Skip to content

Smenani qanday yopish kerak? ​

Qisqacha javob: Kassa dasturida savat ostidagi smena panelidan «Smenani yopish» tugmasini bosing → «Pul harakati» jadvalini o'qing → kassadagi naqd pulni sanab kiriting → elektron to'lovlar summasini kiriting → yopishni tasdiqlang. Shundan so'ng Z-hisobot chiqadi va uni chek sifatida chop etish mumkin.

Ba'zi joylarda (masalan smenalar ro'yxati — «Sessiyalar») «sessiya» deb ham yozilgan — bu smena bilan bir xil narsa: kassa ochilganidan yopilgunicha bo'lgan davr. Tugma va oynalarda — «Smenani yopish».

Qadamlar ​

  1. Kassa dasturini oching va sotuv ekranida turing.
  2. Smena panelida (savat ostida, «Sotish» tugmasi ustida) «Smenani yopish» tugmasini bosing. Panel tor ekranda ham bitta qatorda turadi: chek printeri va «Naqd ↔ Elektron» tugmalarida faqat belgi qoladi (nomi sichqonchani ustiga olib borganda chiqadi), smena ochilgan vaqt — bugun bo'lsa soat, oldingi kunda sana.
  3. «Pul harakati» jadvalini yuqoridan pastga o'qing — u kassadagi pul qayerdan kelib qayerga ketganini ko'rsatadi. Biror raqam shubha tug'dirsa o'sha qatorni bosing — ichidagi yozuvlar ochiladi (pastda batafsil). Do'konda ko'r sanoq yoqilgan bo'lsa jadval xodimga ko'rinmaydi — to'g'ri sanoqqa o'ting.
  4. «Sanang» qatoridagi Naqd maydoniga kassa yashigidagi hamma naqd pulni sanab kiriting — ochilishdagi pul bilan birga.
  5. Elektron maydoniga terminal va o'tkazma orqali tushgan summani kiriting.
  6. Agar farq chiqsa — «Izoh» maydonini to'ldiring (farq bo'lganda majburiy; ko'r sanoqda ixtiyoriy — pastdagi «Ko'r sanoq» bo'limiga qarang). Izoh Z-chekka chiqadi va ko'pi bilan 1000 belgi bo'ladi.
  7. Pulni seyfga topshirayotgan bo'lsangiz, tegishli belgini qo'yib topshiriladigan summani kiriting.
  8. Yopishni tasdiqlang.

Yopilgandan so'ng Z-hisobot ko'rinadi. Uni chek printerida chop etsangiz, kunlik yakun qog'ozda qoladi.

Sanagan summangiz tasodifan yo'qolmaydi

Yopish oynasining chetiga (foniga) bosish oynani yopmaydi — sanab kiritgan raqamlaringiz joyida qoladi. Bu sensorli ekranda eng ko'p uchraydigan tasodif edi. Oynani yopish uchun Escape, ✕ yoki oynaning o'z tugmasi. Xuddi shu qoida to'lov, miqdor, xarajat va qarz to'lovi oynalariga ham tegishli.

Smena davri oynaning tepasida yozilgan ​

Oyna tepasida kassa nomi ostida «Smena davri» turadi — masalan 3 sen 09:00 — 4 sen 02:00. Ochiq smenada oxiri «hozir» deb yoziladi.

Bu yozuv bir savolni oldindan yopadi: smenaning raqamlari kunlik hisobot bilan teng chiqmasligi mumkin. Smena kalendar kuniga sig'maydi, kunlik hisobot esa yarim tundan keyingi sotuvlarni ertangi kunga yozadi.

Sotuvlar chindan bir necha kunga tarqalgan bo'lsa, davr ostida qaysi kunga qancha tushgani ham ko'rsatiladi — kunlik hisobot bilan solishtirishda o'shani ishlating. Smena tunda o'tgan-u sotuvlari bir kunga sig'gan bo'lsa bu ro'yxat chiqmaydi.

Xuddi shu yozuv saytdagi Kassa → Smenalar bo'limida, yopilgan smena hisobotini ochganda ham turadi.

