Tungi rejim
Bosh sahifadagi raqamlar nimani bildiradi?
Qisqacha javob: Bosh sahifa do'konning holatini ko'rsatadi: tanlangan davrda qancha savdo bo'lgani, foyda, qancha qarz borligi va kassadagi pul.
Asosiy ko'rsatkichlar
Yuqoridagi uchta katak tanlangan davrga tegishli (standart — oxirgi 30 kun):
| Ko'rsatkich | Ma'nosi |
|---|---|
| Sotuv | Davr ichida sotilgan tovarlarning umumiy summasi (qarzga sotilgani ham kiradi) |
| Xarajat | Davr ichida kassadan chiqqan xarajatlar |
| Sof foyda | Sotuv minus tannarx, xarajat, berilgan keshbek, kassa kamomadi, buzilgan tovar va ishlab chiqarish farqi (kassadagi ortiqcha pul qo'shiladi) |
Sof foyda — Hisobotlar → Foyda-zarar sahifasidagi «Sof foyda» bilan o'sha davr uchun aynan bir xil son: ikkalasi bitta hisobdan olinadi. Masalan, kun davomida smenada 710 so'm kamomad chiqqan va 180 so'mlik buzilgan tovar hisobdan chiqarilgan bo'lsa, bu 890 so'm bosh sahifadagi foydadan ham, hisobotdagidan ham ayriladi. Qaysi qism qancha ekanini Foyda-zarar hisobotida ko'rasiz: Foyda qanday hisoblanadi.
Telegram botdagi kunlik yakunning «📈 Sof foyda» qatori — «Bugun» davridagi aynan shu Sof foyda (bir nechta filial bo'lsa — ularning yig'indisi): Telegram xabarnomalari.
Pastdagi «Holat» bo'limi esa hozirgi holatni ko'rsatadi va davrga bog'liq emas:
| Ko'rsatkich | Ma'nosi |
|---|---|
| Kassadagi pul | Hozir kassada bo'lishi kerak naqd pul |
| Qarzdorlar | Mijozlar sizga qancha qarzdor |
| Mahsulot tannarxi | Hozir omborda turgan tovarning kelish narxidagi qiymati |
| Jarayondagi ishlab chiqarish | Ochiq ishlab chiqarish jarayoniga sarflangan, hali tayyor mahsulotga o'tmagan xom-ashyo puli. Xom-ashyo ombordan chiqqan, lekin pul yo'qolmagan — shuning uchun alohida qator. Faqat ochiq jarayon bo'lsa chiqadi, yopilganda nolga tushadi |
Top mahsulotlar ro'yxatida (davrda eng ko'p tushum bergan 5 ta tovar) har tovar qancha sotilgani o'z birligida yoziladi: donali tovar — «3 ta sotilgan», kilogrammli — «2,4 kg sotilgan». Raqamlar sof: mijoz qaytargan qism chiqariladi, bekor qilingan sotuv kirmaydi — ya'ni Hisobotlardagi Mahsulotlar bo'limi bilan bir xil (batafsil).
Kam qolgan tovarlar kartasi
Yuqoridagi kataklar ostida «Kam qolgan tovarlar» kartasi turadi. Unda nechta tovar tugagani, nechtasi kam qolgani va ular nechta yetkazib beruvchidan kelishi yoziladi (masalan «3 ta tugagan, 12 ta kam — 4 ta yetkazib beruvchi»). Hammasi yetarli bo'lsa — «Hamma tovar keyingi kelishgacha yetadi». Kartani bossangiz Olinadigan mahsulotlar sahifasi ochiladi: kimdan nima va qancha olish kerakligi tayyor turadi.
Karta tanlangan davrga bog'liq emas — u hozirgi qoldiqni ko'rsatadi. «Kam» bu yerda tovarning sotuviga qarab aniqlanadi: keyingi kelishgacha yetmaydigan tovar kam sanaladi (qo'lda qo'yilgan chegara ham hisobga olinadi), umuman sotilmayotgan tovar esa sanalmaydi (qanday hisoblanadi). Shuning uchun bu son Mahsulotlar jadvalidagi «Tugagan» / «Kam qolgan» belgilari soni bilan teng chiqmasligi mumkin — bu xato emas.
