Skip to content

Tez-tez uchraydigan muammolar ​

Bu sahifada eng ko'p so'raladigan muammolar va ularning yechimi to'plangan.

Kassa va sotuv ​

Skanerladim, lekin tovar savatga tushmadi ​

Avval ekranga qarang. Skan savatga tushmagan har qanday holatda katta qizil oyna chiqadi: «Tovar savatga tushmadi», ostida skanerlangan kod, sababi va nima qilish kerakligi. Oyna o'z-o'zidan yo'qolmaydi, shuning uchun uni o'qishga ulguring — javob ko'pincha o'sha yerda.

Sabab har xil bo'ladi: «Bu shtrix-kod bazada yo'q», «Tarozi yorlig'i tanilmadi», «Bu tovardan omborda qolmagan», «Dona sotuv yoqilmagan», «Blok sozlamasi to'liq emas», «Qidirish yakunlanmadi» va boshqalar. To'liq ro'yxat: Shtrix-kod skaneri.

Kod bazada yo'q bo'lsa:

  1. Internet borligini tekshiring — onlayn holatda tizim serverdan ham qidiradi.
  2. Bir necha daqiqa kuting: yangi tovarlar kassaga o'zi yetib boradi.
  3. Baribir topilmasa — mahsulot kartochkasiga shtrix-kodni qo'shing (Mahsulot qo'shish).

Kun davomida qaysi kodlar o'tmaganini ko'rish uchun qidiruv maydoni yonidagi sariq nishonni bosing — «Savatga tushmagan skanlar» ro'yxati ochiladi, har qatorda «Qayta urinish» tugmasi bor.

Brauzerdagi kassada mahsulotlar ko'rinmayapti ​

Sabab. pos.topsavdo.uz da sahifalash olib tashlandi va ekran kassa dasturidagidek ishlaydi: ochilganda Tanlanganlar turadi. Hali hech qaysi tovar tanlanmagan bo'lsa ro'yxat bo'sh ko'rinadi va «Tanlangan mahsulotlar yo'q» deb yoziladi. Tovarlar yo'qolmagan.

Yechim. Tepadagi kategoriya tugmasini bosing yoki qidiruvga tovar nomini yozing — ro'yxat shunda yuklanadi. Tez-tez sotiladigan tovarlarni o'ng tugma bilan (yoki bosib turib) Tanlanganlarga qo'shib qo'ying, keyingi safar ular darhol ochiladi. Batafsil: Mahsulot sotish.

Skaner umuman ishlamayapti ​

Skaner klaviatura kabi ishlaydi. Tekshiring:

  1. Kursor qidiruv maydonida turibdimi;
  2. Bloknotda skanerlab ko'ring — raqam chiqsa, skaner soz, muammo dasturda;
  3. Hech narsa chiqmasa — USB kabelini qayta uling.

Kassada «0 so'm» ko'rinyapti, lekin savdo bo'lgan ​

Sabab. Ko'pincha boshqa filialning yoki boshqa kassaning smenasi tanlangan.

Yechim. Yuqoridagi filial va kassa nomini tekshiring. To'g'ri filial tanlanganiga ishonch hosil qiling.

Chek ikki marta chiqib ketdi ​

Tugma ikki marta bosilgan bo'lishi mumkin. Ortiqcha chekni bekor qiling: Xatoni bekor qilish.

Printer ​

Chek chop etilmayapti ​

  1. Printer yoqilganmi va chiroq yonyaptimi;
  2. Qog'oz bormi va to'g'ri yo'nalishda qo'yilganmi (termik qog'ozning faqat bir tomoni chop etiladi);
  3. USB kabel ulanganmi;
  4. Sozlamalarda to'g'ri printer tanlanganmi (Chek printeri).

Chek chiqdi, lekin harflar tushunarsiz ​

Kodlash sozlamasi noto'g'ri. Sozlamalarda kirill yoki lotin yozuvini tanlang va sinov chekini chiqaring: Chek printeri.