Saytda smena xulosasi: har raqam ortida nima bor ​

Saytdagi Kassa → Smenalar bo'limida smena qatoridagi «Xulosa» tugmasi «Smena #N xulosasi» oynasini ochadi (kassa dasturida internetsiz ochilgan smenada raqam o'rniga ochilgan vaqti: «Smena 04.10 08:12 xulosasi»). Katta ekranda oyna keng bo'ladi: tepada uchta raqam (Sotuvlar, Jami tushum, Xarajatlar), chapda smena davri, kunlar, xarajat turlari va to'lov usullari, o'ngda «Pul qayerdan kelib qayerga ketdi» jadvali va kassa balansi. Telefonda hammasi bitta ustunda, ketma-ket.

Oynadagi raqamlarning deyarli hammasi bosiladi va ostidan o'sha raqam qaysi hujjatlardan tashkil topgani ochiladi:

  • Sotuvlar yoki Jami tushum — smenadagi barcha sotuvlar: vaqti, sotuv raqami, mijoz, qanday to'langani va summasi;
  • kunlar (smena bir necha kunga cho'zilgan bo'lsa) — o'sha kunning sotuvlari;
  • To'lov usullari → Naqd (yoki Karta, Click…) — shu usulda to'lovi bor sotuvlar va har biridan aynan shu usulda qancha to'langani;
  • Xarajatlar va «Xarajatlar nimaga ketdi» qatorlari — xarajatlar ro'yxati;
  • «Pul qayerdan kelib qayerga ketdi» jadvalining qatorlari («Sotuvdan», «Xarajat», «Qarz qaytarildi» va boshqalar) — yuqoridagi kabi yozuvlar. Yozuvning o'zini bossangiz, hujjat oynasi ochiladi: qaysi sotuv, mijoz, xarid yoki qarz to'lovi ekanini ko'rasiz va o'sha hujjatga o'tasiz.

Sotuv qatorini bossangiz sotuv sahifasi ochiladi. Brauzerning «Orqaga» tugmasi sizni yana o'sha xulosa oynasiga qaytaradi.

Katta smenada sotuvlar ro'yxati 50 tadan ko'rsatiladi — qolgani «Yana ko'rsatish» tugmasi bilan. Ro'yxat to'liq ochilgach, uning jami yuqoridagi raqam bilan solishtiriladi. Ular teng chiqmasa, ro'yxat ostida sariq ogohlantirish chiqadi — bu raqamlardan biri noto'g'ri yozilganini bildiradi va qo'llab-quvvatlash xizmatiga aytish kerak.

Bilib qo'ying: «To'lov usullari» smena sotuvlariga kelgan BARCHA to'lovlarni sanaydi — keyinroq boshqa kassada to'langan qarz qismi ham shu yerga kiradi. «Pul qayerdan kelib qayerga ketdi» esa faqat SHU kassaga tushgan pulni ko'rsatadi. Shuning uchun «Naqd» bilan «Sotuvdan» qatori teng bo'lmasligi mumkin; farqni ikkala ro'yxatni ochib solishtirib topasiz.

«Ko'r sanoq» yoqilgan do'konda ochiq smenada sotuvlar ro'yxati ochilmaydi — undan kutilgan summani qo'shib chiqarish mumkin bo'lardi.

Pul qayerdan kelib qayerga ketdi ​

Yopish oynasidagi asosiy jadval — «Pul harakati». U bitta savolga javob beradi: qo'limdagi pul nega aynan shuncha?

Jadval ikki ustunli — Naqd va Elektron, chunki bu ikki pul alohida sanaladi:

Pul harakatiNaqdElektron
Ochilishda1 000 000200 000
Sotuvdan (24 ta)+850 000+430 000
Undirilgan qarz (3 ta)+200 000—
Xarajat (2 ta)−50 000—
Ta'minotchiga to'landi−100 000—
Qaytarish va bekor qilish−30 000—
Bo'lishi kerak1 870 000630 000
Sanangsiz kiritasizsiz kiritasiz
Farq00

Yuqoridan pastga o'qing: smena boshida kassada shuncha pul bor edi, keyin shular qo'shildi, shular chiqdi — natijada kassada shuncha bo'lishi kerak. Jadval doim jamlanadi: ochilish + kirimlar − chiqimlar = «Bo'lishi kerak».