Karta Xaridlar bo'limi bor do'konda va xaridlarni ko'rish huquqi bor odamga chiqadi. Telefon ilovasida esa bosh sahifadagi «Kam qolgan mahsulotlar» bloki ostida «Olinadigan mahsulotlar» tugmasi bor.
Bo'lib to'lashga sotgan bo'lsangiz
Mijozga bo'lib to'lashga sotganingizda kelishilgan yakuniy summa tovar narxidan yuqori bo'ladi. O'sha farq — ustama, ya'ni muddat uchun olinadigan qo'shimcha.
Bosh sahifadagi raqamlar ustamani o'z ichiga oladi:
| Ko'rsatkich | Ustama ichida bormi |
|---|---|
| Sotuv | ha — mijoz to'laydigan to'liq summa |
| Sof foyda | ha — bu pulni do'kon haqiqatan topgan |
Hisobotlarda esa ustama alohida ajratilgan. Hisobotlar → Foyda-zarar sahifasidagi «Yalpi foyda» faqat tovar ustidan topilgan foydani ko'rsatadi, ustama esa ostida «Bo'lib to'lash ustamasi» degan o'z qatori bo'lib turadi va quyiroqda operatsion foydaga qaytib qo'shiladi. Sotuvning o'z sahifasida ham ustama shunday — alohida qator bo'lib ko'rinadi.
Ya'ni bosh sahifadagi «Sof foyda» ni hisobotdagi «Yalpi foyda» bilan to'g'ridan-to'g'ri solishtirmang: ular orasidagi farq faqat xarajatdan emas, ustamadan ham kelib chiqadi. Batafsil: Foyda qanday hisoblanadi.
Ustama faqat bo'lib to'lashga sotilganda paydo bo'ladi. Oddiy sotuvda u nolga teng va hisobotda o'sha qator umuman chizilmaydi.
Davr tanlash — qaysi kunlar sanaladi
Sarlavha yonidagi tugmalardan davrni tanlaysiz. Beshta tayyor davr bor:
| Tugma | Qaysi kunlar | Turi |
|---|---|---|
| Bugun | Bugungi kun: kechasi soat 00:00 dan hozirgacha | kalendar |
| Shu hafta | Shu haftaning dushanbasidan bugungacha | kalendar |
| Oxirgi 7 kun | Bugundan orqaga sanab 7 kun (bugun ham kiradi) | siljib boruvchi |
| Shu oy | Shu oyning 1-sanasidan bugungacha | kalendar |
| Oxirgi 30 kun | Bugundan orqaga sanab 30 kun (bugun ham kiradi) | siljib boruvchi |
Standart holda «Oxirgi 30 kun» ochiladi. Tanlovingiz eslab qolinadi: keyingi safar kirganingizda o'zingiz tanlagan davr ochiladi.
Bulardan tashqari kalendar tugmasi bor — undan istalgan ikki sana orasini tanlash mumkin, shuningdek «Kecha», «O'tgan oy», «Shu yil» kabi davrlar ham o'sha ro'yxatda turadi.
Nega ikki xil «oy» bor
Chunki ular boshqa savolga javob beradi:
- «Shu oy» — «shu oy boshidan beri qancha ishladim?» Oy boshida bu raqam kichik bo'ladi, oy oxirida kattalashadi.
- «Oxirgi 30 kun» — «so'nggi bir oyda do'kon qanday yurdi?» Bu raqam oy almashganda pasayib ketmaydi, doim to'liq 30 kunni ko'rsatadi.
Ikkalasi ham to'g'ri, lekin teng emas: 5-sentabrda «Shu oy» 1-sentabrdan sanaydi, «Oxirgi 30 kun» esa 7-avgustdan. Shuning uchun tugmalar ochiq nomlangan va raqamning tepasida qaysi kunlar sanalgani sana bilan yozilib turadi (masalan Oxirgi 30 kun · 7 avg – 5 sen).
