilan ishlash yo'q — ular kassa dasturida va saytda |
| «Pul harakati» jadvali | Smena yopish oynasi qisqa hisob beradi: sotuvlar soni, savdo, nasiya, xarajat, to'lov usullari va kutilgan naqd/elektron. Pul ochilishdan sanoqqacha qanday yo'l bosgani kassa dasturida va saytdagi Kassa yoki seyf tarixi da |
Qolgani bo'yicha bir xil: sotuv qaysi ilovadan qilinsa ham bitta joyga tushadi, qoldiq va mijoz qarzi darrov yangilanadi.
Bu ro'yxat vaqtinchalik holat emas
Brauzerdagi kassa o'chirilmaydi va ishlashda davom etadi. Shu bilan birga kassaning yangi imkoniyatlari kassa dasturiga qo'shiladi — brauzerdagi kassaga yangi imkoniyat qo'shish rejalashtirilmagan.
Sabab sotuvni yakunlash joyida: kassa dasturi sotuvni avval kompyuterga yozadi va keyin serverga yuboradi, brauzerdagi kassa esa to'g'ridan-to'g'ri serverga yozadi. Ikki xil yo'lni bir vaqtda o'zgartirish aynan pul hisoblanadigan joyda xato ehtimolini oshiradi.
Ya'ni yuqoridagi «yo'q» larni «keyin qo'shiladi» deb o'qimang: kerakli imkoniyat kassa dasturida yoki saytda bor.
Sayt (veb-kabinet)
my.topsavdo.uz — do'kon boshqaruvi uchun:
- mahsulot kartochkalari, kirim, yetkazib beruvchiga qaytarish, qoldiq, inventarizatsiya;
- mijozlar va qarzlar;
- barcha hisobotlar;
- xodimlar va huquqlar, sozlamalar.
Brauzerda ochiladi, o'rnatish talab qilmaydi.
Menyu qanday bo'lingan
Chap menyudagi bo'limlar ishingiz turiga qarab guruhlangan:
| Guruh | Nima bor |
|---|---|
| SAVDO | Sotuvlar, buyurtmalar, mijozlar |
| KASSA | Kassalar, smenalar, xarajatlar, olingan qarzlar |
| OMBOR | Mahsulotlar, aksiyalar, narx stikeri, inventarizatsiya, filiallararo ko'chirish, hisobdan chiqarish |
| XARID | Yetkazib beruvchidan xarid (sahifa tepasida — olinadigan mahsulotlar: nima va qancha olish kerak), unga qaytarish, ulgurji bozor, tovar mosliklari |
| MIJOZLAR BOTI | E'lonlar, shikoyat va takliflar |
| HISOBOTLAR | Sotuv, moliya, ombor holati, narxlar, filiallar solishtirma |
Siz faqat huquqingiz yetadigan bo'limlarni ko'rasiz: kassirning menyusi qisqa, do'kon egasiniki to'liq. Bo'limi qolmagan guruh umuman chizilmaydi — masalan omborchi «SAVDO» guruhini ko'rmaydi.
Sozlamalar — bitta joyda
Do'kon, xodimlar, printer, Telegram va obunaga oid sozlamalar menyuda alohida-alohida turmaydi. Menyuning eng pastida ismingiz turadi — uni bossangiz kichik menyu ochiladi: Sozlamalar, Yordam va Chiqish (brauzer taklif qilsa, Ilovani o'rnatish ham shu yerda).
Sozlamalar alohida oyna ochadi: chapda bo'limlar ro'yxati va qidiruv, o'ngda tanlangan bo'limning o'zi. Ro'yxat joyida qoladi — printerni sozlab, keyin stikerga o'tish uchun orqaga qaytish shart emas, bitta bosish yetadi.
Tepadagi qidiruvga so'z yozsangiz (masalan «chek» yoki «xodim») ro'yxat darrov qisqaradi; qidiruv nom bo'yicha ham, izoh bo'yicha ham ishlaydi. Qidiruv maydoni ro'yxat aylanganda ham yuqorida turaveradi.
