Tungi rejim
Kassadagi pul mos kelmasa nima qilaman?
Qisqacha javob: Sanagan summani o'zgartirmang — haqiqiy summani kiriting va izohda sababini yozing. Tizim farqni alohida qayd etadi, u yo'qolib ketmaydi va hisobotda ko'rinadi.
Ikki xil farq
- Kamomad — kassada kutilganidan kam pul bor.
- Ortiqcha — kutilganidan ko'p pul bor.
Ikkalasi ham normal hodisa: qaytim noto'g'ri berilishi, chek o'tkazib yuborilishi yoki mayda yaxlitlash sabab bo'ladi.
Nima qilish kerak
- Pulni qayta sanang — eng ko'p uchraydigan sabab oddiy sanash xatosi.
- Kassa yashigining boshqa bo'limlarini tekshiring.
- Kun davomida kassadan pul olingan bo'lsa — u xarajat sifatida kiritilganini tekshiring. Kiritilmagan bo'lsa, aynan shu kamomadga sabab. Pul do'konning o'z qarzini (bank krediti, tanishdan olingan pul) qaytarishga ketgan bo'lsa, uni xarajat qilib emas, Olingan qarzlar bo'limidan yozing — jadvalda «Qarz qaytarildi» qatori chiqadi va kamomad yopiladi.
- Yopish oynasidagi «Pul harakati» jadvalini yuqoridan pastga o'qing — u kassaga qaysi pul kirib, qaysi pul chiqqanini qator-qator ko'rsatadi. Kutilmagan raqam qaysi qatorda ekani darhol ko'rinadi.
- Shubhali qatorni bosing — ostidan o'sha raqamni tashkil qilgan yozuvlar ochiladi: vaqti, kimga yoki nimaga, izohi va summasi. Kamomad sababini ko'pincha shu yerda topasiz — masalan «Xarajat» qatorida kutilgandan bitta kam yozuv turadi.
- Kassada ortiqcha chiqsa, «Undirilgan qarz» qatoriga alohida qarang: qarz to'lovlari kiritilgan bo'lsa, ular o'sha yerda ko'rinadi va kutilgan summaga allaqachon qo'shilgan. Qator yo'q yoki summa kam bo'lsa — qarz to'lovi tizimga kiritilmagan. Qatorni bosib kim to'laganini ko'rasiz.
- Elektron ustunida kutilgan summa katta chiqsa — oldingi smenadan qolgan elektron pul bo'lishi mumkin. Uni «Ochilishda» qatoridan tekshiring.
- Yashikdagi naqd kartaga o'tkazilgan (yoki aksincha) bo'lsa, «Pul turi almashtirildi» qatori bo'lishi kerak. Qator yo'q bo'lsa, o'tkazma tizimga kiritilmagan — kutilgan naqd aynan shuncha ko'p ko'rsatiladi. Batafsil: Naqdni kartaga almashtirish.
- Haqiqiy summani kiriting — kutilganini "moslab" yozmang.
- Izohda sababini yozing: masalan «Kechqurun 50 000 non uchun olindi, xarajatga kiritilmagan».
«Pul harakati» jadvali va qator ostidagi yozuvlar internet bo'lganda ko'rinadi — ular serverdagi kassa jurnalidan olinadi. Internet yo'q paytda yopish oynasini ochib pulni sanash mumkin, lekin oyna faqat taxminiy kutilgan summa (shu kompyuterdagi sotuvlardan — xarajat va qarz to'lovlarisiz) va sanov maydonlarini ko'rsatadi. Standart holatda smenaning o'zi faqat internet bilan yopiladi: aniq kutilgan summa va farq o'shanda chiqadi. Do'kon egasi «Internetsiz smena» ni yoqqan bo'lsa, smena internetsiz ham yopiladi, aniq farq esa internet qaytgach serverda hisoblanadi. Batafsil: Internet yo'q bo'lsa.
Do'konda ko'r sanoq yoqilgan bo'lsa, xodim smena ochiqligida kutilgan summani ham, «Pul harakati» jadvalini ham ko'rmaydi: u pulni sanab haqiqiy summani kiritadi (1–3 va 9-qadam), farq esa smena yopilgandan keyin chiqadi. Izoh bu holda ixtiyoriy, lekin sababini bilsangiz yozing. Do'kon egasi farqni va jadvalni doim ko'radi. Batafsil: Smenani yopish.