Xuddi shu farq «Shu hafta» (dushanbadan) va «Oxirgi 7 kun» orasida ham bor.
Hisobot bilan solishtirish
Bosh sahifadagi «Shu oy» raqami Hisobotlar bo'limidagi «Shu oy» bilan aynan teng bo'ladi — ikkalasi bir xil kunlarni, bir xil usulda sanaydi. Qolgan davrlar ham shunday: bosh sahifada ko'rsatilgan sanalarni hisobotga bersangiz, aynan o'sha raqam chiqadi.
Ya'ni bosh sahifa bilan hisobot orasida farq ko'rsangiz — avval qaysi davr tanlanganini solishtiring. Raqam tepasidagi sanalar shuning uchun turibdi.
Kun kechasi soat 00:00 da almashadi (Toshkent vaqti). Ya'ni 00:30 da qilingan sotuv — allaqachon yangi kunning sotuvi. Davrning yuqori cheti hech qachon bugundan oshmaydi: kassa qurilmasining soati oldinga ketib qolgan bo'lsa ham, «ertangi» sotuv bugungi raqamga qo'shilmaydi.
Smena hisoboti bosh sahifadan farq qilishi mumkin
Bu xato emas. Smena kalendar kuniga sig'masligi mumkin: kassir smenani soat 09:00 da ochib, kechasi 02:00 da yopishi mumkin.
- Smena hisoboti butun smenani sanaydi — 09:00 dan 02:00 gacha.
- Bosh sahifa va kunlik hisobot kunlarni alohida sanaydi.
Ya'ni yarim tundan keyin qilingan sotuvlar smena hisobotida qoladi, lekin kunlik hisobotda ertangi kunga tushadi.
Shuning uchun smena hisobotida uning davri yozib qo'yilgan (masalan 3 sen 09:00 — 4 sen 02:00). Sotuvlar bir necha kunga tarqalgan bo'lsa, ostida qaysi kunga qancha tushgani ham qator-qator ko'rsatiladi. Ochiq smenada davrning oxiri «hozir» deb yoziladi.
Kamomad va ortiqcha ham shu davrniki
Pastdagi «Kassa va inventarizatsiya farqlari» bo'limi to'rt raqamni ko'rsatadi: inventarizatsiya kamomadi va ortiqchasi, kassa kamomadi va ortiqchasi. Ular ham tanlangan davr ichidagi farqlar — sarlavha ostida qaysi kunlar sanalgani yozib qo'yilgan.
Kassa internetsiz ishlagan smenada ziddiyat chiqsa (masalan bitta kassada ikki kompyuterdan smena ochilgan), o'sha smenaning kamomadi yoki ortiqchasi siz Smenalar sahifasida tasdiqlaguningizcha na **«Sof foyda»**ga, na bu bo'limga kirmaydi; tasdiqlagach smena yopilgan kunga tushadi (tasdiqlagan kuningizga emas). Batafsil: Internetsiz smena.
Bu raqamlarni ombordagi tovar qiymati bilan taqqoslamang. Kamomad — davr ichida to'plangan harakat, ombor qiymati esa hozirgi holat. Ikkalasi turli narsani o'lchaydi, shuning uchun kamomad ombor qiymatidan katta chiqishi o'z-o'zicha xato emas.
Yana bir sabab: raqam jami hisoblanadi. Kassir 10 kg o'rniga 10 000 kg yozib, bir necha soniyadan keyin to'g'rilasa — ta'siri nolga teng, lekin o'sha ikki yozuv kamomadga ham, ortiqchaga ham qo'shilib qoladi. Shuning uchun kamomad va ortiqcha bir vaqtda katta bo'lishi mumkin.
Raqam ishonchsiz ko'ringanda tizim buni o'zi sezadi va bo'lim tepasida qizil ogohlantirish chiqaradi. Hech narsani jimgina «to'g'rilamaydi» — sizga ko'rsatadi.