Qatorlar smenangizga qarab o'zgaradi — masalan seyfdan mayda pul olgan bo'lsangiz «Seyfdan olindi», mijozga qarz bergan bo'lsangiz «Qarz berildi» qatori chiqadi. Bo'lmagan harakat qator ham chiqarmaydi.

Do'konning o'z qarzi (bank krediti, tanishdan olingan pul) shu kassadan qaytarilgan bo'lsa, alohida «Qarz qaytarildi» qatori chiqadi. U «Qarz berildi» bilan bir narsa emas: biri — siz mijozga bergan pul, ikkinchisi — sizning o'z qarzingiz kamaygani. Bunday to'lov keyin bekor qilingan bo'lsa, pul kassaga «Bekor qilingan qarz to'lovi» qatori bilan qaytadi. Batafsil: Do'konning o'z qarzi.

Smena davomida naqdni kartaga (yoki aksincha) o'tkazgan bo'lsangiz, «Pul turi almashtirildi» qatori chiqadi — u YAGONA qatorda naqddan ayiradi va elektronga qo'shadi, chunki pul kassadan chiqmagan, faqat turi o'zgargan. Batafsil: Naqdni kartaga almashtirish.

Ochilishdagi elektron pul ​

Endi elektron ochilish qoldig'i ham ko'rsatiladi. Bu muhim: agar oldingi smenada elektron pul seyfga topshirilmagan bo'lsa, u kassada qolib turadi va «Bo'lishi kerak» summasi bugungi karta savdosidan katta chiqadi. Bu xato emas — shunchaki o'tgan smenadan qolgan pul, va endi u jadvalda ochiq ko'rinadi.

Qatorni bosing — ichida nima borligi ochiladi ​

Har bir qator bosiladi: ostidan o'sha raqamni tashkil qilgan yozuvlar ro'yxati ochiladi — vaqti, kim yoki nima, izohi va summasi. Ya'ni «Ta'minotchiga to'landi: −123 000» qatorini bosib, aynan kimga va qachon to'langanini boshqa sahifaga chiqmasdan ko'rasiz.

Har bir yozuvda kimning yoki nimaning nomi chiqishi harakat turiga bog'liq: sotuvda — mijoz, ta'minotchi to'lovida — ta'minotchi, xarajatda — «Transport — Benzin», qarz to'lovida — qarzdor mijoz, do'konning o'z qarzini olish va qaytarishda — kimdan olingani (bank yoki odam). Hech kimga bog'lanmagan yozuv o'z izohi bilan chiqadi. Oylik to'lovi «Ish haqi — Oylik to'lovi», avans esa «Ish haqi — Avans» bo'lib chiqadi: kimning oyligi ekani bu yerda ko'rsatilmaydi (u faqat Oylik bo'limida, ko'rish ruxsati borga).

Bir vaqtda bir nechta qatorni ochib qo'yish mumkin. Bitta qator ostida eng ko'pi 40 ta yozuv ko'rsatiladi: gavjum do'konda «Sotuvdan» qatori yuzlab yozuvdan iborat bo'ladi va ular «Sanang» maydonini ekrandan surib yuborardi. Qolgani yashirilmaydi — ro'yxat ostida «…va yana 112 ta (jami 152 ta)» kabi ochiq yoziladi.

Ba'zi qatorlar ochilmaydi — masalan «Sababi aniqlanmagan» qatori, chunki uning ortida jurnaldagi aniq yozuv yo'q.