Smena kalendar kuniga sig'masligi mumkin
Yopish oynasining tepasida «Smena davri» yozib qo'yilgan — masalan 3 sen 09:00 — 4 sen 02:00. Kamomadni tekshirayotganda shu davrga qarang: smena tunda o'tgan bo'lsa uning raqamlari kunlik hisobot bilan teng chiqmaydi, chunki kunlik hisobot yarim tundan keyingi sotuvlarni ertangi kunga yozadi.
Ikkalasi ham to'g'ri. Smena tunda o'tgan va sotuvlari bir necha kunga tarqalgan bo'lsa, oyna qaysi kunga qancha tushganini alohida ko'rsatib beradi — solishtirishda o'shani ishlating.
Eng ko'p uchraydigan sabablar
| Sabab | Belgisi |
|---|---|
| Kassadan olingan pul xarajatga kiritilmagan | Kamomad, aniq summa |
| Do'kon qarzi kassadan qaytarilgan, lekin tizimga kiritilmagan | Kamomad, aniq summa |
| Mijoz qarzini to'lagan, lekin tizimga kiritilmagan | Ortiqcha |
| Qaytim noto'g'ri berilgan | Kichik kamomad/ortiqcha |
| Sotuv internetsiz kiritilib, hali serverga yuborilmagan | Ortiqcha ko'rinadi |
| Chek bekor qilingan, lekin pul qaytarilmagan | Ortiqcha |
Farq qayerga boradi
Farq yo'qolmaydi — u alohida hisobga olinadi va:
- smena hisobotida (Z-hisobot) ko'rinadi;
- moliyaviy hisobotda alohida qator sifatida chiqadi;
- foyda hisobiga ta'sir qiladi — ya'ni kamomad haqiqiy zarar sifatida ko'rinadi.
Bitta istisno — ziddiyatli internetsiz smena (masalan, internet yo'q paytda bitta kassada ikki kompyuterdan smena ochilgan). Uning farqi do'kon egasi saytdagi Smenalar sahifasida «Tasdiqlash» ni bosgunicha hisobotlarga yozilmaydi; tasdiqlangach smena yopilgan kunda ko'rinadi. Kassa qoldig'i odatda yopilishning o'zida sanalgan summaga tenglanadi — keyingi smena yashikdagi pul bilan ochiladi (sanoq huquqsiz xodim yoki boshqa kompyuterdan kelgan bo'lsa — tasdiqqacha o'zgarmaydi). Batafsil: Internetsiz smena.
Shu sabab oy oxirida qaysi smenada qancha kamomad chiqqanini ko'rish mumkin. Moliya hisoboti → Pul aylanmasi ro'yxatida o'sha qatorni bossangiz, oyna «Bu yozuv quyidagi smenadagi sanoq farqi» deb yozadi va «Smenalar ro'yxati» havolasi bilan aynan o'sha smenaga olib boradi. Batafsil: Qaysi hisobot nima uchun?.
Bosh sahifadagi «Kassa va inventarizatsiya farqlari» raqamlari siz tanlagan davr ichidagi farqlarni jamlaydi — sarlavha ostida qaysi kunlar sanalgani yozib turadi. Ularni ombordagi tovar qiymati bilan taqqoslamang: kamomad — davr ichidagi harakat, ombor qiymati esa hozirgi holat. Batafsil: Bosh sahifa ko'rsatkichlari.
Bitta kassada bir nechta xodim ishlagan bo'lsa: farq smenaga yoziladi, alohida kassirga emas — chunki kassa yashigi bitta va kun davomida unda bir necha kishi ishlagan. Z-hisobotda smenani kim ochgani va kim yopgani ko'rinadi, har bir sotuvda esa kim sotgani yozilgan. Javobgarlikni aniq ajratish kerak bo'lsa, smenani almashuvda yopib, yangisini oching.
Doimiy kamomad bo'lsa
Agar kamomad har kuni takrorlansa, quyidagilarni tekshiring:
- kassadan olinadigan mayda xarajatlar tizimga kiritilyaptimi;
- qarzga berilgan tovar qarzga sotish orqali rasmiylashtirilyaptimi (aks holda tovar ketadi, pul kelmaydi);
- kassir qaytimni to'g'ri berayaptimi.