Ro'yxat ekranga sig'masa pastda so'nuvchi chekka ko'rinadi — bu «pastda yana bo'lim bor» degani. Oxirigacha aylantirsangiz u yo'qoladi. Oyna ilovaning ustidan ochilgani uchun kichik ekranli kompyuterda ham sozlamalarga keng joy tegadi; katta ekranda esa oyna kengayib boradi, ya'ni Xodimlar yoki Stiker kabi keng jadvalli bo'limlar qirqilmaydi. Yopish — X tugmasi (oynaning tepa-o'ng burchagida, telefonda ham o'sha yerda), Esc yoki brauzerning «Orqaga» tugmasi — uchalasi bir xil ishlaydi va qaysi sahifada bo'lgan bo'lsangiz o'shanga qaytaradi. Necha bo'limni aylanganingiz muhim emas: bir bosish yetadi. Bo'limlar:
- Do'kon — do'kon sozlamalari, filiallar, onlayn katalog, to'lov turlari, kassadagi kategoriya tartibi, har N-chi xaridorga sovg'a;
- Xodimlar — xodim qo'shish, huquq berish, kassaga biriktirish;
- Qurilmalar — chek printeri va chekda nima chop etilishi, stiker, tarozi;
- Telegram — o'zingizga keladigan xabarlar va mijozlar boti;
- AI yordamchi — do'koningizni tashqi AI dasturiga ulash kaliti (batafsil);
- Hisob — obuna va ochilish balansi;
- Shaxsiy — profilingiz, menyu bo'limlari va qaysi xabarlar ilova ichida kelishi (Bildirishnomalar — bu band faqat do'kon egasida).
Bo'limlarning qaysi biri ko'rinishi huquqingizga bog'liq: masalan Telegram bo'limini faqat do'kon egasi, obunani esa ega va administrator ko'radi. Ochilmaydigan bo'lim umuman chizilmaydi.
Telefonda oyna butun ekranni egallaydi: avval kartochkalar ro'yxati ochiladi, bo'limni tanlaganingizda uning o'zi to'liq ekranga o'tadi, tepadagi «Sozlamalar» havolasi ro'yxatga qaytaradi.
Kassadagi kategoriya tartibi
Kassa ekranidagi kategoriya tugmalari qaysi tartibda turishini Sozlamalar → Kategoriya tartibi bo'limidan o'zgartirasiz. Eng ko'p sotiladigan kategoriyani yuqoriga chiqarsangiz kassir uni qidirmaydi.
Tartib do'kon bo'yicha umumiy: bir marta sozlaysiz va u do'konning barcha kassalarida hamda saytda bir xil bo'ladi. Xuddi shu ekran kassa dasturining o'zida ham bor (Sozlamalar → Kategoriya tartibi) — ikkalasi bitta sozlamani o'zgartiradi, qaysi biridan qilishingiz farq qilmaydi.
Ko'chirish o'q tugmalari bilan: «eng yuqoriga», «yuqoriga», «pastga». Sudrab tashlash ataylab yo'q — kassa ko'pincha sensorli ekranda ishlaydi, u yerda sudrash umuman ishlamaydi. O'zgartirgach Saqlash tugmasini bosasiz; tugma faqat tartib haqiqatan o'zgarganda yonadi.
Ilgari saqlab qo'ygan havolalaringiz (masalan to'g'ridan-to'g'ri printer sozlamasiga) o'zgarmadi — ular avvalgidek ishlayveradi.
Chap menyuni o'zingizga moslash
Bo'limlar ro'yxati chap tomonda turadi va uni ekraningizga qarab sozlab olsangiz bo'ladi:
- Yig'ish. Menyu chekkasidagi kichkina dumaloq tugma («Menyuni yig'ish») menyuni faqat ikonkalarga qisqartiradi — jadvallarga ko'proq joy qoladi. Ikonka ustiga sichqonchani olib borsangiz bo'lim nomi qalqib chiqadi. O'sha tugma bilan qaytarib yoyasiz.