To'lov va xarajat turlari ​

Jadval ostidagi «To'lov va xarajat turlari» bo'limi yig'ilgan holda turadi — oyna qisqa bo'lishi uchun. Ochsangiz ikki kesim chiqadi:

  • To'lov turlari bo'yicha — Naqd, Karta, Payme va boshqalar alohida. Jadvalda faqat «Naqd» va «Elektron» ustuni bor, ya'ni Karta, Click va Payme o'sha bitta «elektron» ichiga qo'shilib ketadi — ularni ajratib faqat shu yer ko'rsatadi;
  • Xarajat nimaga ketdi — turkumlar bo'yicha yig'indi. Jadvalda har bir xarajat alohida turadi (smenada 20 marta benzin olinsa 20 ta yozuv), bu yerda esa «Transport: 250 000» bo'lib bir qatorga jamlanadi.

Kim qarz to'lagani va smenadagi sotuvlar ro'yxati bu bo'limda yo'q — ular jadvalning «Undirilgan qarz» va «Sotuvdan» qatorini bosganda, vaqti va izohi bilan chiqadi.

Ochiq smenadagi summa ​

Standart holatda ochiq smenada kassir ham joriy tushum va tizim hisoblagan qoldiqni ko'ra oladi. Bu ko'rsatkichlar sotuv, xarajat va to'lovlar bilan yangilanib boradi. Smenani yopayotganda baribir kassadagi haqiqiy pulni sanab kiriting: farq chiqsa, izoh yozish majburiy.

Do'kon egasi ko'r sanoqni yoqqan bo'lsa, bu raqamlar kassirga ko'rinmaydi — quyiga qarang.

Ko'r sanoq (kutilgan summa ko'rsatilmasa) ​

Do'kon egasi Sozlamalar → «Smena yopishda ko'r sanoq» ni yoqqan bo'lsa, xodim uchun yopish oynasi boshqacha ko'rinadi:

  • Naqd va Elektron maydonlari bo'sh chiqadi — kutilgan summa bilan oldindan to'ldirilmaydi;
  • kutilgan summa, «Pul harakati» jadvali, to'lov va xarajat turlari hamda farq ko'rsatilmaydi. O'rniga «Kassadagi pulni sanab, naqd va elektron summani kiriting» degan yozuv turadi;
  • ikkala maydonni ham to'ldirmaguningizcha smena yopilmaydi (elektron pul bo'lmasa 0 kiriting);
  • izoh ixtiyoriy — tizim farq bor-yo'qligini oldindan aytmaydi. Sababini bilsangiz (masalan «qaytim ortiqcha berildi»), baribir yozing.

Smena yopilgandan keyin oynada kutilgan summa, siz sanagan summa va farq ko'rinadi, Z-hisobotda ham to'liq chiqadi. Ya'ni farqni siz ham ko'rasiz — faqat sanaganingizdan keyin.

Ko'r sanoq yoqilgan do'konda ochiq smena davomida kassa qoldig'i ham xodimga ko'rinmaydi (u aynan kutilgan summaning o'zi): xarajat va naqd↔elektron oynasida «Mavjud» yozuvi chiqmaydi. Pul yetmasa server baribir rad etadi — faqat qoldiqni aytmaydi.

Do'kon egasi va admin hammasini avvalgidek ko'radi. Sozlama kassa dasturida internetsiz ham amal qiladi. Hisobga ta'sir qilmaydi — kamomad va ortiqcha avvalgidek yoziladi. Sozlash: Do'konni sozlash.

Z-hisobotda nima bo'ladi ​

Ko'rsatkichMa'nosi
SotuvlarSmena davomidagi sotuvlar soni
Umumiy tushumSotilgan tovarlarning jami summasi
Naqd / ElektronTo'lov turi bo'yicha taqsimot
Nasiya (qarz)Sotilgan, lekin hali to'lanmagan summa — kassaga tushmagan
Undirilgan qarzMijozlar shu smenada to'lagan eski qarzlar — kassaga tushgan
Ta'minotchiga to'landiShu smenada kassadan ta'minotchi qarziga berilgan pul
Jami xarajatSmena davomida kassadan chiqqan xarajatlar
NAQD HARAKATIOchilishdagi naqddan «Kutilgan naqd»gacha bo'lgan butun yo'l
ELEKTRON HARAKATIOchilishdagi elektrondan «Kutilgan elektron»gacha
Haqiqiy naqd / elektronSiz sanab kiritgan summalar
Kutilgan jami / Haqiqiy jamiNaqd va elektron yig'indisi
FarqHaqiqiy − kutilgan

Chekda naqd va elektron ketma-ket ikki blokda chiqadi — ekrandagidek ikki ustunli emas, chunki chek tor va ustunlar sig'maydi.

