Skip to content

Mijozlar bilan ishlash ​

Qisqacha javob: Xaridorlar Mijozlar bo'limida, yetkazib beruvchilar esa Xarid → Yetkazib beruvchilar bo'limida. Har birining qarzi, xaridlari va to'lovlari tarixi saqlanadi.

Mijoz qo'shish ​

my.topsavdo.uz → Mijozlar → yangi mijoz. Kerakli maydonlar: ism va telefon raqami. Qolganlari ixtiyoriy.

Kassada ham qo'shish mumkin — qarzga sotayotganda mijozni o'sha yerda yaratasiz.

Agar kassada begona xaridorlarni bitta nomga yozsangiz (masalan «1 1»), o'sha mijozni saytda tahrirlab «Umumiy mijoz (kassa uchun)» katakchasini belgilang. Kartochkada «Umumiy (kassa) mijoz» yorlig'i chiqadi, AI esa uning xaridlarini bitta odamniki deb tahlil qilmaydi. Belgini faqat siz qo'yasiz — tez-tez keladigan oddiy mijoz o'z-o'zidan umumiy deb hisoblanmaydi. Katakcha faqat sizga va «Mijozni o'zgartirish» ruxsati bor xodimga ko'rinadi — faqat mijoz qo'shish ruxsati bor kassir uni belgilay olmaydi.

Xaridor va yetkazib beruvchi ​

Bu ikki ro'yxat alohida:

  • Mijozlar (menyuda SAVDO → Mijozlar) — sizdan tovar sotib oladiganlar;
  • Yetkazib beruvchilar (menyuda XARID → Yetkazib beruvchilar) — sizga tovar keltiradiganlar.

Ikkalasi bir xil kartochkaga ega, farqi — qarz ishorasi:

  • Xaridor sizga qarzdor bo'ladi (musbat);
  • Yetkazib beruvchiga siz qarzdor bo'lasiz (manfiy).

Yangi yetkazib beruvchini Xarid → Yetkazib beruvchilar → Yangi yetkazib beruvchi tugmasidan qo'shasiz; kirim hujjatini to'ldirayotganda ham o'sha yerda qo'shish mumkin.

Kartochkadagi «Turi» maydonini almashtirsangiz yozuv ikkinchi ro'yxatga o'tadi — mijoz sifatida kiritilgan yozuvni yetkazib beruvchiga o'tkazishning yo'li shu.

Yetkazib beruvchiga sotish ​

Ulgurjichilar ko'pincha bir-biridan tovar oladi ham, bir-biriga sotadi ham. Buning uchun yetkazib beruvchini mijoz sifatida qayta kiritish shart emas: buyurtma yozayotganda xaridor ro'yxatida yetkazib beruvchilar ham chiqadi. Saytda ular yonida «Yetkazib beruvchi», telefon ilovasida «Yetkazuvchi» belgisi turadi — bir xil nomli ikki yozuvni adashtirmaysiz. Telefonda bu buyurtma yaratishda ham, uni tahrirlashda ham, kassada mijoz tanlaganda ham shunday.

Unga sotilgan tovar summasi sizning unga qarzingizdan ayriladi: masalan qarz −500 000 bo'lsa, 20 000 so'mlik qarzga sotuvdan keyin −480 000 bo'ladi. Yetkazib beruvchiga keshbek yozilmaydi.

Batafsil: Qarzni tushunish.

Mijoz kartochkasida nima bor ​

Kartochka tepasida ikkita alohida raqam yonma-yon turadi:

  • Hisobi (qarz) — pul munosabati: musbat bo'lsa mijoz sizga qarzdor, manfiy bo'lsa siz unga;
  • Keshbegi — yig'ilgan bonus. Qarzga qo'shilmaydi va uni kamaytirmaydi.