- Kenglikni o'zgartirish. Menyu bilan sahifa orasidagi chekkani sudrasangiz menyu kengayadi yoki torayadi. Chekkani ikki marta bossangiz standart kenglikka qaytadi.
- Keraksiz bo'limlarni yashirish. Sozlamalar → Menyu bo'limlari ro'yxatini ochadi: har bo'lim yonidagi belgini olsangiz u menyudan yo'qoladi. «Hammasini tiklash» bir bosishda hammasini qaytaradi. Hammasini yashirib qo'ysangiz ham o'zingizni menyusiz qoldirmaysiz: menyu pastidagi ismingiz har doim turadi va undagi «Sozlamalar» orqali qaytarasiz.
Bo'limni yashirish — faqat ko'rinish sozlamasi, taqiq emas: yashirilgan bo'lim havolasi orqali baribir ochiladi va bu boshqa xodimlarning menyusiga ta'sir qilmaydi. Xodim biror bo'limga umuman kira olmasligi kerak bo'lsa, Sozlamalar → Xodimlar bo'limidan uning huquqini olib qo'ying.
Bu sozlamalar har bir foydalanuvchida alohida saqlanadi: bitta kompyuterda ikki kassir navbatma-navbat ishlasa, biri yig'ib qo'ygan yoki yashirgan menyu ikkinchisiga ko'chmaydi.
Tor ekranda (telefon yoki kichik oyna) menyu doim yopiq turadi — tepadagi tugma bilan sahifa ustidan ochiladi va Esc bilan yopiladi.
Xohlasangiz — kompyuterga ilova qilib qo'yish
Bu qo'shimcha imkoniyat, majburiy emas: o'rnatmasangiz ham sayt xuddi shunday to'liq ishlayveradi. O'rnatsangiz sayt o'z ikonkasi bilan, manzil satri va brauzer panelisiz, alohida oynada ochiladi.
- Chrome yoki Edge'da: chap menyuning pastidagi ismingizni bosing — ochilgan menyuda «Ilovani o'rnatish» bandi chiqadi. Yoki manzil satrining o'ng chekkasidagi o'rnatish belgisi orqali.
- Ish stoli va «Boshlash» menyusiga yorliq qo'shiladi — ilovani odatdagi dasturdek ochasiz.
- Safari va Firefox bunday o'rnatishni qo'llab-quvvatlamaydi: u yerda tugma ko'rinmaydi.
Bu kassa dasturi emas — ichida o'sha saytning o'zi ishlaydi. Ya'ni internet baribir kerak, printer va tarozi ham ulanmaydi. Yagona farqi — ochilishi qulayroq va tezroq bo'ladi. Istagan payt oddiy dastur kabi o'chirib tashlasangiz, saytga brauzerdan kiraverasiz.
Ro'yxatlar va ortga qaytish
Quyidagilar bitta bo'limga emas, butun ilovaga tegishli — bir marta o'rgansangiz hamma joyda shunday ishlaydi.
Ortga qaytish tugmasi
Ichkariga kirilgan har sahifada — mijoz kartochkasi, sotuv, xarid, mahsulot formasi — chap tepada, sarlavhadan oldin ortga strelkasi turadi. Joyi va ko'rinishi hamma joyda bir xil, ya'ni har sahifada uni qidirib o'tirmaysiz.
Tugma kelgan yo'lingiz bo'yicha qaytaradi. Masalan mijoz kartochkasidan uning sotuviga kirsangiz, ortga bosganingizda o'sha mijozga qaytasiz — barcha sotuvlar ro'yxatiga emas.
