Tungi rejim
Saytda buyurtmani qanday olaman?
Qisqacha javob: Buyurtmalar → Yangi buyurtma. Tepada xaridor va narx turini tanlang, qidiruvga mahsulot nomini yoki shtrix-kodini yozib Enter bosing, miqdorni yozib yana Enter — keyingi mahsulotga o'tasiz. Ro'yxat chiqishini kutish shart emas: tez yozsangiz ham hech narsa yo'qolmaydi. Oxirida Buyurtma yaratish tugmasini (yoki Ctrl + Enter) bosing.
Sahifa qanday tuzilgan
Sahifa xarid hujjati kabi uch qismdan iborat:
- Tepada — Xaridor (ixtiyoriy; mijoz ham, yetkazib beruvchi ham bo'lishi mumkin), Narx turi (Chakana yoki Ulgurji) va Izoh.
- O'rtada — Mahsulotlar jadvali. Har mahsulot bitta qator: nomi, SKU va qoldig'i, Miqdor, Narx, blokli tovar bo'lsa Blok narxi va Jami. Uzun nom qisqartirilmaydi — ikkinchi qatorga o'tadi; uzun SKU sig'masa chiziqchadan keyin bo'linadi. Sahifani pastga sursangiz ham qidiruv maydoni va ustun nomlari tepada turadi. Sarlavhadagi «Mahsulotlar N ta» va pastki paneldagi son bir xil — buyurtmaga kiradigan qatorlar; qizil qator (hali hal qilinmagan) sanalmaydi.
- Pastda — ekranga yopishgan panel: mahsulotlar soni va summasi, Umumiy chegirma, Jami va Buyurtma yaratish tugmasi. Buyurtma qancha uzun bo'lmasin, jami va tugma doim ko'rinib turadi.
Telefonda jadval o'rniga har mahsulot alohida kartochka bo'lib ko'rinadi.
Saqlangach buyurtma sahifasi ochiladi — tasdiqlash va sotuvga aylantirish o'sha yerda. Bekor qilish kelgan sahifangizga qaytaradi.
Mahsulotni qanday qo'shaman?
Ikki yo'l bor.
1. Qidiruv — bittalab. Qidiruvga nom, SKU yoki shtrix-kod yozing, ostida mos mahsulotlar ro'yxati ochiladi. Har qatorda narx (tanlangan narx turi bo'yicha) va bo'sh qoldiq ko'rinadi.
- Enter — ro'yxatdagi belgilangan (dastlab birinchi) mahsulot qo'shiladi;
- ↑ / ↓ — boshqa qatorni belgilash, so'ng Enter;
- qatorni sichqoncha bilan bosish ham mumkin;
- Esc — qidiruvni tozalaydi.
Ro'yxatni kutmasdan tez yozsam-chi?
Bemalol. Ro'yxat hali chiqmagan bo'lsa ham Enter bosilgan zahoti jadvalda yangi qator paydo bo'ladi — unda siz yozgan so'z («sovun») va «qidirilmoqda…» yozuvi turadi, kursor esa shu qatorning miqdoriga o'tadi. Miqdorni darhol yozib Enter bosavering: mahsulot bir lahzadan keyin aniqlanadi va qator o'sha miqdor bilan mahsulotga aylanadi. Masalan sovun Enter 3 Enter shakar Enter 2 Enter — ro'yxat chiqishini kutmasangiz ham sovun 3 ta, shakar 2 kg bo'ladi.
Mahsulot aniq topilsa qator o'zi to'ladi: nomiga mos yagona mahsulot, nomi aynan shunday mahsulot, SKU, shtrix-kod yoki tarozi PLU raqami. Aniq bo'lmasa qator qizil bo'lib qoladi va nima qilish kerakligini aytadi — dastur hech qachon o'zi taxmin qilib boshqa mahsulotni qo'shmaydi:
- bir nechta mos keldi — qator ostidagi tugmalardan keraklisini tanlang (masalan «makaron» → Makaron Makfa yoki Makaron Barilla);
- topilmadi — qatordagi so'zni tuzatib Enter bosing;
- faqat raqam yozilgan bo'lsa (masalan
5) u nom bo'yicha qidirilmaydi — faqat aniq shtrix-kod, SKU yoki PLU olinadi. Aks holda miqdor bo'lib yozilgan «5» nomida 5 bor tovarga aylanib ketardi; - dona tovarga kasr («2,5») — yaxlitlanmaydi, «Faqat butun son: 2 yoki 3» deydi; miqdorni tuzatsangiz qator o'zi mahsulotga aylanadi;
- donada ham sotiladigan tovar (masalan kolbasa: kg va dona) — «3 kg» yoki «3 dona» tugmasini tanlang;
- buyurtmada allaqachon bor — qaysi qatorda ekanini aytadi va ikki tugma beradi: 1-qatorga qo'shish: 3 + 2 = 5 dona (yozgan miqdoringiz o'sha qatorga qo'shiladi) yoki 1-qatorni 2 dona qilish (o'sha qator miqdori yozganingizga almashadi). Qaysi birini bosmaguningizcha eski miqdor o'zgarmaydi. Tez yozasizmi, ro'yxat chiqishini kutasizmi — natija bir xil. O'sha asl qatorni o'chirsangiz, qizil qator o'zi oddiy qatorga aylanadi (yozgan miqdoringiz bilan);
- miqdor juda katta (1 000 000 dan ortiq) — odatda miqdor maydoniga shtrix-kod tushib qolganda bo'ladi (masalan mahsulot nomini yozib Enter bosgach, kursor miqdorda turganda skanerlansa). Qator qizil bo'ladi va yozilgan son ko'rinib turadi; to'g'ri sonni yozing;
- internet uzilgan — Qayta urinish tugmasi.