Chek juda mayda yoki juda katta ​

Chek shrifti sozlanadi — sozlamalarda o'lchamni o'zgartirib, sinov chekini chiqaring.

Stikerda tovar nomi to'liq chiqmayapti ​

Stikerga sig'maydigan matn qirqiladi. Mahsulot nomini qisqartiring yoki stiker o'lchamini kattaroq qilib sozlang: Stiker printeri.

Qoldiq va ombor ​

Qoldiq noto'g'ri ko'rsatyapti ​

Eng ko'p sabab: sotilgan yoki buzilgan tovar tizimda qayd etilmagan.

Yechim. Inventarizatsiya o'tkazing. Sababini topish uchun qoldiq nima uchun noto'g'ri bo'ladi jadvaliga qarang.

Tovar sotildi, lekin qoldiq kamaymadi ​

Sotuv internetsiz kiritilgan va hali serverga yuborilmagan bo'lishi mumkin. Kassa dasturida internetni tekshiring — aloqa tiklanganda ma'lumot o'zi ketadi.

Pul va hisob ​

Kassadagi pul mos kelmadi ​

Kamomad va ortiqcha sahifasiga qarang.

Savdo bor, lekin kassada pul yo'q ​

Ehtimol tovar qarzga sotilgan. Qarzga sotilgan summa o'sha kuni kassaga tushmaydi — mijoz qarzni to'laganda tushadi. Qarzga sotish.

Foyda juda kam ko'rinyapti ​

Tekshiring:

  • tannarx to'g'ri kiritilganmi (kirim paytida);
  • ko'p chegirma berilganmi;
  • buzilgan tovar hisobdan chiqarilganmi — u zarar sifatida foydani kamaytiradi.

Foyda qanday hisoblanadi.

Kirish va ulanish ​

«Sahifani yangilang» deb yozyapti ​

Dastur yangilangan, brauzerdagi eski nusxa eskirgan. Sahifani yangilang (Ctrl+F5). Bu ma'lumotga zarar yetkazmaydi.

Parolni unutdim ​

Xodim parolini do'kon rahbari ham o'zgartira olmaydi — uni faqat xodimning o'zi Profil bo'limida o'zgartiradi. Parolni eslay olmasangiz, hozircha uni tiklashning yo'li yo'q: rahbaringiz sizga yangi login bilan yangi hisob ochadi (Xodim parolini unutdi). Rahbar o'zi unutgan bo'lsa, @topsavdo_call ga yozing.

«Parol ko'p marta noto'g'ri kiritildi» deb yozyapti ​

Bitta login bilan bir daqiqa ichida 5 marta noto'g'ri parol terilgan. Bu parolni tanlab topishga urinishdan himoya: o'sha login bir daqiqagacha to'xtatiladi, xabarda necha soniya kutish kerakligi yoziladi. Kutish tugagach to'g'ri parol bilan kiring.

Cheklov faqat o'sha loginga tegishli:

  • boshqa xodimlar o'z loginlari bilan bemalol kiraveradi — bitta do'kondagi (bitta Wi-Fi'dagi) telefon va kassalar bir-birini to'sib qo'ymaydi;
  • to'g'ri parol bilan kirishlar sanalmaydi, ya'ni bitta login bilan bir nechta telefon va kassada ketma-ket kirish mumkin;
  • avval shu login bilan muvaffaqiyatli kirilgan joydan (masalan do'kondagi internet) kirish boshqa joydagi noto'g'ri urinishlar sabab to'xtamaydi. Begona odam loginingizni bilib ataylab xato parol tersa, siz odatdagi joyingizdan kiraverasiz. Yangi joydan (birinchi marta) kirayotgan bo'lsangiz — bir daqiqa kutishga to'g'ri keladi.

Bitta tarmoqdan qisqa vaqtda juda ko'p turli loginlarga noto'g'ri parol terilsa, o'sha tarmoq ham bir daqiqaga to'xtatiladi.