Xodimga nima ko'rinadi
Do'kon egasi va admin bosh sahifani to'liq ko'radi. Xodimga esa har bir katak unga berilgan ruxsatga qarab ochiladi:
| Katak yoki bo'lim | Xodimga qaysi ruxsat bilan ko'rinadi |
|---|---|
| Sotuv, sotuv grafigi, to'lovlar, top mahsulotlar | Sotuvlarni ko'rish (bosh sahifaning o'zi) |
| Xarajat | Xarajatlarni ko'rish |
| Sof foyda | Tannarx va foydani ko'rish («Maxfiy ma'lumotlar» bo'limida) |
| «Holat» bo'limi — ombor qiymati, naqd va elektron pul, qarzdorlar, haqdorlar, balans, kamomad va ortiqcha | Hisobotlar bo'limini ochish («Maxfiy ma'lumotlar» bo'limida) |
| «Kam qolgan tovarlar» kartasi | Xaridlarni ko'rish |
Ruxsati yo'q katak umuman chiqmaydi — uning o'rnida «0» turmaydi. Ya'ni xodim ekranida katak yo'q bo'lsa, bu «raqam nol» degani emas, «bu raqam sizga ochilmagan» degani.
Masalan, xodimga faqat «Tannarx va foydani ko'rish» bersangiz, u Sotuv va Sof foyda kataklarini ko'radi, Xarajat va «Holat» esa unda chiqmaydi.
Bo'lib to'lash ustamasi ham foyda bilan bitta ruxsat ortida turadi: u sotuv summasi bilan birga tovar tushumini ochib berardi, ya'ni foydani yashirib ustamani qoldirish bekorga ketardi.
Ruxsatni bergandan yoki olib tashlagandan keyin xodim sahifani yangilasin — bosh sahifa yangi ruxsat bo'yicha ochiladi.
Batafsil: Xodim qo'shish va huquqlar.
Savdo va kassadagi pul nima uchun teng emas
Bu eng ko'p beriladigan savol. Sabablari:
- Qarzga sotilgan tovar savdoda bor, kassada puli yo'q;
- Karta orqali to'langan pul kassada emas, hisobda;
- Xarajatlar kassadan chiqqan;
- Boshlang'ich pul kassada bor edi, u savdo emas.
Ya'ni:
Kassadagi naqd = Boshlang'ich + Naqd sotuvlar + Qarz to'lovlari − Xarajatlar
Foyda haqiqiy bo'lishi uchun
Bosh sahifadagi foyda faqat quyidagilar bajarilsa to'g'ri bo'ladi:
- kirimda tannarx to'g'ri kiritilgan;
- xarajatlar tizimga kiritilgan;
- buzilgan tovar hisobdan chiqarilgan;
- do'kon olgan qarzning to'lovi xarajat qilib yozilmagan.
Oxirgisi katta farq beradi. Bankdan yoki tanishdan olingan qarzni qaytarish xarajat emas: kassadan pul chiqadi, lekin foyda umuman kamaymaydi — bosh sahifadagi foyda ham aynan shu qoida bo'yicha hisoblanadi. Shuning uchun qarz to'lovini Kassa → Olingan qarzlar bo'limidan yozing, xarajat qilib emas. Batafsil: Do'konning o'z qarzi.
Batafsil: Foyda qanday hisoblanadi.
Raqamlar yangilanmayapti
Sotuv, qaytarish, sotuvni bekor qilish, xarajat, qarz to'lovi, smena yopish va tovarni hisobdan chiqarish bosh sahifaga darhol tushadi — sahifani yangilasangiz, yangi raqam ko'rinadi.
Bosh sahifa serverdan ma'lumot oladi. Agar kassa internetsiz ishlayotgan bo'lsa, uning sotuvlari hali serverga yetib bormagan bo'lishi mumkin — internet qaytganda raqamlar to'g'rilanadi.