Keraksiz qatorni o'ng tomondagi savat belgisi bilan o'chiring. Qizil qator bor ekan buyurtma saqlanmaydi — pastki panelda sababi yoziladi. Qator hali «qidirilmoqda» turganda Ctrl + Enter bosilsa, hammasi aniqlangach buyurtma o'zi saqlanadi.
Internet uzilsa-chi?
- Internet yo'q — saqlash tugmasi o'chadi, pastki panelda «Internet yo'q — buyurtma hozir saqlanmaydi» yoziladi. Kiritganlaringiz joyida qoladi; ulanish tiklangach tugmani bosing.
- Saqlash paytida uzildi — panelda «Internet uzildi — server javobi kutilmoqda». Javob kelmasa «Server bilan aloqa yo'q» chiqadi. Ulanish tiklangach sahifadan chiqmasdan, hech narsani o'zgartirmay qayta bosing: birinchi urinish serverga yetib borgan bo'lsa ham buyurtma ikki marta saqlanmaydi.
Internet qaytganda buyurtma o'zi yuborilmaydi — saqlashni har doim siz bosasiz.
Shtrix-kod skaneri ham shu maydonga ishlaydi. Skanerlangan kod aniq tekshiriladi: blok (quti) shtrix-kodi bitta blok qo'shadi, tarozi yorlig'i esa tortilgan vaznni. Skanerlaganda kursor qidiruvda qoladi — ketma-ket skanerlayverasiz (keyingi kodni oldingisi aniqlanishini kutmasdan); bir tovarni ikki marta skanerlasangiz miqdori oshadi. Kursor qidiruvda qolishi 4 va undan ortiq raqamdan iborat har qanday kodga tegishli — raqamli kodni qo'lda yozsangiz ham miqdorni jadvaldagi qatorga yozing.
Buyurtmada allaqachon bor mahsulot ro'yxatda «Buyurtmada bor» deb belgilanadi. Uni tanlasangiz oxirida qizil «buyurtmada allaqachon bor» qatori ochiladi va kursor uning miqdoriga o'tadi: miqdorni yozing, so'ng qo'shish yoki … qilish tugmasini tanlang (yuqoridagi ro'yxatga qarang). Mavjud qatorning o'zini o'zgartirmoqchi bo'lsangiz, uning miqdor maydoniga to'g'ridan-to'g'ri o'ting (sichqoncha yoki ↑ / ↓).
2. «Ro'yxatdan tanlash» — ko'p mahsulot birdaniga. Qidiruv yonidagi tugma xarid sahifasidagi oynaning o'zini ochadi: chapda turkumlar, o'ngda mahsulotlar. Keraklilarini belgilab Qo'shish ni bosing — har biri 1 miqdor bilan (1 dona, 1 kg) qo'shiladi, kursor birinchisining miqdorida turadi. Mahsulot nomini bilmasangiz («ichimliklardan nima bor?») shu yo'l qulay.
Oynada tanlab bo'lmaydigan mahsulot ham ko'rinadi, sababi ostida yozilgan:
- narxi qo'yilmagan — avval mahsulot kartochkasida narx qo'ying;
- bo'sh qoldig'i yo'q va do'konda «Kelajakdagi tovarga buyurtma» o'chirilgan (batafsil).