Ro'yxatga qaytganingizda qidiruvingiz, filtringiz, sahifa raqamingiz va ro'yxatni qayergacha aylantirgan bo'lsangiz — hammasi joyida turadi. Uzun ro'yxatda pastga tushib, bittasining ichiga kirib, qaytganingizda yana boshidan qidirish shart emas.
Formadagi «Bekor qilish» ham xuddi shu joyga qaytaradi.
Saytda qidiruv va sahifa raqami manzil satrida ham turadi (?q=, ?page=) — havolani nusxalab hamkasbingizga bersangiz, u ham aynan o'sha ko'rinishni ochadi.
Havoladan yoki yangi oynadan to'g'ridan-to'g'ri kirgan bo'lsangiz, ya'ni ortingizda tarix bo'lmasa, tugma sizni saytdan chiqarib yubormaydi — tegishli ro'yxatga olib boradi.
Kassa dasturida ham xuddi shunday.
Sarlavha, qidiruv va tugmalar tepada qoladi
Ro'yxatli sahifalarda (mahsulotlar, sotuvlar, buyurtmalar, xarajatlar, mijozlar va boshqalar) ro'yxatni pastga aylantirganingizda sahifaning yuqori qismi — sarlavha, qidiruv, «Yuklab olish» va «Yangi …» tugmalari, hamda bo'lim tablari (masalan buyurtmalardagi «Kelgan buyurtmalar» / «Diller/Distribyutor») — ekran tepasida qotib turadi. Uzun ro'yxatning o'rtasida turib ham qidirish, filtrni almashtirish yoki yangi yozuv qo'shish uchun yuqoriga qaytish shart emas.
Pastga tushganingizda panel ixchamlashadi: sarlavha kichrayadi, ostidagi izoh («Jami: 803 ta») yashiriladi, qidiruv va tugmalar bitta qatorga yig'iladi. Tepaga qaytganingizda panel avvalgi to'liq ko'rinishiga qaytadi.
Joy yetmasa — telefonda yoki brauzer oynasi kichraytirilganda — qo'shimcha tugmalar (masalan «Yuklab olish», «Kategoriyalar», «Import») bitta «⋯» (uch nuqta) tugmasiga yig'iladi. Uni bossangiz har bir amal to'liq nomi bilan ro'yxat bo'lib ochiladi; «Yuklab olish» ni tanlasangiz Excel va PDF shu ro'yxatning o'zida chiqadi. Menyu tashqarisini yoki klaviaturada Esc ni bossangiz yopiladi. Asosiy tugma («Yangi mahsulot», «Yangi sotuv» va h.k.) menyuga yashirilmaydi — doim ko'rinib turadi; juda tor joyda (telefonda, panel ixchamlashganda) u faqat «+» belgisiga qisqaradi. Keng ekranda hamma tugma avvalgidek nomi bilan turadi.
Hisob kartochkalari (masalan xarajatlardagi «Jami xarajat») va «Hammasini tanlash» qatori qotmaydi — ular ro'yxat bilan birga yuqoriga ketadi, aks holda qotgan qism ekranning katta qismini egallab olardi.
Jadval ustunlarini o'zingizga moslash
Ro'yxatli sahifalarda ustunlarni sarlavhaning o'zidan boshqarasiz — ustun nomini bosing, menyu ochiladi:
- Ustun qo'shish — jadvalda ko'rsatilmayotgan ma'lumotlar ro'yxati. Ro'yxatdagi har bir yozuv o'sha bo'limda mavjud, lekin standart ko'rinishga sig'magan ma'lumot: masalan Mahsulotlarda PLU (tarozi kodi), Kelish narxi, Blok narxi, O'zgartirilgan. Tanlagan ustuningiz siz menyuni ochgan ustundan keyin qo'shiladi;
- Bu ustunni yashirish — keraksizini olib tashlaydi. Kamida bitta ustun ko'rinib turishi kerak, oxirgisini o'chirib bo'lmaydi;
- Chapga / o'ngga surish — tartibni o'zgartiradi;
- Sarlavhani sudrash — kompyuterda ustunni shunchaki surib boshqa joyga olib qo'yasiz (qayerga tushishi chiziqcha bilan ko'rsatiladi). Telefonda sudrash yo'q — u yerda menyudagi strelkalar ishlaydi;
- Kengligini o'zgartirish — ustun sarlavhasining o'ng chetidan sudrang. Chetni ikki marta bossangiz standart kenglikka qaytadi. Tor ekranda (telefon yoki kichkina oyna) kenglik sudralmaydi — u yerda jadval o'zi joylashadi.
