Skip to content

Buzilgan tovarni qanday hisobdan chiqaraman? ​

Qisqacha javob: my.topsavdo.uz → Ombor → Hisobdan chiqarish → Yangi hisobdan chiqarish (alohida sahifa ochiladi, xariddagidek) → Nima bo'ldi? degan joyda turini tanlang → tovarni qidiring yoki shtrix-kodini skanerlang → Chiqariladi ustuniga miqdorini yozing → sababini yozing → Hisobdan chiqarish → Tasdiqlash va hisobdan chiqarish. Qoldiq kamayadi. Tovar tannarxi «Buzilgan / yaroqsiz» turida zarar, «Do'kon ehtiyoji uchun» turida esa «Do'kon ehtiyojlari» xarajati bo'lib yoziladi.

Bu bo'lim faqat rahbarga ochiq — xodimning ro'yxatida u umuman ko'rinmaydi, chunki u orqali tovarni hisobdan yo'qotish mumkin.

Qachon ishlatiladi ​

Hisobdan chiqarishning ikki turi bor — formaning eng tepasida tanlanadi:

TuriQachonTannarx qayerga yoziladi
Buzilgan / yaroqsiz (standart)Tovar buzilgan, muddati o'tgan, singan, yo'qolgan yoki o'g'irlanganZarar
Do'kon ehtiyoji uchunSotiladigan tovarni do'kon o'zi ishlatdi — javondagi paketni kassaga oldi, tozalash vositasini pol yuvishga ishlatdi«Do'kon ehtiyojlari» xarajati

Ikkala turda ham tovar ombordan bir xil chiqadi — partiyalar bo'yicha (avval kelgani yoki muddati yaqini avval), aniq tannarxi bilan. Farq faqat pul tomonida: buzilgan tovar — yo'qotish, o'zimiz ishlatgan tovar — do'kon xarajati (xuddi ijara yoki kommunal kabi).

Faqat o'zi ishlatish uchun oladigan narsangiz (sotmaydigan paket, kassa qog'ozi) bo'lsa, uni omborga umuman kiritmang — xaridning o'zida «Do'kon ehtiyoji» deb belgilang. Bu yerdagi tur esa sotiladigan tovarning bir qismini o'zingiz ishlatganingizda kerak.

Qadamlar ​

  1. Ombor → Hisobdan chiqarish bo'limini oching, Yangi hisobdan chiqarish tugmasini bosing — xarid sahifasiga o'xshash alohida sahifa ochiladi.
  2. Nima bo'ldi? — turini tanlang: Buzilgan / yaroqsiz (standart) yoki Do'kon ehtiyoji uchun. Bitta hujjatda bitta tur bo'ladi — ikkalasi kerak bo'lsa, ikki marta chiqaring. Yonidagi Sabab maydoniga sababini yozing — masalan «muddati o'tgan» yoki «kassaga paket». Sabab hujjatda saqlanadi va keyin ro'yxatda ko'rinadi.
  3. Tovarlarni qo'shing — uch yo'l bor:
    • Mahsulot qidirish maydoniga nomi, SKU yoki shtrix-kodini yozing va ro'yxatdan tanlang (yoki Enter bosing). Har natija yonida omborda qancha borligi yoziladi; qoldig'i yo'q tovarni chiqarib bo'lmaydi.
    • Shtrix-kodni skanerlang. Dona tovarda skaner miqdorni o'zi yozadi: birinchi skaner — 1, o'sha tovarni yana skanerlasangiz — 2, 3, ... Buzilgan tovarlarni bittalab skanerlab chiqish qulay.
    • Ro'yxatdan tanlash — ko'p tovarni kategoriya bo'yicha belgilab birdaniga qo'shish (xariddagi o'sha oyna).
    • Tarozida qolgan ushoqlar uchun — Ushoqlarni tozalash (pastda batafsil).
  4. Jadvalda har tovarning Omborda bor, Chiqariladi, Tannarx va Zarar ustunlari bor. Chiqariladi ga miqdorni yozing (yangi qo'shilgan tovarda u bo'sh turadi — «qanchasini chiqarish» siz aytasiz). Butun qoldiqni chiqarish uchun yonidagi Hammasi tugmasi. Miqdorni yozib Enter bossangiz, qidiruvga qaytasiz — keyingi tovarni darhol skanerlash mumkin. Qoldiqdan ko'pini chiqarib bo'lmaydi — shunday qator qizil bo'ladi va ostida sababi yoziladi (masalan «Omborda 5 ta bor — undan ko'p chiqarib bo'lmaydi»). Dona tovar butun son bilan chiqariladi; kasr — kilogramm/metr/litr, bo'laklab sotiladigan dona tovarda (tortning qolgan 0,375 qismi) va qoldig'ining o'zi kasr bo'lib qolgan dona tovarda (o'sha ushoqni chiqarish uchun). Batafsil: dona tovarga kasr qayerda yoziladi.
  5. Jadval ostida taxminiy zarar (do'kon ehtiyojida — taxminiy xarajat) ko'rinadi. U tovarning ombordagi o'rtacha tannarxidan hisoblanadi; aniq summa saqlanganda partiyalar bo'yicha (avval kelgani avval) hisoblanadi va biroz farq qilishi mumkin — ro'yxatda va hujjat ichida aynan aniq summa turadi.
  6. Hisobdan chiqarish tugmasini bosing — chiqariladigan tovarlar, miqdorlari va taxminiy summasi oxirgi marta ko'rsatiladi. Tekshirib, Tasdiqlash va hisobdan chiqarish bilan yakunlang. Sahifa ro'yxatga qaytadi.