Shuningdek:

  • Barcha xaridlari tarixi — har sotuvning «Summa»si sotuvlar ro'yxatidagi bilan bir xil (qaytgan tovar puli ayirilgan);
  • To'lovlar tarixi (har qatorda qarz va keshbek o'zgarishi alohida);
  • Qarz chegarasi;
  • Telefon va manzil.

Kontragent yetkazib beruvchi bo'lsa, kartochkasida qo'shimcha «Yetkazib beruvchi hisoboti» bo'limi chiqadi: undan olingan xaridlar, o'sha mahsulotlardan qanchasi sotilgani va ayni paytdagi ombor qoldig'i.

Jami qarzni bir qarashda ko'rish ​

Quyidagi hammasi ikkala ro'yxatda ham bir xil ishlaydi — qidiruv, ustun sozlash, filtr, saralash va sahifalash.

Ro'yxatning eng ostida, «Balans» va «Keshbek» ustunlari tagida xira «Hisoblash» yozuvi turadi. Uni bosib Yig'indini tanlasangiz, barcha mijozlarning qarzi qo'shilib bitta raqam bo'lib chiqadi. Shu yerda O'rtacha, Eng kichigi va Eng kattasi ham bor.

Hisob ekranda ko'rinib turgan qatorlar bo'yicha emas, filtrga mos butun ro'yxat bo'yicha chiqadi.

⚠️ Balans yig'indisi musbat va manfiylarni bir-biridan ayiradi. Sizga qarzdor mijozlar musbat, siz qarzdor bo'lganlar manfiy — yig'indi ularni qo'shganda bir-birini so'ndiradi va sof raqam chiqadi. Aynan qarzdorlar jamini ko'rish uchun avval «Balans» ustuni menyusidagi filtrda «Eng kam» maydoniga 1 yozing — shunda ro'yxatda faqat qarzdorlar qoladi va yig'indi ham o'shalar bo'yicha bo'ladi.

Tanlov shu brauzerda eslab qolinadi; bekor qilish uchun o'sha menyudan «Hisoblamaslik»ni tanlang.

Mijozlar tahlili — tayyor hisobot ​

Yuqoridagi usul qo'lda filtr qo'yishni talab qiladi. Xuddi shu savollarga tayyor javob beradigan alohida sahifa ham bor:

my.topsavdo.uz → menyuda HISOBOTLAR → Mijozlar tahlili.

Buni menyudagi SAVDO → Mijozlar bilan adashtirmang: u mijozlar ro'yxati, bu esa ular ustidan hisobot. Sahifa ochilganda tepasida «Mijoz hisobotlari» deb yoziladi.

Sahifada uchta bo'lim bor, tepadagi tugmalardan tanlanadi.

Qarzlar ​

Tepada jami qarz va nechta qarzdor borligi, ostida ro'yxat: mijoz, telefon raqami va qarz miqdori. Eng ko'p qarzdor yuqorida turadi, ro'yxat to'liq — sahifalash yo'q.

Bu yerda faqat sizga qarzdorlar chiqadi. Siz qarzdor bo'lganlar ro'yxatga umuman kirmaydi, shuning uchun jami raqam ularni so'ndirmaydi — Mijozlar ro'yxatidagi «Yig'indi»dan farqi shu, bu yerda filtr qo'yish shart emas.

Turi ajratilmaydi: yetkazib beruvchiga nasiyaga tovar sotgan bo'lsangiz, u ham qarzdor sifatida ko'rinadi. Arxivlangan mijozlar ro'yxatga kirmaydi.

Top mijozlar ​

Kim ko'p xarid qilgani. Yuqorida ustunli grafik (eng yaxshi 10 mijoz), ostida jadval (20 tagacha): XARIDLAR — necha marta sotib olgani, JAMI XARID — umumiy summasi.

Hisob haqiqiy sotuvlar bo'yicha: xato deb bekor qilingan va to'liq qaytarilgan sotuv sanalmaydi, qisman qaytarilgani esa sanaladi.