Jadval ustidagi o'ng tomondagi «Ustunlar» tugmasi ham o'sha ishni qiladi: barcha ustunlar bitta ro'yxatda, belgilanmaganlari — qo'shsa bo'ladigan ma'lumotlar. Menyuning pastidagi «Standart holatga qaytarish» hammasini boshlang'ich holatiga qaytaradi.
Sozlama shu qurilmada va shu foydalanuvchida saqlanadi. Boshqa kompyuterda o'z sozlamangiz bo'ladi — bu ataylab shunday: ustun kengligi ekranga bog'liq, katta monitorda sozlangan jadval kichik noutbukda ekrandan chiqib ketardi. Bitta kompyuterda ikki kassir navbatma-navbat ishlasa ham biri sozlagani ikkinchisiga ko'chmaydi.
Ruxsat bilan chalkashtirmang. Ustunni yashirish — faqat sizning ko'rinishingiz, taqiq emas. Teskarisi ham to'g'ri: ruxsati yo'q xodimda maxfiy ustunlar (tannarx, marja, narx poli) na jadvalda, na «Ustun qo'shish» ro'yxatida ko'rinadi — «o'chirilgan» holatda ham emas, yo'q. Ya'ni xodim ularni sozlash orqali ocha olmaydi, bu ma'lumot serverdan ham yuborilmaydi. Ruxsat haqida: Xodim qo'shish va huquqlar.
Yashirish, surish va kenglik odatdagi ro'yxat sahifalarining hammasida ishlaydi — Mahsulotlar, Mijozlar, Sotuvlar, Xaridlar, Xarajatlar, Xodimlar va boshqalar.
«Ustun qo'shish» ro'yxati esa hozircha hamma bo'limda to'la emas. Saytda u eng boy Mahsulotlar va Mijozlarda; qolgan bo'limlarda ro'yxat bo'sh yoki qisqa bo'lishi mumkin — u yerda ustunlarni yashirish va surish ishlayveradi. Qolgan bo'limlarga ham bosqichma-bosqich qo'shilmoqda.
Kassa dasturida ham xuddi shunday ishlaydi — Sotuvlar, Xarajatlar va Buyurtmalar ro'yxatlarida ustunni yashirasiz, surasiz va kengaytirasiz. «Ustun qo'shish» esa Sotuvlar va Xarajatlarda to'lgan. Sotuvlarda qo'shsa bo'ladigan ustunlar: Sof foyda, Qarz, Chegirma, Sotuvchi, Kassa, Narx turi, Qayerdan, Mijoz telefoni, Izoh, O'zgartirilgan. Xarajatlarda: Kassa, Kim kiritdi, Valyuta, Filial, Kiritilgan vaqt, O'zgartirilgan. Ruxsat qoidasi kassada ham o'zgarmaydi: tannarxga asoslangan Sof foyda ustuni ruxsati yo'q kassirga ro'yxatda umuman ko'rinmaydi.
Kassadagi sozlama har foydalanuvchiga alohida saqlanadi: bitta kompyuterda navbatma-navbat ishlaydigan kassirlar bir-birining ustunlarini ko'rmaydi.
Hisobot sahifalaridagi jadvallarda hozircha yo'q, ular keyingi bosqichda qo'shiladi.
Ro'yxatni faylga chiqarish
Jadval ustidagi «Yuklab olish» tugmasi ro'yxatni Excel yoki A4 PDF ga chiqaradi. U deyarli hamma ro'yxatda bor.