Klaviatura bilan tez kiritish
| Tugma | Qayerda | Nima qiladi |
|---|---|---|
| Enter | qidiruvda | mahsulot qo'shiladi, kursor uning miqdoriga o'tadi |
| Enter | miqdor yoki narx maydonida | kursor qidiruvga qaytadi — keyingi mahsulot |
| Tab | miqdor maydonida | narx maydoniga o'tadi (o'chirish tugmasida to'xtamaydi) |
| ↑ / ↓ | qidiruv ro'yxatida | boshqa mahsulotni belgilaydi |
| ↑ / ↓ | jadvaldagi maydonda | yuqori yoki pastki qatorning o'sha ustuniga o'tadi |
| F4 | istalgan joyda | xaridor ro'yxatini ochadi |
| F2 | istalgan joyda | umumiy chegirma maydoniga o'tadi |
| Ctrl + Enter | istalgan joyda | buyurtmani saqlaydi |
F4 va F2 kassa dasturidagi tugmalarning o'zi. Xaridorni klaviatura bilan tanlash: F4, ism yoki telefonni yozing, ro'yxat chiqqach ↑ / ↓ va Enter (xaridor ro'yxati chiqmaguncha Enter ishlamaydi — begona odam tanlanib qolmasin). Tanlangach kursor o'zi mahsulot qidiruviga o'tadi.
Masalan to'rt mahsulotli buyurtma: F4 anvar (ro'yxat chiqqach) Enter, so'ng papka Enter 15 Enter daftar Enter 24Enter ... F2 5 Ctrl + Enter — sichqonchasiz.
Miqdor va narx
- Miqdor maydonga yoziladi: dona butun son, kg, litr va metr — kasr bilan (vergul ham, nuqta ham bo'ladi:
2,5va2.5bir xil, maydonda doim2,5ko'rinadi). Dona tovarga kasr yozib Enter bossangiz qator qizil bo'lib qoladi — «Faqat butun son: 2 yoki 3»; to'g'ri sonni yozguningizcha buyurtma saqlanmaydi. Bitta qatorda ko'pi bilan 1 000 000 (dona, kg…) — undan katta son ham qatorni qizil qiladi. Server biror qatorni rad etsa, pastki panelda qaysi qator ekani aytiladi (masalan «2-qator (Sovun Dove 100 g) — …») va o'sha qator qizil bo'ladi. Blokli tovarda «+ blok» tugmasi va blok soni / qoldiq dona kataklari bor — batafsil: Buyurtmada miqdor: blok soni va qoldiq dona. - Narx tanlangan narx turidan olinadi. Ruxsati bor xodim uni jadvalda shu buyurtma uchun o'zgartira oladi — mahsulot kartochkasidagi narx o'zgarmaydi. O'zgargan narx yashil rangda turadi, ostida katalog narxi yoziladi; yonidagi aylana strelkali tugma katalog narxiga qaytaradi. Ruxsati yo'q xodimda narx faqat ko'rinadi.
- Narx turini almashtirsangiz (Chakana ↔ Ulgurji) barcha qatorlar yangi turdagi narxga o'tadi.
- Blokli tovar qatorining Jami ustunida taqsimoti ham yoziladi: masalan
2 × 40 000 + 3 × 8 000— ikkita blok blok narxida, uchta dona dona narxida.
Chegirma va jami
Pastki panelda Umumiy chegirma (F2): % yoki so'm ni tanlab qiymatni yozing. Chegirma satr narxlaridan keyin, umumiy summadan olinadi; panelda chegirma summasi va Jami darhol o'zgaradi. Noto'g'ri qiymat (100 foizdan ortiq yoki summadan katta) yozilgan zahoti maydon qizil bo'ladi va ostida sababi chiqadi. Chegirma berish huquqi bo'lmagan xodimda bu maydon chiqmaydi. Batafsil: Chegirma va narx o'zgartirish.
Nega qoldiq «Bo'sh: …» deb yozilgan?
Jadvaldagi va qidiruv ro'yxatidagi qoldiq — bo'sh qoldiq: ombordagidan tasdiqlangan buyurtmalarda band qilingani ayirilgan. Masalan «Bo'sh: 20 dona (40 tasi buyurtmada band)». Band bo'lmasa oddiy «Qoldiq: 60 dona» yoziladi. Kam qolgan tovarning qoldig'i qizil.
Jadvalda qator ixcham turishi uchun faqat bo'sh qoldiq yoziladi («Bo'sh: 4 990 dona ⓘ»). ⓘ belgisi — tafsilot bor: yozuvni bosing (planshetda barmoq bilan, klaviaturada Tab bilan borib Enter) — ostida nechtasi buyurtmada band va nechtasi kutilayotgan buyurtmalarda ekani ochiladi; yana bosilsa yopiladi. Sichqonchani ustiga olib borsangiz ham ko'rinadi. Telefonda tafsilot doim to'liq yoziladi. Qidiruv ro'yxatida va «Ro'yxatdan tanlash» oynasida esa to'liq yozuv turadi. Batafsil: Tasdiqlangan buyurtma tovarni band qiladi.