Davr tanlanadi. Jadval tepasida davr tugmalari turadi: «Barchasi», «Bugun», «Kecha», «Shu hafta», «Shu oy», «O'tgan oy» va kalendar (ixtiyoriy oraliq). Standart holat — «Barchasi», ya'ni butun vaqt bo'yicha. Davr tanlansa ro'yxat ham, jami summa ham faqat o'sha kunlardagi xaridlardan hisoblanadi — ya'ni «shu oy eng ko'p kim oldi» degan savolga javob beradi. Tanlangan davrning oxirgi kuni ham to'liq kiradi (o'sha kunning kechki soatlaridagi sotuv ham sanaladi). Tanlov manzilda saqlanadi, shuning uchun sahifani yangilasangiz ham, havolani birovga bersangiz ham o'sha davr ochiladi.

Yangi mijozlar ​

Oyma-oy nechta yangi mijoz qo'shilgani — chiziqli grafik. Mijozlar bazangiz o'syaptimi yoki to'xtaganmi, shundan ko'rinadi.

Butun bo'lim do'kon egasi uchun ochiq. Xodimga ham ko'rsatmoqchi bo'lsangiz, unga «Hisobotlar bo'limini ochish» ruxsatini bering.

Sodiqlik va keshbek ​

Doimiy mijozlar uchun sodiqlik dasturini yoqish mumkin — xariddan foiz keshbek to'planadi va keyingi xaridda ishlatiladi.

Keshbek to'langan summadan hisoblanadi: qarzga (nasiyaga) sotilgan qismidan keshbek o'sha payt berilmaydi — mijoz qarzini to'lagach qo'shiladi. Batafsil: Qarzga sotish.

Keshbek mijozning balansiga qo'shilmaydi. U alohida ustunda turadi:

  • Balans — pul munosabati: musbat bo'lsa mijoz sizga qarzdor, manfiy bo'lsa siz unga (oldindan to'lov, qaytarilgan pul).
  • Keshbek — sodiqlik dasturi bonusi. Mijozda bir vaqtning o'zida ham qarz, ham yig'ilgan keshbek bo'lishi mumkin — ular aralashmaydi.

Kassada «Mijoz hisobidan» to'lov tanlansa, avval keshbek sarflanadi, u tugagach mijozning hisobidagi puli ishlatiladi.

Shuningdek har N-chi xaridorga avtomatik sovg'a yoki chegirma berish imkoniyati bor — marketing aksiyalari uchun.

Sodiqlik kartasi ​

Raqam o'zi beriladi ​

Yangi mijoz yaratilishi bilan unga karta raqami beriladi — hech qanday tugma bosish shart emas. Bu mijoz qayerda ochilganiga bog'liq emas: saytda, kassada, Excel importida, buyurtmadan yoki mijozlar botidan ochilsa ham raqam beriladi.

Internet yo'q paytda kassa dasturida ochilgan mijozga raqam aloqa tiklanib, mijoz serverga yuborilgandan keyin beriladi — shundan so'ng u navbatdagi sinxronlashda kassaga qaytib tushadi.

Mijoz kartochkasining pastida Sodiqlik kartasi bo'limi bor: raqam u yerda shtrix-kod bo'lib chiziladi, Chop etish tugmasi bilan bosib olasiz. Raqam C harfi va 12 ta raqamdan iborat (masalan C407318250946).

Eski mijozlarga karta yasash ​

Bu yangilikdan oldin ochilgan mijozlarda karta yo'q. Ularni bittalab ochib yurmaslik uchun: Mijozlar ro'yxatida kerakli mijozlarni belgilang (chap tomondagi katakcha) va tepadagi «Karta yasash» tugmasini bosing. Tugmadagi raqam nechta mijozga karta berilishini ko'rsatadi — kartasi bor mijozlar hisobga olinmaydi, ularning kartasi ustiga hech narsa yozilmaydi (chop etilgan plastik karta ishlayverishi kerak).