Muhim: nasiya (qarzga sotilgan) summa kassaga tushmaydi, shuning uchun kutilgan naqd pulga qo'shilmaydi. Mijoz qarzini keyin to'lasa — o'sha kungi smenaga tushadi.

Undirilgan qarz nega alohida qator ​

Mijoz eski qarzini to'lasa, bu pul kassaga tushadi, lekin u shu smenaning sotuvi emas. Shuning uchun «Pul harakati» jadvalida u alohida qator bo'lib turadi: «Undirilgan qarz (N ta)», naqd va elektron ustunlari bilan. Kim to'lagani shu qatorni bosganda ochiladi; to'liq ro'yxat Z-chekda ham chiqadi.

Bu raqam «Bo'lishi kerak» summasi ichida hisobga olingan — ya'ni uni alohida qo'shish shart emas. U shunchaki kassadagi pulning qaysi qismi sotuvdan, qaysi qismi eski qarzlardan kelganini ko'rsatadi. Qarz to'lovi bo'lmagan smenada bu qator umuman chiqmaydi.

Mijoz shu smenada nasiyaga olib, shu smenada to'lasa — bu pul ham «To'lov turlari bo'yicha» kesimida, ham «Undirilgan qarz» qatorida ko'rinadi. Bu ikki marta hisoblash emas: bir xil pulga ikki xil nigoh — «qaysi sotuvga tegishli» va «kassaga qayerdan tushdi».

Farq chiqsa nima qilaman ​

  • Kamomad — kassada kutilganidan kam pul bor.
  • Ortiqcha — kutilganidan ko'p pul bor.

Ikkala holatda ham izoh yozish majburiy (ko'r sanoqda — ixtiyoriy, chunki farq yopilgandan keyin ko'rinadi). Farq yo'qolib ketmaydi: u alohida qayd etiladi va hisobotlarda ko'rinadi, ya'ni oy oxirida kim qancha kam topshirgani ko'rinib turadi.

Batafsil: Kassadagi pul mos kelmasa.

Internet yo'q bo'lsa ​

Do'kon sozlamasiga bog'liq.

Standart holatda smenani faqat internet bilan yopish mumkin. Yopish serverda bajariladi — kutilgan summa, farq va Z-hisobot o'sha yerda hisoblanadi. Internet yo'q paytda «Smenani yopish» tugmasi o'chiq turadi (ustiga olib borsangiz sababi chiqadi). Yopish oynasi ochiq turganda internet uzilsa, tasdiqlaganingizda sabab yozilgan xabar chiqadi va smena ochiq qoladi; sanab kiritgan raqamlaringiz oynada turadi — internet qaytgach yopishni qayta tasdiqlang. Yopishdan oldin dastur shu kompyuterdagi hali yuborilmagan sotuvlarni serverga jo'natadi, shuning uchun internetsiz qilingan sotuvlar hisobdan tushib qolmaydi.

«Internetsiz smena» yoqilgan do'konda (saytdagi Sozlamalar) kassa dasturi smenani internetsiz ham yopadi — qaysi kompyuterda bo'lishidan qat'i nazar:

  • kutilgan summa shu kompyuterdagi sotuvlardan taxminan hisoblanadi (ko'r sanoq yoqilgan bo'lsa kassirga ko'rsatilmaydi);
  • izoh ixtiyoriy, seyfga o'tkazish esa faqat internet bilan;
  • Z-chek sarlavhasida «INTERNETSIZ YOPILDI» va «Kutilgan summa taxminiy» yoziladi. Internetsiz ochilgan smenaning «Sessiya:» qatorida uzun raqam o'rniga ochilgan vaqti turadi (masalan «04.10 08:12»). Saytda ham shunday: smena xulosasi oynasi sarlavhasida, Xarajatlar ro'yxatida va kassa harakati tafsilotida bu smena «Smena 04.10 08:12» deb yoziladi. Saytdagi Smenalar ro'yxatida bunday smena holati yonida kulrang «Internetsiz» yozuvi turadi;
  • internet qaytgach smena serverga o'z sotuvlaridan keyin yuboriladi va aniq kamomad yoki ortiqcha hisoblanadi. Farq bo'lsa kassa dasturidagi «Smenalar» sahifasida ikkala raqam yonma-yon turadi: «Kassir ko'rgan (taxminiy)» va «Server hisobi». Saytdagi smena xulosasida ham xuddi shu ikki raqam ko'rinadi.