Ikki narsani bilib qo'ying — ular ko'pincha kutilmagan bo'ladi:
- Faylga BUTUN ro'yxat tushadi, ekranda ko'rinib turgan 25 qator emas. Ming qatorli sotuv ro'yxatini yuklab olsangiz, faylda ming qator bo'ladi.
- Qo'ygan shartingiz saqlanadi. Qidiruv, ustun filtri va davr — fayl ham xuddi shu ro'yxatni beradi, va PDF sarlavhasida qaysi shart qo'llangani yozib qo'yiladi.
Fayl serverda yasaladi, ya'ni ruxsat chegarasi u yerda ham o'z kuchida: tannarx ruxsati bo'lmagan xodimning faylida «Sof foyda» ustuni umuman bo'lmaydi — bo'sh emas, yo'q. Xuddi shunday, o'z smenasini ko'radigan kassirning faylida boshqa kassirlarning smenalari chiqmaydi.
Bitta hujjatni ham chiqarish mumkin. Xarid yoki sotuvni ochsangiz o'sha sahifadagi tugma ro'yxatni emas, shu hujjatning o'zini beradi: PDF chop etishga tayyor (kontragent, sana, raqam, tartib raqamli satrlar, jami va qarz), Excel'da esa pul va miqdor haqiqiy son bo'lib turadi. Satrlar tartibi hujjatdagi bilan bir xil bo'ladi.
Davrni tanlash
Ro'yxat ustidagi tugmalar qatoridan davrni bir bosishda tanlaysiz: Bugun, Kecha, Shu hafta, Shu oy, O'tgan oy. Yonidagi kalendar tugmasi to'liq ro'yxatni ochadi — u yerda O'tgan hafta, Oxirgi 7 kun, Oxirgi 30 kun, Shu yil, O'tgan yil ham bor va istalgan ikki sana orasini belgilash mumkin. «Barchasi» davr chegarasini butunlay olib tashlaydi; ro'yxatlar shu holatda ochiladi.
O'tgan oylarga kalendar tepasidagi o'qlar bilan o'tasiz: bittalik o'q oyni, qo'shaloq o'q yilni suradi. Ya'ni yarim yil oldingi ikki kun orasini ham shu yerdan belgilash mumkin.
Bu kassa dasturida ham, saytda ham bir xil: kun kechasi soat 00:00 da almashadi (Toshkent vaqti), «hafta» dushanbadan, «oy» esa 1-sanadan boshlanadi. Tanlangan kunning O'ZI ham doim hisobga kiradi — «shu oyning 1-sanasidan bugungacha» degani bugungi sotuvlar ham ichida degani.
Xuddi shu kalendar ustun sarlavhasining menyusida ham turadi (sana ustunini bosing), ikkalasi bitta narsani boshqaradi: yuqoridan tanlasangiz menyuda ham o'sha davr ko'rinadi.
Saytdagi ro'yxatlarda ham qoida aynan shu: ustun menyusidan «5-sentabrgacha» deb tanlasangiz, o'sha kuni kechqurun kiritilgan yozuvlar ham ro'yxatda qoladi. Bu Sotuvlar, Xaridlar, Xarid qaytarishlari, Mahsulotlar, Mijozlar, Smenalar, Kassalar, Moliya (tranzaksiyalar), Bildirishnomalar, Lidlar, Rejalar, Kampaniyalar va Inventarizatsiya ro'yxatlariga tegishli.
Ilgari yuborilgan havolalar ishlashda davom etadi: eski manzildagi sana chegarasi yangisiga o'zi ko'chiriladi va menyuda ko'rinib turadi (ya'ni uni tozalash ham mumkin).
Kassa dasturida davrni internetsiz ham tanlash mumkin — ro'yxat lokal nusxadan aynan o'sha kunlar bo'yicha yig'iladi.