Parolni o'zgartirdim — boshqa qurilmalardan chiqib ketdi ​

Bu to'g'ri: parol o'zgartirilganda u o'zgartirilgan qurilmadan boshqa hamma joyda kirish yopiladi — telefon, kassa dasturi, boshqa brauzerlar. U yerlarda kirish sahifasi «Siz bu qurilmadan chiqarildingiz…» deb yozadi. Parol odatda begona odam kirib olganda yoki qurilma yo'qolganda almashtiriladi; shunda eski kirishlar ham to'xtashi kerak. U yerlarda yangi parol bilan qayta kiring.

Shu bilan birga o'chadi: Telegram bot ulanishi (botni qayta ulang), AI yordamchi kalitlari (yangi kalit yarating) va boshqa brauzerlardagi bildirishnomalar.

Parolni eslay olmasangiz — Parolni unutdim.

Faqat bitta qurilmani (masalan yo'qolgan telefonni) chiqarish uchun parolni almashtirish shart emas: Sozlamalar → Profil → «Kirilgan qurilmalar» dan o'sha qurilmani chiqaring (Kirilgan qurilmalar).

«Siz bu qurilmadan chiqarildingiz» deb yozyapti ​

Kirish sahifasida (sayt, telefon ilovasi yoki kassa dasturida) shu yozuv turibdi:

Siz bu qurilmadan chiqarildingiz yoki kirish muddati tugadi. Qaytadan kiring.

Bu xato emas — shu qurilmadagi kirish yopilgan. Sababi quyidagilardan biri:

  • kimdir bu qurilmani «Kirilgan qurilmalar» ro'yxatidan chiqargan: o'zingiz boshqa qurilmadan («Chiqarish» yoki «Hammasidan chiqish») yoki, xodim bo'lsangiz, do'kon egasi;
  • hisobingiz paroli boshqa qurilmada o'zgartirilgan;
  • bu qurilma 7 kundan ortiq ishlatilmagan (kassa dasturi shuncha vaqt internetga ulanmagan);
  • xodim bo'lsangiz: sizni bir do'kondan chiqarishgan va sizda bitta do'kon egasi qolgan — bunda barcha qurilmalardan chiqarilasiz (sababi).

Nima qilish kerak: login va parol bilan qaytadan kiring. Kassa dasturida xabar ostida «Yuborilmagan N ta sotuv saqlangan — qayta kirsangiz yuboriladi.» deb yozilgan bo'lsa — sotuvlar yo'qolmagan, ular o'zingiz shu kompyuterda qayta kirganingizda o'zi yuboriladi (boshqa xodim kirsa — uning nomidan ketmaydi). Telefonda ham shunday: «Yuborilmagan N ta yozuv shu qurilmada saqlangan…».

Siz chiqarmagan bo'lsangiz va bu kutilmagan bo'lsa — qayta kirgach Sozlamalar → Profil → «Kirilgan qurilmalar» ni oching, tanimagan qurilma bo'lsa chiqaring va parolni o'zgartiring.

«Server bilan aloqa yo'q» deb yozyapti ​

Sahifa ochilayotganda internet uzilgan yoki server vaqtincha javob bermagan. Siz tizimdan chiqarilmaysiz: ekranda «Qayta urinish» tugmasi turadi, internet qaytishi bilan sahifa o'zi ochiladi (har 15 soniyada o'zi ham tekshiradi). Parolni qayta yozish shart emas.

Ish paytida internet qisqa uzilsa ham shunday: bosgan amalingiz bajarilmay qoladi va «Server bilan aloqa yo'q» xabari chiqadi, lekin sahifadan chiqib ketmaysiz — internet tiklangach amalni qaytaring. Kirish sahifasiga faqat kirish haqiqatan tugaganda (uzoq vaqt kirilmagan, «Chiqish» bosilgan, parol boshqa qurilmada o'zgartirilgan yoki bu qurilma «Kirilgan qurilmalar» dan chiqarilgan) qaytasiz.