Sahifani yarim yo'lda yopib qo'ysangiz ham yozganingiz yo'qolmaydi — keyingi safar Yangi hisobdan chiqarish ni bossangiz, o'sha joydan davom etasiz.

Tarozida qolgan ushoqlar ​

Kilolab sotiladigan tovar (masalan, 10 kg olinib sotilgan) tarozida 0,05 kg kabi ushoq qoldiradi — dastur uni «bor» deb ko'rsataveradi. Bunday qoldiqlarni tozalash uchun Ushoqlarni tozalash tugmasini bosing:

  1. Qoldig'i ... gacha qolgan tovarlar maydoniga chegarani yozing (standart — 1; ushoq uchun 0,5 yoki 0,2 qulayroq).
  2. Ro'yxatdan keraklilarini belgilang (yoki Hammasini belgilash). Hech narsa oldindan belgilanmaydi: chegara birlikka qaramaydi va «1 ta» qolgan haqiqiy tovar ham ro'yxatga tushadi — uni o'ylamasdan chiqarib yubormang.
  3. Qo'shish — belgilanganlar butun qoldig'i bilan jadvalga tushadi, ya'ni hujjatdan keyin ularning qoldig'i 0 bo'ladi.

Ro'yxatda har hujjatning Turi ustuni bor va shu ustun bo'yicha filtrlash mumkin (masalan, faqat do'kon ehtiyojlarini ko'rish). Holat ustuni hujjat bajarilganmi yoki bekor qilinganmi — shuni ko'rsatadi.

Mobil ilovada: Yana → Hisobdan chiqarish → Yangi hisobdan chiqarish — tovarlarni tanlab Davom bosasiz, keyingi ekranda Turini tanlaysiz. «Buzilgan / yaroqsiz» turida sabab (Buzilgan, Muddati o'tgan, Yo'qolgan, Boshqa) tanlanishi shart; «Do'kon ehtiyoji uchun» turida sabab so'ralmaydi, izoh ixtiyoriy.

Nima bo'ladi ​

Ikkala turda ham:

  • Qoldiq kamayadi, ombor qiymati tannarx summasiga kamayadi;
  • Foyda shu summaga kamayadi;
  • Kim, qachon, nima uchun chiqarganini ko'rsatuvchi yozuv qoladi.

Buzilgan / yaroqsiz — tovarning tannarxi zarar sifatida yoziladi. Hisobotlar → Moliya → Foyda va zarar da u «Operatsion foyda» bo'limidagi «Buzilgan tovar (hisobdan chiqarilgan)» qatorida chiqarilgan kuni turadi va sof foydadan ayriladi (telefonda — «Buzilgan tovar» qatori). Yalpi foydaga tegmaydi: yalpi foyda faqat sotilgan tovarniki. Batafsil: Foyda qanday hisoblanadi.