Smena serverga yetgandan keyin server chiqargan Z-chekda ham sarlavhada «INTERNETSIZ YOPILDI» turadi, lekin «taxminiy» yozuvi bo'lmaydi — u yerdagi summa server hisobi.

Bitta istisno — boshqa xodimning yuborilmagan sotuvlari. Masalan oldingi kassir internetsiz sotib, hisobdan chiqib ketgan bo'lsa, uning sotuvlari shu kompyuterda saqlanib turadi, lekin faqat o'sha xodim qayta kirganda yuboriladi (sotuv kimning nomidan yuborilsa, o'shaniki bo'lib yoziladi). Bunday sotuv bo'lsa, yopish oynasida sariq ogohlantirish chiqadi: kimning nechta sotuvi va qancha summasi hali serverda yo'q. Ular kutilgan summaga kirmagan — kassadagi pul aynan shuncha ko'p chiqishi mumkin. Batafsil: Hisobdan chiqilsa.

Shuning uchun kassa dasturida Chiqish bosilganda internetsiz smena ham — ochilishi, sotuvlari va yopilishi — shu zahoti serverga yuboriladi (internet bo'lsa). Kassir internet yo'q paytda chiqib ketgan bo'lsa, smena yopilishi uning sotuvlarini kutadi: kassa dasturidagi «Smenalar» sahifasida shu smena yonida kimning nechta sotuvi kutilayotgani yoziladi. O'sha kassir shu kompyuterda bir marta tizimga kirsa, hammasi o'zi yuboriladi; shungacha saytda bu smena ochiq ko'rinadi.

Server internetsiz smenani qabul qilmasa, «Smenalar» sahifasida sababi bilan «Server qabul qilmadi» yoziladi va yonida «Qayta yuborish» tugmasi turadi. Dastur bunday smenani o'zi qayta yubormaydi (bir xil xato har safar takrorlanmasin): avval sababini tuzating, so'ng tugmani bosing. Ochilishi qabul qilinmagan smenaning sotuvlari ham shundan keyin yuboriladi.

Yana bir istisno — server qabul qilmagan yangi mijozga qilingan sotuvlar: mijoz serverga yetmaguncha ular ham yuborilmaydi. «Smenani yopish» ni bossangiz, dastur avval shuni tekshiradi va bunday sotuv bo'lsa ogohlantirish oynasi chiqaradi: shu smenadagi nechta sotuv, jami summasi, qaysi mijoz va server sababi. «Ro'yxatni ko'rish» — smena ochiq qoladi va tepadagi navbat ro'yxati ochiladi: mijozni qayta yuboring yoki o'chiring (o'chirilsa, sotuvlar «xato» ro'yxatida boshqa mijozga o'zgartiriladi). «Baribir yopish» — smena yopiladi, bu sotuvlar esa server hisobiga kirmaydi. Batafsil: Internetsiz qo'shilgan mijozga qilingan sotuv.

Internetsiz yopish oynasini ochib, pulni oldindan sanab qo'yish mumkin. Oyna ko'rsatadigan kutilgan summa esa taxminiy: u faqat shu kompyuterdagi sotuvlardan hisoblanadi — lokal baza xarajat, ta'minotchi to'lovi va mijozlarning qarz to'lovini bilmaydi. Aniq summa va farq internet qaytib, smena yopilganda chiqadi.