«Internet yo'q — yozuv yuborilmadi» deb yozyapti ​

Pul yoki ombor amalini (qarz to'lovi, qaytarish, xarid qabuli, o'tkazma, bozor buyurtmasi va h.k.) internet yo'q paytda bosdingiz. Amal serverga umuman yuborilmadi va navbatga ham qo'yilmadi: internet qaytganda o'zi yuborilib ketmaydi, ya'ni ikki marta yozilib qolmaydi. Internet tiklangach tugmani qayta bosing.

Kassa dasturida internetsiz sotish odatdagidek ishlayveradi — bu xabar faqat serverda darhol yozilishi kerak bo'lgan amallarda chiqadi. Batafsil: Internetsiz ishlash.

«Serverda xatolik yuz berdi. Birozdan keyin qayta urinib ko'ring.» ​

Internet bor, lekin server so'rovni bajara olmadi (masalan yangilanish paytida bir-ikki daqiqa). Bosgan amalingiz bajarilmagan — hech narsa yarim yozilib qolmaydi. Bir ozdan keyin amalni qaytaring; takrorlanaversa, qo'llab-quvvatlash xizmatiga qaysi sahifada nima bosganingizni yozing.

«Bu hisob o'chirilgan» deb yozyapti ​

Login va parol to'g'ri, lekin hisobning o'zi o'chirilgan. Dastur buni ataylab aniq aytadi — ilgari bunday holatda ham «Foydalanuvchi nomi yoki parol noto'g'ri» chiqardi va odam parolini qayta-qayta terib ovora bo'lardi.

Hisobni qaytarish uchun do'kon rahbariga murojaat qiling.

«Hisobingiz do'kondan olib tashlangan» deb yozyapti ​

Xodim do'kon ro'yxatidan chiqarilgan. Uning sotuvlari va tarixi saqlanadi, lekin tizimga kira olmaydi. Rahbar uni qaytadan qo'shsa, kirish tiklanadi (Xodim qo'shish va huquqlar).

Agar siz dastur ichida ishlab turganingizda chiqarilgan bo'lsangiz, ekranda shu sabab va Chiqish tugmasi ko'rinadi.

Ekran to'xtovsiz aylanyapti, o'ngda takroriy xatolik chiqyapti ​

Bu hisob ERPda ishlay olmasligini bildiradi — masalan hisob bozor xaridori (shop.topsavdo.uz) yoki do'konga biriktirilmagan. Endi dastur aylanish o'rniga sababni yozib, Chiqish tugmasini ko'rsatadi. Shunga qaramay eski oyna ochiq qolgan bo'lsa, sahifani yangilang (Ctrl+F5).

Bir kompyuterda xatolik chiqadi, boshqasida chiqmaydi ​

Sabab kompyuterdagi eski kirishda: hisob o'chirilgunga qadar kirilgan kompyuterda kirish saqlanib qolgan bo'ladi va dastur o'sha kirish bilan ochilib ketaveradi. Hech qachon kirilmagan kompyuterda esa ish login sahifasidayoq to'xtaydi. Yechim — muammo chiqayotgan kompyuterda Chiqish ni bosish.

Xodim hisobotlarni ko'ra olmayapti ​

Bu ataylab shunday: hisobotlar, tannarx va foyda faqat rahbarga ko'rinadi. Kerak bo'lsa rahbar xodimga qo'shimcha huquq bera oladi (Xodim qo'shish va huquqlar).

Kassa dasturi ochilmayapti ​

  1. Kompyuterni qayta yuklang;
  2. Dasturni qayta oching;
  3. Baribir ochilmasa — dasturning eng so'nggi versiyasini o'rnating.

Ma'lumot kompyuterda saqlanadi, shuning uchun qayta o'rnatishda sotuvlar yo'qolmaydi.

Javob topilmadimi ​

@topsavdo_call ga yozing — muammoni qisqacha tasvirlab, ekran rasmini yuboring.