Bilib qo'ying:

  • tugma Mijozlar ro'yxatida turadi; Yetkazib beruvchilarda u yo'q, chunki ta'minotchiga karta berilmaydi;
  • amal «Mijozni o'zgartirish» ruxsatini talab qiladi — ruxsat bo'lmasa tugma o'chiq turadi va sababini aytadi;
  • bir bosishda 500 tagacha mijoz. Ro'yxat uzunroq bo'lsa bir necha marta belgilab bosasiz;
  • hammasida karta bor bo'lsa tugma bosilganda shu aytiladi va hech narsa o'zgarmaydi.

O'z kartangiz bo'lsa ​

Tayyor plastik kartalaringiz bo'lsa yoki mijozda boshqa joyning kartasi bo'lsa — «yoki qo'lda» maydoniga uning raqamini kiriting yoki skaner bilan o'qiting. Bunday karta ham xuddi shunday ishlaydi: kassa raqamni bazadan qidiradi, uning C bilan boshlanishi yoki boshlanmasligi ahamiyatsiz. Faqat lotin harflari, raqamlar va oddiy belgilar (-, _) yaraydi: kirill harfini shtrix-kod qilib chop etib bo'lmaydi, shuning uchun dastur bunday raqamni qabul qilmaydi.

C — faqat dastur o'zi yasagan raqamlarga qo'yiladigan belgi. Sababi: mahsulot va tarozi shtrix-kodlari faqat raqamdan iborat, shuning uchun harf bilan boshlangan karta ular bilan hech qachon chalkashmaydi.

Karta tovar bilan chalkashmaydi ​

Kassa skanerlangan kodni avval mahsulot deb qidiradi, topilmasagina mijoz kartasi deb qaraydi. Shuning uchun dastur bir raqamning ikkala ma'noda ishlatilishiga yo'l qo'ymaydi:

  • qo'lda kiritilgan karta raqami mavjud mahsulot shtrix-kodi, artikuli yoki tarozi yorlig'i bilan bir xil bo'lsa — qabul qilinmaydi;
  • teskarisi ham: mahsulotga shtrix-kod yoki artikul qo'shayotganda u mijozning kartasi bilan bir xil bo'lsa, dastur uni ham qabul qilmaydi va qaysi mijozning kartasi ekanini aytadi.

Ikkalasi ham kiritish paytida aytiladi — kassada bilib qolmaysiz.

Kassada ishlatish ​

Kartani skanerlash mijozni chekka biriktiradi — qarzi, keshbegi va sotuv tarixi o'sha mijozga yoziladi. Bu uchala joyda ham ishlaydi: kassa dasturi, brauzerdagi kassa va saytdagi Sotuvlar → Yangi sotuv ekrani. Alohida tugma yo'q: kartani odatdagi qidiruv maydoniga skanerlang. Mijoz tanilganda ekranda «Mijoz: …» (ismi bilan) deb chiqadi.

Internet kerakmi: kassa dasturi kartani o'z kompyuteridagi bazadan topadi, ya'ni internetsiz ham ishlaydi (mijoz o'sha kassaga sinxronlashda tushgan bo'lsa). Brauzerdagi kassa va sayt kartani serverdan qidiradi — internet uzilgan bo'lsa mijoz topilmaydi, uni odatdagidek ro'yxatdan tanlaysiz.

Karta bitta mijozga va bitta do'konga tegishli. Boshqa do'konning kartasini skanerlasangiz, sizda hech kim ochilmaydi — «Mahsulot topilmadi» deyiladi. Shu sababli bir xil raqamli plastik kartalar to'plami turli do'konlarda ishlatilsa ham muammo bo'lmaydi.

Karta yo'qolsa Kartani bekor qilish tugmasini bosing, so'ng yangisini yarating — eski raqam bilan endi hech kim ochilmaydi.

Yetkazib beruvchilarga karta berilmaydi.

Bo'limlar ​