Do'kon ehtiyoji uchun — tannarx xarajat bo'ladi:

  • Xarajatlar sahifasida «Do'kon ehtiyojlari» turkumida har tovar uchun alohida yozuv paydo bo'ladi — xariddagi do'kon ehtiyoji bilan bir joyda. «Qayerdan» ustunida kassa o'rniga «Ombordan» (ostida «Do'kon ehtiyoji uchun») turadi;
  • summa — tovarning tannarxi (sotuv narxi emas);
  • kassadan pul chiqmaydi — tovar allaqachon sotib olingan edi, faqat ombordan xarajatga o'tdi. Smena va kassa qoldig'i o'zgarmaydi;
  • foyda hisobotida xarajatlar qatoriga tushadi, sotilgan tovar tannarxiga emas;
  • bunday yozuvni Xarajatlar sahifasidan tahrirlab ham, o'chirib ham bo'lmaydi — u hisobdan chiqarish hujjatining bir qismi. Telegram botiga «yangi xarajat» xabari ham kelmaydi.

To'plamning alohida qoldig'i bo'lmagani uchun uni bevosita hisobdan chiqarib bo'lmaydi va u tovar tanlash ro'yxatida ko'rinmaydi. Buzilgan mahsulot to'plam tarkibidan bo'lsa, o'sha komponentning o'zini hisobdan chiqaring; to'plamning mavjud soni avtomatik kamayadi.

Xato hisobdan chiqardim ​

Hujjatni do'kon egasi bekor qila oladi (admin ham) — ro'yxatdan hujjatni oching → «Xatoni bekor qilish» → sababini yozing → Ha, bekor qilish. Sababsiz tugma bosilmaydi; sabab hujjatda saqlanadi. Telefonda ham xuddi shunday: Yana → Hisobdan chiqarish → hujjatni oching → pastdagi «Xatoni bekor qilish».

Xodimga bu tugma ko'rinmaydi — xato bo'lsa, egasiga ayting.

Bekor qilinganda:

  • tovar omborga qaytadi — o'sha tannarxda va o'sha yaroqlilik muddati bilan;
  • «Buzilgan / yaroqsiz» turida zarar hisobdan olib tashlanadi;
  • «Do'kon ehtiyoji uchun» turida Xarajatlar sahifasidagi yozuvlar ham o'zi olib tashlanadi;
  • hujjat o'chmaydi — ro'yxatda «Bekor qilingan» belgisi bilan qoladi, summasi ustidan chizilgan bo'ladi, ichida esa kim, qachon va nega bekor qilgani yoziladi.

Tur noto'g'ri tanlangan bo'lsa ham shunday: hujjatni bekor qiling va to'g'ri tur bilan qaytadan chiqaring.

Ro'yxat ostidagi jami («Jami zarar») bekor qilingan hujjatlarsiz hisoblanadi — ular ro'yxatda ko'rinib turadi, lekin jamiga qo'shilmaydi. Ular jami ostida alohida yoziladi, masalan «Jamiga kirmagan: Bekor qilingan: 1 ta — 15 000». Holat ustunidan biror holatni tanlasangiz (masalan «Bekor qilingan»), jami aynan tanlangan hujjatlar bo'yicha bo'ladi. Foyda va zarar hisobotiga bekor qilingan hujjat ham kirmaydi.

Nima uchun shunday qilish kerak ​

Buzilgan tovarni shunchaki tashlab yuborib, tizimda qoldirib ketish eng ko'p uchraydigan xato. Oqibati:

  • qoldiq noto'g'ri — tizim «bor» deydi, aslida yo'q;
  • foyda haqiqiydan yuqori ko'rinadi — chunki zarar hisobga olinmagan;
  • inventarizatsiyada tushunarsiz kamomad chiqadi.

Hisobdan chiqarish esa zararni ko'rinadigan qiladi. Oy oxirida qancha tovar buzilib ketganini bilish — narx va buyurtma hajmini to'g'rilash uchun kerak.

Keyingi qadam ​