Internetsiz «Pul harakati» jadvali chiqmaydi — u kassa harakatlari jurnalidan quriladi, jurnal esa serverda. Demak qator ostidagi tafsilot ham bo'lmaydi. O'shanda oyna soddaroq ko'rinishga tushadi: kutilgan naqd/elektron summa va sanov maydonlari. Ko'r sanoq yoqilgan do'konda internetsiz ham xodimga kutilgan summa ko'rsatilmaydi — faqat bo'sh sanov maydonlari.

Jadval internetsiz «yarim» ko'rsatilmaydi: lokal baza faqat sotuvni biladi, yarim ro'yxat esa butunlay yo'q ro'yxatdan chalg'ituvchiroq bo'lardi.

Tez-tez uchraydigan savollar ​

Internet yo'q — smenani yopa olamanmi? Standart holatda — yo'q, yopish uchun internet kerak. Sotishda davom etavering: sotuvlar kompyuterda saqlanadi va internet qaytgach yuboriladi. Do'kon egasi «Internetsiz smena» ni yoqqan bo'lsa — yopa olasiz, kutilgan summa taxminiy bo'ladi. Yuqorida batafsil.

Smenani yopmasdan dasturni yopsam bo'ladimi? Bo'ladi, smena ochiq qoladi va keyin davom etadi. Lekin kunlik hisobot to'g'ri chiqishi uchun har kuni oxirida yopish tavsiya etiladi.

Smena kechasi soat 12 dan o'tsa nima bo'ladi? Smena hisoboti (Z-hisobot) butun smenani sanaydi — masalan 09:00 dan 02:00 gacha. Bosh sahifa va kunlik hisobot esa kunlarni alohida sanaydi, ya'ni yarim tundan keyingi sotuvlar ertangi kunga tushadi.

Ikkala raqam ham to'g'ri, shunchaki boshqa davrni ko'rsatadi. Shuning uchun smena hisobotida uning davri yozib qo'yilgan (3 sen 09:00 — 4 sen 02:00). Sotuvlar chindan bir necha kunga tarqalgan bo'lsa, ostida qaysi kunga qancha tushgani ham qator-qator ko'rsatiladi. Smena tunda o'tgan-u sotuvlari bir kunga sig'gan bo'lsa bu ro'yxat chiqmaydi — bekorga chalg'itmaydi.

Bir kunda bir necha marta yopsam bo'ladimi? Ha. Masalan kassir almashganda — pul sanab topshiriladi, smena yopiladi va yangisi ochiladi.

Smenani men ochmagan bo'lsam ham yopa olamanmi? Ha. Kassaga biriktirilgan har bir xodim shu kassaning ochiq smenasini yopa oladi — smena kassaga tegishli, uni ochgan kassirga emas. Z-hisobotda kim ochgani va kim yopgani alohida ko'rinadi (ism-familiyasi, ismi kiritilmagan bo'lsa — login), ya'ni pul uchun javobgarlik yo'qolmaydi.

Boshqa kassirning tugagan smenasini ko'ra olamanmi? Yo'q. Yopilgan smenalar — sanalgan pul, kutilgan qoldiq, kamomad va ortiqcha — faqat do'kon egasiga va «Barcha kassirlarning smenasini ko'rish» ruxsati berilgan xodimga ko'rinadi. O'zingiz ochgan yoki o'zingiz yopgan smenalar esa doim ko'rinadi.

Yopilgan smenani qayta ochish mumkinmi? Yo'q. Yangi smena ochiladi. Xato kiritilgan bo'lsa rahbarga murojaat qiling.

Smenani yopgach «yangilanish o'rnatamizmi?» degan oyna chiqdi — bu nima? Kassa dasturining yangi versiyasi fonda yuklab olingan. Smena yopilgan payt — uni o'rnatish uchun eng qulay daqiqa, shuning uchun dastur aynan shunda so'raydi. «Keyinroq» desangiz hech narsa bo'lmaydi va ishlashda davom etasiz; «Hozir o'rnatish» desangiz dastur bir daqiqacha yopilib, yangi versiyada o'zi qayta ochiladi. Sotuv o'rtasida bu oyna chiqmaydi — batafsil.

Keyingi qadam ​