Mobil ilova
Telefonda ishlaydigan to'liq ilova: sotuv, mahsulot va kirim, mijozlar va qarzlar, inventarizatsiya, asosiy hisobotlar. Shtrix-kodni telefon kamerasi o'qiydi. Rahbar do'konda bo'lmaganda ham nima bo'layotganini ko'radi.
Ikki yo'l bilan ochiladi va ikkalasi ham bir xil ilova:
m.topsavdo.uz— brauzerda, o'rnatishsiz. Istalgan telefon bo'ladi.- APK — Android'ga o'rnatiladigan versiya.
Telefon ekraniga qo'shish
m.topsavdo.uz ni ekranga qo'shsangiz oddiy ilovadek — o'z ikonkasi bilan, brauzer paneliga joy ketmasdan, to'liq ekranda ochiladi:
- Android (Chrome): menyu (⋮) → «Ilovani o'rnatish» yoki «Bosh ekranga qo'shish».
- iPhone (Safari): «Ulashish» tugmasi → «Ekranga qo'shish».
Bir marta kirganingizdan keyin ilova telefonda saqlanadi: keyingi ochilish bir zumda bo'ladi va internet uzilib qolsa ham ilova ochiladi.
Internet uzilganda
Ilova oxirgi sinxronlangan mahsulot va mijoz ro'yxati bilan ochiladi. Xarajat va kirim navbatga tushadi — internet qaytganda o'zi yuboriladi. Yuqorida «Tarmoqsiz rejim» yozuvi va navbatdagilar soni ko'rinadi. Sotuv esa telefonda faqat internet bilan: aloqa yo'q bo'lsa sotuv ekrani «Internet aloqasi kerak» deydi. Qaytarish ham internet talab qiladi.
Doimiy internetsiz kassa uchun baribir kassa dasturi to'g'riroq: u tovarlarni kompyuterda saqlaydi va printer bilan ishlaydi.
Ochiq bozor
shop.topsavdo.uz — ulgurji savdo maydoni. Yetkazib beruvchilardan tovar buyurtma qilish yoki o'z tovaringizni boshqa do'konlarga sotish uchun. Bozorni ham xohlasangiz ilova qilib qo'yish mumkin (profil sahifasidagi «Ilovani o'rnatish» tugmasi) — bu ham majburiy emas.
O'quv (demo) do'koni bozorda qatnashmaydi: uning nomidan buyurtma berib bo'lmaydi, uning tovarlari esa bozorda ham, onlayn katalog havolasida ham ko'rinmaydi.
Tovar sonini qanday kiritaman? Katalogda ham, buyurtma sahifasida ham sonni −/+ tugmalari bilan yoki son ustiga bosib to'g'ridan-to'g'ri yozib kiritasiz (masalan, 120 dona yoki 5 blok; telefonda raqamli klaviatura chiqadi). 0 yozsangiz yoki katakni bo'sh qoldirsangiz, tovar savatdan chiqadi. Dona va blok soni — faqat butun son: «12,5» yozsangiz katak qizil bo'ladi, savat va jami summa yozishdan oldingi sonda qoladi (katak 0 bo'lgan bo'lsa ham — masalan blokli tovarning «dona» katagi), sahifani yangilasangiz ham o'sha son. Katak tuzatilmaguncha «Buyurtma berish» o'chiq turadi va yonida sababi yoziladi. Saytdagi Ulgurji bozor bo'limining savatida ham xuddi shunday.
Internet uzilib «Buyurtma berish» xato bersa, qayta bossam ikkita buyurtma ketmaydimi? Yo'q. Buyurtma serverga yetib borib, javobi yo'lda yo'qolgan bo'lsa ham, o'sha savat bilan «Buyurtma berish»ni yana bosing — ikkinchi buyurtma yozilmaydi, birinchisi ochiladi. Sahifani yangilab qaytsangiz ham shunday (bir kun ichida). Savatdagi tovar yoki sonni o'zgartirsangiz — bu yangi buyurtma bo'lib ketadi. Tugmani tez-tez ikki marta bosish ham bitta buyurtma.
Buyurtmangiz nima bo'lganini qayerdan bilaman? Bozorda xaridor bo'lib ro'yxatdan o'tgan bo'lsangiz, sarlavhada (Optoviklar, Buyurtmalar, Profil) qo'ng'iroqcha bor. Sotuvchi buyurtmangizni tasdiqlasa, rad etsa, bekor qilsa, bajarsa yoki tarkibini o'zgartirsa — qo'ng'iroqcha ustida yangi xabarlar soni chiqadi. Bosganingizda xabarlar ro'yxati ochiladi: sarlavha, sotuvchining sababi (rad etgan yoki bekor qilgan bo'lsa) va qachon kelgani. Ro'yxatni ochishingiz bilan xabarlar o'qilgan hisoblanadi. Xabarni bossangiz — o'sha buyurtma sahifasi ochiladi.
Son o'zi yangilanadi — daqiqasiga bir marta, bozor oynasi ochiq turganda (oynaga qaytganingizda ham darhol). Sotuvchining Telegram botiga raqamingizni yuborgan bo'lsangiz, xuddi shu xabar Telegramga ham keladi.
Sotuvchi sifatida yangi buyurtmani qayerdan bilaman? Bozorda sotuvchi bo'lib ro'yxatdan o'tgan bo'lsangiz ham sarlavhada (Buyurtmalar, Mahsulotlar, Statistika, Profil) qo'ng'iroqcha bor. Xaridor sizga buyurtma bersa — «Yangi buyurtma» xabari keladi va qo'ng'iroqcha ustida yangi xabarlar soni chiqadi. Xabarni bossangiz o'sha buyurtma ochiladi; son xaridordagidek daqiqasiga bir marta yangilanadi, yangi buyurtma «Yangi» ro'yxatida ham darhol ko'rinadi.
Sotuvchi qo'ng'iroqchasida faqat buyurtma xabarlari ko'rinadi. Boshqa turdagi xabarlar (masalan kam qolgan tovar) bu yerda chiqmaydi va bu yerdan «o'qilgan» ham bo'lib qolmaydi.
Bozorda o'zim ro'yxatdan o'tgan sotuvchiman — kassa dasturiga yoki my.topsavdo.uz ga kira olamanmi? Bu hisob Bozor tarifida va faqat bozor kabinetida ishlaydi: mahsulotlar, buyurtmalar, statistika va profil. Ombor, kassa, mijozlar daftari, hisobotlar va AI yordamchi bu tarifda yopiq — saytda ham, kassa dasturida ham, telefon ilovasida ham. Shu tarifda yangi do'kon ochib ham, boshqa optoviklardan buyurtma berib ham bo'lmaydi. Hisobingiz Bozor tarifiga o'tkazilgan bo'lsa, xodimlaringizga ham faqat bozor kabineti ochiq qoladi. To'liq tizimga o'tish uchun @topsavdo_call ga yozing.
Mijozlar boti
Bu — siz emas, mijozlaringiz ishlatadigan ilova: do'koningizning o'z Telegram boti. Mijoz unda qarzini, xaridlarini va keshbegini o'zi ko'radi, do'kon e'lonlarini oladi. Ulash my.topsavdo.uz → Sozlamalar → Mijozlar boti, 2 daqiqa: Mijozlar uchun Telegram bot.
Bir vaqtda ishlatish mumkinmi
Ha. Kassada kassir kassa dasturida ishlaydi, rahbar ayni paytda saytdan hisobotni ko'radi — ma'lumot umumiy va real vaqtda yangilanadi.
Bitta login bilan bir nechta qurilmada bir vaqtda kirish ham mumkin. Qaysi qurilmalarda kirganingizni ko'rish va keraksizidan chiqish: Kirilgan qurilmalar.